22 sentabr – Avtomobilsiz kun. Dunyoda mashinalarsiz shahar bormi?

Jahon 17:22 / 22.09.2022 12361

“Xalqaro avtomobilsiz kun”ning paydo bo‘lishi 50-yillarga borib taqaladi

1885 yilda Karl Benz eng yuqori tezligi soatiga atigi 10 milya bo‘lgan birinchi benzinli motorli avtomobilni ixtiro qildi. Shundan boshlab, bu kabi transportlar odamlar uchun ommalashib, eng qulay va vaqtni tejaydigan vositaga aylandi.

Karl Benz, birinchi motorli avtomobil

Ammo ko‘pgina yirik shaharlarda avtomobillarning foydasi bilan birga, zarari ham sezila boshlangan. Ulardan chiqadigan shovqin va zaharli gaz atrof-muhitga salbiy tasir qilish bilan birga, insonlar orasida o‘lim sonini oshirgan. Ya’ni avtomobildan uzluksiz ravishda foydalanish oqibatida fuqarolar yurak va semizlik kasalliklariga chalinib, vafot etgan.

Shundan keyin 1950-yillarga kelib, “car culture” (Avtomobildan foydalanish madaniyati) muhokama markazlariga olib chiqila boshlandi. Boisi, insonlarga avtomobildan qanday foydalanish, ba’zi vaqtlarda piyoda yurib turish kerakligini o‘rgatish lozim edi. Shu maqsadda 1956-1957-yillarda Niderlandiya va Belgiyada avtomobillarsiz yakshanbalar o‘tkazila boshlangan.

Yillar davomida xalqaro konferensiyalar, maydonlarda avtomobilga qaramlik haqidagi maqolalar yozilib, nutqlar hamda turli loyihalar qilingach, nihoyat 1995 yilga kelib World Car Free Days konsorsiumi tashabbusi bilan bu sana dunyoning yuzlab shaharlarida o‘tkazila boshlandi.

2021 yildan boshlab tegishli qaror bilan O‘zbekistonda ham bu sana “Avtomobilsiz kun” etib belgilangan.

“Avtomobilsiz kun” qanchalik ahamiyatli?

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1986 yilda dunyoda 500 million avtomobil bo‘lgan, hozirgi kunga kelib esa uning soni 1 mlrd 200 milliondan ortiqni tashkil etadi. O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli jami avtotransportlar 3 mlndan oshgan, har ming kishiga 90 ta avtomobil to‘g‘ri kelishi hisoblandi.

Raqamlar yillar davomida keskin oshib bormoqda. Shunga muvofiq, yo‘llardagi xavfsizlik masalasi, uzluksiz transport haydash oqibatida paydo bo‘ladigan kasalliklar hamda havoning ifloslanib ketayotgani dolzarblashmoqda. Yilda bir marotaba mana shunday chellenjlar esa oz bo‘lsa-da, ogohlikni oshiradi.

Kunni qanday o‘tkazish kerak?

Avtomobilsiz kun deganda, aksariyat odamlar ko‘chalar yoki mahallalarda avtomashinasiz harakatlanishni tushunishadi va bu kifoya deb o‘ylashadi. Yo‘q, bu yetarli emas.

Transport vositasini tashlab chiqqandan so‘ng atrofdagilar, yaqin qarindoshlarga shu kun haqidagi xabarlarni tarqatish, ularni ham bundan boxabar qilish tavsiya etiladi.

Keyin esa “Xalqaro avtomobilsiz kun”ni piyoda, velosiped yoki ayni vaqtda ommabop bo‘lgan elektroskuterlarda o‘tkazish mumkin.

Avtomobilsiz mamlakat bormi?

HuffPost nashri avtomobillar tirbandligi, benzinga pul sarflashdan charchagan turistlarga avtomashina harakatlanmaydigan bir qancha joylar ro‘yxatini taqdim etgan.

Birinchisi – AQShning Michigan shtatida joylashgan Makkinak orolidir. 1898 yilda bu orolga motorli transport vositalarining kirishi taqiqlangan. Odamlarni tashish uchun faqat velosiped va ot aravalaridan foydalaniladi.

AQSh, Michigan shtati, Makkinak oroli

Ikkinchisi – Fransiyaning Normandiya sohillari yaqinida joylashgan Sark oroli. Orol kichik bo‘lishi mumkin, lekin u piyoda yoki velosipedda sayr qilish uchun ajoyib maskan. Ma’lumotlarga ko‘ra, orolda faqat traktor va ot aravalarning harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Buyuk Britaniya, Sark oroli

Uchinchisi – Italiyaning Venetsiya shahri hisoblanadi. Avtomobilsiz zamonaviy shahar sifatida Venetsiya yaqqol misol bo‘la oladi. Shahar paydo bo‘lganiga 1 ming 500 yildan oshgan bo‘lsa-da, odamlar u yerda avtomobillardan foydalanishmaydi, shaharning ko‘chalari aylanma bo‘lgani uchun bunga sharoit ham yo‘q.

Venetsiyaliklar va turistlar asosan “Vaporetto” nomi bilan ataladigan suv transporti vositasi orqali shahar va uning atrofini aylanishlari mumkin.

Italiya, Venetsiya

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: