Navoiyda noqonuniy oltin qazuvchilar Senat vakillarini ko‘rib, buyumlarini tashlab qochib ketdi 

O‘zbekiston 13:22 / 21.09.2022 8345

Senat Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov va senator Tolib Madumarov Navoiy viloyatida o‘rganishlar olib bormoqda.

O‘rganishlar ilk kunida senatorlar boshchiligidagi ishchi guruh “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishga oid qismini o‘rgandi.

Ishchi guruhi mazkur sohada mas’ul bo‘lgan soha rahbarlari, mutaxassislar, ekspertlar bilan gaplashib, mavjud muammo va uning oldini olish yo‘llarini muhokama qildi.

Shundan so‘ng, ishchi guruh Navbahor tumanidagi Beransoy dalasida bo‘lib, u yerda noqonuniy oltin qazib olish bilan bog‘liq holatlarni o‘rgandi.

Qayd etilishicha, ushbu hududda noqonuniy oltin qazuvchilar tomonidan bir nechta o‘ralarda qazish ishlari olib borilgan, lekin ishchi guruh masalani joyida o‘rganganda qonunbuzarlar barcha tegishli buyumlarini tashlab qochib ketgani aniqlandi.

Kelgusida bunday holatlar oldini olish, nazoratni keskin kuchaytirish maqsadida viloyat mutasaddi tashkilotlariga topshiriqlar berildi.

Senatorlar boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tarkibida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Navoiy ixtisoslashtirilgan prokuraturasi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Kon-geologiya nazorat qilish inspeksiyasi mas’ullari ish olib bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: