Prokuratura Tramp va uning oilasini firibgarlikda ayblamoqda

Jahon 08:31 / 22.09.2022 4909

Nyu-York shtati bosh prokurori Letitsiya Jyeyms AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp, shuningdek, uning uch farzandi kichik Donald Tramp, Erik va Ivanka Trampga qarshi 220 sahifalik da’vo kiritdi, bundan tashqari, ariza Tramp kompaniyasiga ham tegishli. Bu haqda 21 sentabr, chorshanba kuni kechqurun ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 76 yoshli siyosatchi, uning qarindoshlari va biznes tashkiloti ko‘p yillik moliyaviy firibgarlikda, shu jumladan kompaniya kapitallashuvi to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etishda ayblanmoqda, bu esa ehtiyojga qarab imtiyozli shartlarda kredit olish yoki kamroq soliq to‘lashga yordam bergan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, bunday kreditlar Tramp tashkiloti va Germaniyaning yirik Deutsche Bank moliya instituti tomonidan berilgan. Shuningdek, prokuratura Tramp oilasidan 250 million dollar tovon to‘lashni talab qilmoqda.

Nyu-York shtati bosh prokuroriga ko‘ra, Donald Tramp va boshqa ayblanuvchilar o‘n yil ichida 200 dan ortiq marta o‘z aktivlarini yolg‘on baholagan. Trampning korporativ imperiyasiga oid tergov uch yil davom etdi, uning davomida 65 guvoh so‘roq qilindi va «millionlab hujjatlar» tekshirildi.

«Donald Tramp o‘zini nohaq boyitish va tizimni, demak, barchamizni aldash uchun o‘z boyligini milliardlab dollarga ko‘paytirib yubordi», dedi Letitsiya Jyeyms.

«Barchamizga ma’lumki, bugungi ayblov dalillarga yoki qonunlarga hech qanday aloqasi yo‘q», deyiladi The Trump Organization bayonotida, The New York Times undan iqtibos keltirgan. Ayblanuvchi tomonning so‘zlariga ko‘ra, «gap siyosat haqida ketmoqda».

Tramp nuqtayi nazaridan u siyosiy ta’qib va «jodugarlar ovi» qurboni. Sobiq prezidentning ta’kidlashicha, uni ayblayotgan prokuror - raqib Demokratik partiya a’zosi.

Avgust oyida Federal qidiruv byurosi (FQB) Donald Trampning Floridadagi uyida tintuv o‘tkazdi. Agentlar Tramp Oq uydan olgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan maxfiy hujjatlarni qidirgan, keyinroq The Washington Post gazetasi tintuv natijasida xorijiy davlatlardan birining mudofaa strategiyasi va yadroviy salohiyatini tavsiflovchi hujjat aniqlangani haqida xabar berdi.

Bundan tashqari, iyul oyida AQSh Kongressining Kapitoliyga hujumni tekshirayotgan komissiyasi sobiq prezidentga qarshi ayblovlar qo‘yilgan eshituvlarni o‘tkazdi, biroq bu Trampni sudga tortish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: