Rossiyada safarbarlik. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 19:33 / 21.09.2022 69289

RF prezidenti Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Rossiyaliklarga murojaatida Putin 21 sentabrdan boshlab «faqat zaxiradagilar», birinchi navbatda, harbiy xizmat o‘tagan, harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega bo‘lgan fuqarolar safarbar etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, safarbarlik bo‘yicha chaqirilgan rossiyaliklar shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga taalluqli bo‘lgan «maqom, to‘lovlar va barcha ijtimoiy kafolatlar»ni oladi.

Putin qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonini imzolagan. Hujjatda chaqiruv faqat zaxiradagi harbiy xizmatchilarga taalluqli bo‘lishi ko‘rsatilmagan. Farmonda harbiy xizmatdan bo‘shash uchun asoslar sanab o‘tilgan: bu ma’lum yoshdan o‘tgan bo‘lish, sog‘liqdagi muammo va sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum bo‘lganlik. Shuningdek, hujjatda harbiy sanoat majmuasi xodimlari uchun muddatli harbiy xizmat o‘tash kechiktirilishi mumkinligi aytilgan. Farmonda bitta yopiq band bor — № 7. Kreml saytida e’lon qilingan hujjat matnida bu band oshkor etilmagan, huquqiy ma’lumotlar portalida taqdim etilgan versiyada esa «ma’muriy foydalanishi uchun» deb belgilangan. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov bu band haqida ma’lumot bera olmasligini aytib, bu chaqiriluvchilar soni bo‘yicha ekanini qo‘shimcha qila olishini ta’kidladi.

«Agora» asoschisi Pavel Chikov farmonni tahlil qilgan holda, dastlab armiyada xizmat qilganlar va zaxirada qolish uchun shartnoma tuzganlar, keyin esa zaxirada bo‘lgan barcha erkaklar chaqirilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF mudofaa vazirligi Rossiyaning har bir hududi uchun safarbarlik kvotalarini shakllantirishi kerak va gubernatorlar buning ijrosi uchun mas’ul bo‘ladi.

RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu qisman safarbarlik «zaxiradagi 300 ming kishini qamrab olishi»ni aytdi. «Rossiya-24» telekanaliga bergan intervyusida Shoygu Rossiyaning «ulkan safarbarlik resursi» mavjudligi — bu qariyb 25 million kishini tashkil etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qisman safarbarlik jami resurslarning  1,1 foiziga taalluqli bo‘ladi. Uning qayd etishicha, talabalar va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlar safarbarlikka tortilmaydi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qisman safarbarlik birinchi navbatda front chizig‘i yaqinidagi hududlarni nazorat qilish uchun tashkillashtirilmoqda. 

Davlat dumasining mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, general-leytenant Andrey Gurulev «Interfaks»ga aytishicha, qisman safarbarlik 50 yoshgacha bo‘lgan zaxiradagilarni qamrab olishi mumkin.

Aleksey Navalniy jamoasining yuridik bo‘limi rahbari Vyacheslav Gimadi Vladimir Putinning farmoni bilan qisman emas, to‘liq safarbarlik e’lon qilinganini aytadi. «Ular barchani chaqirish huquqiga ega, faqat sog‘ligi va yoshi bo‘yicha mutlaqo yaroqsiz bo‘lganlar (askarlar uchun yosh chegarasi 50, kichik zobitlar uchun 60) bundan mustasno. Mudofaa vazirligi xohlaganidek», — degan Gimadi.

Davlat dumasining mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolovning ma’lum qilishicha, birinchi navbatda quyidagilar safarbar qilinishi mumkin:

  • 35 yoshgacha bo‘lgan askarlar, matroslar, serjantlar, starshinalar, praporshchiklar;
  • 50 yoshgacha bo‘lgan ofitserlar;
  • 55 yoshgacha bo‘lgan mayorlar, podpolkovniklar, 3-darajali kapitanlar va 2-darajali kapitanlar;
  • 60 yoshgacha bo‘lgan polkovniklar, 1-darajali kapitanlar;
  • 65 yoshgacha bo‘lgan yuqori lavozimli ofitserlar.

«Interfaks»ning yozishicha, Kartapolov RF mudofaa vazirligi birinchi bo‘lib uchuvchisiz uchish apparatlari operatorlari, razvedkachilar va aloqachilarni chaqirishini taxmin qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar mutaxassisligiga zarurat tug‘ilsa, harbiy kafedra bitiruvchilari ham chaqirilishi mumkin.

Safarbar qilinganlar, katta ehtimol bilan hozirgi ish joyidan bo‘shaydi. Bu mudofaa vazirligining ish beruvchilar armiyaga safarbarlik bo‘yicha chaqirilgan xodimlar bilan shartnomani bekor qilishi zarurati haqidagi savolga javobidan kelib chiqadi.

«Ha, barchasi to‘g‘ri. Voyenkomatdan povestka mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘ladi. Prezident farmonining 2-bandiga binoan, fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilganidan keyin RF qurolli kuchlarining shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilariga aylanadi», deya vazirlik izohini keltiradi «Exa Moskva»ning sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov

Rossiya prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash mas’ul kotibi Aleksandr Tochenovning aytishicha, qonunga ko‘ra, xizmatga yaroqli bo‘lmaganlarni chaqirish rejalashtirilmayapti. Kengashning yana bir a’zosi Kirill Kabanov qisman safarbarlik hisobda turganlik haqidagi guvohnomasi bor fuqarolarni ham qamrab olmaydi — ular faqat to‘liq safarbarlik e’lon qilinganida chaqirilishi mumkin.

Chaqiruv qog‘ozi olganidan keyin zaxiradagilarga Rossiyadan chiqish yo‘li yopilishi mumkin. Andrey Kartapolov esa Vladimir Putinning farmoni zaxiradagilarning Rossiyadan chiqish huquqini to‘g‘ridan to‘g‘ri cheklamasligini aytadi. Kirill Kabanov RIA Novostiga bergan intervyusida aytishicha, bunday cheklov qisman safarbarlik doirasida povestka olganidan boshlab kuchga kirishi mumkin.

Harbiy hisobda turuvchi shaxslar uchun bunday cheklovlar «Rossiya Federatsiyasida safarbarlik va safarbarlikka tayyorgarlik to‘g‘risida»gi federal qonunning 21-moddasida nazarda tutilgan, unga ko‘ra, safarbarlik e’lon qilinganda, harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lgan fuqarolar safarbarlik to‘g‘risidagi xabarnomalarda ko‘rsatilgan muddat ichida harbiy yig‘ilish punktlariga kelishi va harbiy komissariatlar ruxsatisiz yashash joyini tark etmasligi shart. Lekin moddada qisman safarbarlik eslab o‘tilmagan.

Dumaning mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov qisman safarbarlik doirasidagi odamlarga «Turkiyadagi kurortlarga yo‘l olish»ni maslahat bermasligini aytgan. «Qrim va Krasnodar o‘lkalaridagi kurortlarda dam oling», — degan u. Kartapolovning so‘zlariga ko‘ra, chaqiruv qog‘ozi olgunicha odamlar mamlakat hududi bo‘ylab harakatlanishi mumkin, «ammo yaxshisi bunday qilmagan ma’qul».

Qisman safarbarlik e’lon qilingach, Rossiya aholisi norozilik namoyishlariga chiqa boshladi. «Vesna» harakati «mogilizatsiya»ga qarshi butun Rossiya bo‘ylab norozilik aksiyasi o‘tkazishga chaqirdi. Faollar Rossiya aholisidan 21 sentabr kuni soat 19 da (Toshkent vaqti bilan 21:00) o‘z shaharlari markazlariga yig‘ilishni so‘radi. Aleksey Navalniyning jamoasi ham rossiyaliklarni namoyish boshlashga chaqirgan va bunda o‘z yordamlarini taklif etgan. «Agar siz katta ishlar bilan shug‘ullanishga, jumladan voyenkomatlarga o‘t qo‘yishga tayyor bo‘lsangiz, biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz va qandaydir yordam berishga ham tayyormiz», — degan Navalniyning safdoshi Ivan Jdanov.

Rossiya fond bozorida qulash davom etmoqda - bu jarayon bir kun oldin, Rossiya Ukrainadagi bosib olingan hududlarni referendumlar orqali tarkibiga qo‘shib olishi hamda Jinoyat kodeksiga harbiy holat davridagi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilishi haqidagi xabarlar ortidan boshlangandi. Savdolar ochilgach Moskva birjasi indeksi 2000 punktga maksimal darajada yaqinlashdi, ammo keyin pasayish sekinlashdi — soat 10:20 holatiga indeks 4,7 foizga, 2111 punktga qadar pasaydi. Rs indeksi 6,25 foizga, 1082 punktga qadar pasaydi. 20 sentabr kuni Rossiya bozori 8,84 foizga qulagandi, bu bozor 33 foizga qulagan 24 fevral kunidan buyon eng jiddiy pasayish bo‘lgandi.

Rossiyadagi safarbarlik masalasi bo‘yicha izoh bergan Ukraina rasmiylaridan biri, prezident ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak «hayotda ajoyib yumor tuyg‘usi borligi» haqida aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «uch kunlik urush»ning 210-kunida rossiyaliklar safarbarlik, chegaralar yopilishi, dezertirlik uchun ozodlikdan mahrum bo‘lish, shuningdek mahbuslardan iborat maxsus otryadlarga ega bo‘lishmoqda. «Barchasi reja bo‘yicha ketmoqda, to‘g‘ri emasmi? Hayotda ajoyib hazil tuyg‘usi bor», — degan Podolyak.

Safarbarlik e’lon qilinishi tufayli Rossiya aholisi boshqa mamlakatlarga ketish uchun chiptalar sotib ola boshlashdi. Xususan, «Verstka»ning e’tibor qaratishicha, Putinning murojaati arafasida 21 sentabr kuni Istanbulga uchadigan barcha reyslar uchun barcha chiptalar sotib bo‘lingan, Yerevan bilan ham shunday holat kuzatilgan. «The Village Belarus»ning yozishicha, Prezidentning murojaatidan keyin rossiyaliklar faollik bilan Moskvadan Minskka chipta sotib olishga kirishdi. Bu vaqtda Latviya TIV rahbari Edgar Rinkevich xavfsizlik nuqtayi nazaridan Latviya RFning safarbarlikdan bo‘yin tovlagan fuqarolari uchun gumanitar va boshqa turdagi vizalar bermasligini ma’lum qildi.

Federatsiya kengashi safarbarlik vaqtida va urush sharoitida harbiy xizmatga qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish, shuningdek, ixtiyoriy taslim bo‘lish va talonchilik uchun jinoiy jazo joriy etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. 

Bu qonun qabul qilinishiga faqat bir senator, Sankt-Peterburgning sobiq meri Anatoliy Sobchakning bevasi, jurnalist Kseniya Sobchakning onasi hisoblangan Lyudmila Narusova qarshi chiqqan.

Qonun, shu jumladan, o‘zi xizmat qilayotgan qismni o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish, buyruqqa rioya etmaslik va safarbarlik davridagi dezertirlik uchun ham jazoni qat’iylashtiradi.

Harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortganlik uchun qonunga ko‘ra uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish nazarda tutilgan, agar bunday bosh tortish «og‘ir oqibatlar»ga olib keladigan bo‘lsa — muddat 10 yilgacha bo‘ladi. Buyruqni bajarmaganlik uchun ham shunday muddat nazarda tutiilgan.

Qonun 20 sentabr kuni, Rossiyada safarbarlik e’lon qilinishi arafasida shoshilinch tarzda qabul qilindi. Federatsiya kengashi ma’qullagach, u Vladimir Putinga imzolash uchun yuboriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: