Rossiyada safarbarlik vaqtidagi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi

Jahon 19:59 / 21.09.2022 9480

Federatsiya kengashi safarbarlik vaqtida va urush sharoitida harbiy xizmatga qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish, shuningdek, ixtiyoriy asirga tushish va talonchilik uchun jinoiy jazo joriy etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. 

Bu qonun qabul qilinishiga faqat bir senator, Sankt-Peterburgning sobiq meri Anatoliy Sobchakning bevasi, jurnalist Kseniya Sobchakning onasi hisoblangan Lyudmila Narusova qarshi chiqqan.

Qonun, shu jumladan, o‘zi xizmat qilayotgan qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish, buyruqqa rioya etmaslik va safarbarlik davridagi dezertirlik uchun ham jazoni qat’iylashtiradi.

Harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortganlik uchun qonunga ko‘ra uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish nazarda tutilgan, agar bunday bosh tortish «og‘ir oqibatlar»ga olib keladigan bo‘lsa — muddat 10 yilgacha bo‘ladi. Buyruqni bajarmaganlik uchun ham shunday muddat nazarda tutiilgan.

Qonun 20 sentabr kuni, Rossiyada safarbarlik e’lon qilinishi arafasida shoshilinch tarzda qabul qilindi. Federatsiya kengashi ma’qullagach, u Vladimir Putinga imzolash uchun yuboriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: