“Qiynoqqa solish jinoyatining bittasi ham jiddiy xavotirga asos bo‘la oladi” – ekspert

O‘zbekiston 15:38 / 21.09.2022 4550

– Gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoxud sudlanuvchi tariqasida ushlangan, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan shaxslar qiynoqqa solinishi bilan bog‘liq holatlar haligacha davom etayotgani o‘zbek jamoatchiligini xavotirga solib kelayotgan masalalardan biridir. So‘nggi ikki-uch yilda ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlab kelinib, IIB binosidan o‘ligi chiqqan yurtdoshlarimizning taqdiri kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi. Sizningcha, bu xavotirlarda asos bormi? Taklif etilayotgan choralar muammoga yechim bo‘la oladimi?

– O‘zbekistonda shaxs erkinligi va daxlsizligi ustuvorligi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida davlat siyosati darajasida e’tirof etilayotgan bo‘lsa-da, inson sha’ni va qadr-qimmatini poymol qilishning eng og‘ir ko‘rinishlaridan biri – qiynoqqa solish faktlarining hali-hanuz jamiyatimizda mavjudligi mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmas holdir.

Qiynoqqa solish faktlari asosan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida kuzatiladi va aytish kerakki, bu holatlarga yo‘l qo‘yishni mazkur organlar xodimlarining o‘z vazifasiga, burchiga xiyonat deb baholash mumkin. Zero ularning asosiy funksiyasi – fuqarolarni himoya qilish, ularning huquqlarini muhofaza qilish bo‘laturib, ular qiynoqqa solish kabi taqiqlangan usullardan foydalanib, nafaqat davlat organlari obro‘yiga putur yetkazadilar, balki fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchi butkul yo‘qolishiga sabab bo‘ladilar.

Mazkur jinoyat oddiy odamlar tomonidan emas, aynan davlat tomonidan vakolat berilgan mansabdor shaxslar tomonidan, odatda tergov organlari xodimlari tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha ushlangan shaxslar, gumonlanuvchilar, ayblanuvchilarga nisbatan yoki ayrim hollarda hatto ularning qarindoshlariga nisbatan ham sodir etiladi.

Surayyo Rahmonova. Foto: Kun.uz

Qiynoqqa solishko‘chadagi oddiy urish yoki do‘pposlash emas, bu mutasaddi shaxslar tomonidan aniq maqsadda, ya’ni shaxsni biron aybni bo‘yniga olishi uchun majburlash maqsadida yoki boshqa bir shaxsga qarshi ko‘rsatma berishga undash maqsadida unga jismoniy, ruhiy yoki boshqa tarzdagi bosim o‘tkazish hisoblanadi.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda qiynoqqa solish jinoyati holatlarining o‘sishi dinamikasi katta bo‘lmasa-da, lekin qiynoqlarning hatto sanoqli faktlariga ham yo‘l qo‘yilishi mumkin emas va ular jamoatchilikning jiddiy xavotiriga asos bo‘ladi. Jumladan, 2017 yilda – 7 ta, 2018 yilda – 10 ta, 2019 yilda – 16 ta, 2020 yilda – 6 ta va 2021 yilda 15 ta qiynoqqa solish jinoyati qayd qilingan va aybdor shaxslar tegishli ravishda javobgarlikka tortilgan.

Albatta bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 26.06.2021 yildagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini ta’kidlash joiz. Aynan ana shu hujjat doirasida hozirda qiynoqqa solishning barvaqt oldini olish, u bilan bog‘liq murojaatlarni tezkor ravishda xolisona ko‘rib chiqish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizmlarni yaratish ishlari olib borilmoqda.

– Keling, bo‘layotgan o‘zgarishlarni aniq misollar orqali ko‘rib chiqsak. Kuzatishlar jazoni ijro etish tizimida qiynoqlar avvalgi yillarga nisbatan keskin kamayganini ko‘rsatmoqda. Biroq jinoyat-qidiruv va tergov tizimi haqida hali to‘la bunday deb bo‘lmaydi. So‘nggi rezonansli voqealar ham aynan ushbu tuzilmalar xodimlarining vakolatlari doirasidan chetga chiqishi oqibatida yuzaga kelganidan xabardorsiz, albatta. Ushbu jinoyat-qidiruv va tergov organlarida qiynoqlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish uchun nimalar qilindi?

– Masalan, so‘nggi yillar davomida vaqtincha saqlash izolyatorlarida, tergov izolyatorlarida va jazoni ijro etish muassasalarida 3000 dan ortiq audio va videoyozuv moslamalari o‘rnatildi, JIEMlarda advokatlar uchun 70 dan ortiq moslashtirilgan kabinet tashkil etildi.

Lekin shu bilan birga, qiynoqlarning oldini olish milliy tizimi hali-hanuz takomillashtirilishga muhtoj, zero bu tizim hali to‘liq ravishda xalqaro huquq standartlariga mos, deya olmaymiz. Bu esa afsuski, o‘z o‘rnida, xalqaro reyting va ko‘rsatkichlarda davlatimiz pozitsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Xususan, bugungi kunda jinoyat ishi bo‘yicha ushlangan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish jiddiy zarurat bo‘lmoqda, chunki jinoyat ishini yuritish davrida, ayniqsa shaxsni ushlash jarayonida ushlanganlarni belgilangan muddatdan ortiqroq ushlash holatlari, bayonnomada ushlash vaqti sifatida ancha kech vaqtni ko‘rsatish hollari va noqonuniy ushlab turish faktlari uchrab turibdi.

– Hozirda qonunchilikda va sud-tergov amaliyotida qiynoqqa solish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikning qanday mexanizmlari amal qiladi?

– Aytish kerakki, so‘nggi bir necha yillarda amaldagi qonunchilikka sud-tergov amaliyotida qiynoqqa solishning oldini olishga oid jiddiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Masalan, Jinoyat protsessual kodeksida “Haqiqatni aniqlash” prinsipiga oid norma matniga “Dalillarni to‘plash va mustahkamlashda ruxsat berilmagan usullar qo‘llangani to‘g‘risidagi murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza o‘tkazilgan holda majburiy tekshirilishi lozim” degan mazmundagi qat’iy talab kiritildi.

Surayyo Rahmonova. Foto: Kun.uz

Shuningdek, mazkur qonunchilikka dalillar nomaqbulligiga oid yangi alohida modda kiritilib, unda ko‘rsatilishicha “jinoyat protsessi ishtirokchilariga yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llagan holda” olingan dalillar nomaqbul hisoblanib, ulardan jinoyat ishi bo‘yicha foydalanish taqiqlanadi. Kiritilgan aynan ana shu yangi normalar natijasida Jinoyat-protsessual kodeksida bugungi kunda davlatimiz sud-tergov amaliyotida qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish yuzasidan aniq va tizimli mexanizm amal qilmoqda. 

– Qiynoqqa yo‘l qo‘yish mumkin emasligi qoidasini Konstitutsiyada aynan shunday tahrirda bayon qilishning zarurati nimada?

– Ta’kidlash zarurki, Konstitutsiyamizning 26-moddasi ikkinchi qismida qiynoqqa solish taqiqlanishi mustahkamlangan. Lekin shu bilan birga, olib borilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar mazkur konstitutsiyaviy kafolatni yanada aniqlashtirish va uning amal qilish doirasini yanada kengaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiyaning 26-modda ikkinchi qismini “Hech bir inson qiynoqlarga yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoki jazoga duchor etilmasligi kerak” degan tahrirda ifodalash maqsadga muvofiq. Nima uchun aynan ana shu mazmunda?

Birinchidan, taklif etilayotgan matn Qiynoqqa qarshi Konvensiyada ko‘rsatilgan kafolatni to‘liq aks ettiradi. O‘zbekiston mazkur xalqaro hujjatni 1994 yilda ratifikatsiya qilgan va uning talablarini bajarishi shart.

Ikkinchidan, gap shundaki, Konstitutsiyamizning mazkur amaldagi normasida qiynoq tushunchasi qo‘llangan jinoiy jazoni qamrab olmaydi. Ya’ni qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini samarali ta’minlash uchun qo‘llangan adolatsiz jazo ham qiynoq ekanini konstitutsiyaviy darajada e’tirof etish zarur.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: