“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari Qashqadaryo viloyati hududida gaz qazib chiqarish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar holatini o‘rgandi

O‘zbekiston 19:42 / 21.09.2022 5903

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida tabiiy gaz qazib chiqarish quduqlarini burg‘ilash hamda texnologik obektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, ularning samaradorligi hamda tabiiy gazni qayta ishlash qurilmalarini modernizatsiya loyihalari ijrosi holati bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi.

Dastlab, Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Sho‘rtan Bosh inshootida bo‘lib, Amin yordamida gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasi 2-navbatida modernizatsiya loyihasi doirasida ishga tushirilgan yangi “Ebara 200x150SPD” nasoslarning ish faoliyati bilan tanishdi. 

Suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha qurilmalarda rejalashtirilgan ishlar taqdimoti ko‘rib chiqilib, qurilmalarning barqaror ishlashi va gaz sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar hisoboti eshitildi. 

Foto: O‘zbekneftgaz

Gazni oltingugurtdan tozalash qurilmalarining modernizatsiya loyihalari bo‘yicha zarur quvur armaturalari va qismlarini yetkazib berib qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. 

Shundan so‘ng, Sho‘rtan Bosh inshootidan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va “Uzbekistan GTL” zavodlarini uzluksiz xomashyo gazi bilan ta’minlash loyihasi bo‘yicha yangi qurilayotgan 33 km gaz quvurini ishga tushirish yakuniy qurilish ishlari ham joyidan o‘rganilib, gaz quvurini joriy yil 1 oktabr kunigacha ishga tushirish bo‘yicha tegishli departament boshliqlari va boshqarma rahbariyatiga ko‘rsatmalar berildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan geologo-texnik tadbirlar ijrosi holati “Ishchi guruh”ning boshqarmaga qarashli “Sho‘rtan” kondagi 393-sonli ishlatish qudug‘i hamda uglevodorodlar zaxiralarini o‘stirish dasturi doirasida Sho‘rtan konining terrigen-yura yotqiziqlari istiqbolligini o‘rganish maqsadida 1-sonli qudug‘ida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari bilan tanishildi. 

O‘rganish davomida tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida qo‘shimcha ishlatish quduqlarini burg‘ilash, quduqlarda intensifikatsiya ishlarini olib borishni ko‘paytirish bo‘yicha departament boshliqlari va boshqarma rahbariyatiga topshiriqlar berildi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida joriy 2022 yilning o‘tgan 8 oyi davomida 5 994,5 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, reja bajarilishi 100,6 foizni tashkil qilib, suyuq uglevodorodlar qazib chiqarish 216,4 ming tonna, reja 104,4 foiz bajarildi. 

120,1 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, bu rejaning 104,3 foizini yoki 5 ming tonna ko‘p mahsulot ishlab chiqarilganini ko‘rsatadi. Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun 14 ta quduq burg‘ilashdan ishga tushirildi, 83 ta quduqda mukammal ta’mirlash va intensifikatsiya ishlari amalga oshirildi hamda 6 ta texnologik obektlar ishga tushirildi. 

Foto: O‘zbekneftgaz

Natijada 190,2 mln kub m tabiiy gaz, 3,5 ming tn suyuq uglevodorodlar qazib chiqarishga erishildi. O‘rganish davomida burg‘ilash maydonlari va quduqlarni ta’mirlash ishlarida smena asosida ishlayotgan ishchilarning yashash sharoitlari ham ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: