«Men buni boshqa darajada hal qilaman» - Peskovning o‘g‘li harbiy komissariatga borishdan bosh tortdi

Jahon 23:09 / 21.09.2022 52560

«Meduza» nashrining yozishicha, Peskovning o‘g‘li bilan suhbat «Populyarnaya politika» yutub-kanalining jonli efirida bo‘lib o‘tgan. Kanal boshlovchisi Dmitriy Nizovsev rossiyalik deputatlar, amaldorlar va biznesmenlarning farzandlariga qo‘ng‘iroq qilib, ulardan harbiy komissariatga («voyenkomat») kelishlarini so‘ragan. Nizovsev ularning telefon raqamlarini qayerdan olganiga aniqlik kiritilmagan.

Boshlovchi Peskovning o‘g‘liga harbiy komissar sifatida qo‘ng‘iroq qilgan. U Nikolayga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun ertalab soat 10 da Moskva harbiy komissariatiga kelishi kerakligini aytgan.

«Ertaga 10 da tabiiyki bormayman. Agar mening janob Peskov ekanligimni bilsangiz, u yerga borishim qanchalik noto‘g‘ri bo‘lishini tushunishingiz kerak. Xullas, bu ishni boshqa darajada hal qilaman», — deb javob qaytargan Nizovsevning suhbatdoshi.

Gap qanday «daraja» to‘g‘risida borayotgani haqidagi savolga u «nimalar bo‘layotgani va qanday huquqlari borligini tushunib olishi» hamda «borishdan oldin maslahatlashishi kerakligi»ni aytgan.

Boshlovchi Peskovning o‘g‘lidan harbiy komissariatga kelishga tayyorligi haqida yana bir bor so‘raganida, u: «Ertaga 10 da meni olib ketishingizning sizga ham, menga ham keragi yo‘q. Agar vatanni himoya qilishim kerak bo‘lsa, bu men uchun hech qanday muammo emas. U yerga borishim maqsadga qanchalik muvofiqligini bilishim kerak. Sizga ma’lum bir siyosiy nyuanslar haqida gapiryapman», deb javob bergan.

U qanday «siyosiy nyuanslar» haqida gapirayotganiga aniqlik kiritishni rad etgan.

«Vatanni himoya qilishga to‘g‘ri kelsa, xavotir olmang, sizlar bilan birga bo‘laman. Ertaga borishim yoki bormasligim – bu ikkinchi masala», — deya qo‘shimcha qilgan Peskovning o‘g‘li.

U kim bilan gaplashgani va qayerga borishi kerakligi to‘g‘risidagi ma’lumotni xabar tarzida yuborishlarini so‘ragan hamda qo‘ng‘iroq qilgan shaxs bilan «bog‘lanishlari»ni aytgan.

Nizovsev suhbat oxirida anketaga Peskovning o‘g‘li frontga ko‘ngilli sifatida borishga tayyor deb yozish mumkinligini so‘ragan. 

«Yo‘q, unday deb yozmang. Borishga tayyorman, lekin sizning iltimosingiz bilan emas, menga nima deyishsa, shuni qilaman», — deb javob qaytargan Rossiya prezidenti matbuot kotibining o‘g‘li. Boshlovchi bu «Vladimir Vladimirovichning buyrug‘i» ekanligini aytganida, Peskovning o‘g‘li: «Agar Vladimir Vladimirovich u yerga borishim kerakligini aytsa, boraman», degan.

«Harbiy komissar» prezident har bir safdorga borish kerakligini aytolmaydi deb e’tiroz bildirganida, suhbatdoshi: «Men safdormasman... Bu suhbatdan foyda yo‘q», deb javob qaytargan.

Dmitriy Peskov Navalniyning safdoshlari o‘g‘li bilan gaplashganini tasdiqlagan. U «Pod’yem» nashriga bergan intervyusida o‘g‘lining harbiy komissariatga borishdan bo‘yin tovlaganini rad etgan va Nikolay Choulzning jurnalistlar bilan suhbatidan ayrim qismlar kesib tashlanganini aytgan. 

«Avval butun suhbatni joylashtirishsin. Uning yagona to‘g‘ri tanloviga shubham yo‘q. Unda ham», — degan Dmitriy Peskov.

Ko‘proq yangiliklar: