Germaniyada Alisher Usmonovning villalarida tintuvlar o‘tkazildi

Jahon 14:49 / 21.09.2022 6625

Germaniyada Yevropa ittifoqi qora ro‘yxatiga kiritilgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga nisbatan keng ko‘lamli tinuvlar o‘tkazildi. 21 sentabr, chorshanba kuni o‘tkazilgan operatsiyada Federal jinoyat politsiyasi idorasi (BKA) va Myunxen prokuraturasining 250 ga yaqin xodimi ishtirok etdi. Gumonlanuvchilar Rossiya fuqarosi va yana to‘rt kishi, gap tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunni buzganlik bo‘yicha dastlabki gumon haqida ketmoqda, dedi Myunxen tergovchilari matbuot anjumanida. 

BKA rahbari Holger Myunx DW muxbirining savoliga javob berar ekan, tintuv sanksiyalar rejimini buzish gumonlari bilan bog‘liq holda olib borilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Usmonovning mol-mulki Yevropa sanksiyalariga ko‘ra taqiqlangan daromad olish uchun ishlatilgan. Bundan tashqari, milliarderning yaxtasi dalillarni hujjatlashtirish va uning kimga tegishli ekanligini hamda haqiqiy benefitsiar kimligini aniqlash maqsadida xatlovga olingan, dedi Myunx. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu chora-tadbirlarning barchasi jazo choralari qo‘llanilgan shaxslarning mol-mulkini xatlovga olishga hissa qo‘shish uchun mo‘ljallangan. 

O‘z navbatida, Myunxen tergovchilari Bavariya, Baden-Vyurtemberg, Shlezvig-Golshteyn va Hamburgdagi 24 ta obektda tintuvlar o‘tkazilganini ma’lum qildi. Prokuror so‘zlariga ko‘ra, Yuqori Bavariyadagi mol-mulk 28 fevralda Yevropa ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan keyin ham xavfsizlik kompaniyasi tomonidan nazorat qilingan. Ushbu xizmatlar uchun haq to‘lash orqali u muzlatilgan mablag‘larni tasarruf etish bo‘yicha taqiqni buzdi, deya xabar berildi matbuot anjumanida. 

Yana to‘rt nafar gumonlanuvchi qonun buzilishiga yordam berganlikda ayblanmoqda, chunki ular xavfsizlik xizmatlarini ko‘rsatgan yoki ularga ko‘maklashgan va pul olgan. Prokuratura qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortdi. 

Der Spiegel nashrining yozishicha, tintuvlar, jumladan, Usmonovning Tegernze ko‘lidagi villasida bo‘lib o‘tgan, rossiyalik milliarder soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ham gumonlanmoqda. O‘z navbatida, BR Bavariya teleradiokompaniyasi xabar berishicha, Usmonov Germaniyada soliq to‘lashi kerak bo‘lgan, chunki u 2016 yildan beri muntazam va uzoq vaqt davomida Rottax-Egerndagi uyida yashagan. Biroq, u nemis rasmiylariga soliq deklaratsiyasini taqdim etmagan, shuning uchun bu masala bo‘yicha tergov olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: