Germaniya: Rossiyadagi safarbarlik Ukrainadagi muvaffaqiyatsizlikning belgisi

Jahon 16:46 / 21.09.2022 11348

Germaniyada Putinning qisman safarbarlik e’lon qilish qarori keskin tanqid qilindi. Bu Moskvada umidsizlik hukm surayotgani va Putin nihoyat niqobini yechganidan dalolat beradi, deya hisoblaydi Berlin.

Germaniya hukumati Rossiyada Ukrainaga qarshi urushga qisman safarbarlik e’lon qilgan Vladimir Putinning qarorini keskin tanqid qildi. Germaniya kansleri Olaf Shols bunga Rossiya armiyasining Ukrainadagi muvaffaqiyatsizligi sabab bo‘lganiga ishonyapti. Shols Putinning bayonotlarini e’tiborga oldi, dedi 21 sentabr, chorshanba kuni Berlinda Germaniya hukumati rasmiy vakili. 

Uning eslatishicha, Putin qo‘shinlarni qayta yig‘ib, Kiyev hududini tark etdi, biroq Kreml Ukraina sharqida ko‘zlangan muvaffaqiyatga erisha olmadi. «Bu Ukraina o‘z hududiy yaxlitligi va suverenitetini juda samarali himoya qilayotganining yaqqol belgisidir, bu nafaqat dunyoning ko‘plab mamlakatlari, xususan, Germaniyaning keng ko‘lamli va jiddiy qo‘llab-quvvatlashi tufayli yuz berdi», deyiladi bayonotda. 

Safarbarlik to‘g‘risidagi qaror «xalqaro qonunlarga zid ravishda Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzni yanada kuchaytirishga qaratilgan qadamdir», dedi Germaniya vitse-kansleri Robert Habek. Uning fikricha, bu - Kremlning «dahshatli va noto‘g‘ri qadami». Habek ta’kidlashicha, Berlin «albatta, Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etadi». 

GSDP hukmron koalitsiyasi tarkibiga kiruvchi Bundestag deputatlari Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinishini Rossiya rahbariyatining «ojizligi belgisi» sifatida baholadi. «Ammo bu - yangi eskalatsiya», dedi sotsial-demokratlar fraksiyasi parlament kotibi Katya Mast. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin qarori uning agressiyani davom ettirishga tayyor ekanidan dalolatdir, shuning uchun o‘zini Rossiya bosqinidan himoya qilayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish zarur. 

«Putinning yangi keskinlashuvi bizni erta tinchlik muzokaralari ehtimolini ko‘rishga undamayapti», deya qo‘shimcha qildi u. Ukrainaga qurol yetkazib berish masalalarida Mast ittifoqchilar bilan kelishuvlarga rioya qilishni davom ettirishga va yolg‘iz qaror qabul qilmaslikka chaqirdi. 

Boshqa bir hukmron partiya – Ozod demokratik partiya (ODP) vakili Putinning bu qarorini umidsizlik ishorasi deb bildi. Bu Rossiyaning katta harbiy yo‘qotishlaridan dalolat beradi, dedi ODP fraksiyasi vakili Ulrix Lexte. «Asta-sekin umidsizlik Vladimir Putin va Mudofaa vazirligini egallab olyapti», dedi u dpa’ga. Siyosatchi eskalatsiya yanada kuchayishi mumkinligini istisno etmadi va Germaniya «Ukraina tomonida qat’iy turish»da davom etishini ta’kidladi. 

Eng yirik muxolifat fraksiyasi – XDS/XSS raisi o‘rinbosari Yohann Vadenfulning so‘zlariga ko‘ra, Putin endi niqobni butunlay yechib tashladi. «Ukraina o‘z mamlakatini muvaffaqiyatli himoya qilish va Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni ozod qilish imkoniyatiga ega», dedi u. Shu bilan birga, konservator jahon hamjamiyati yanada jiddiy yordam ko‘rsatishi va Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berishi zarurligini ta’kidladi. Konservativ fraksiyaning yana bir siyosatchisi Norbert Ryottgenning aytishicha, Rossiyada e’lon qilingan safarbarlik Rossiya prezidenti zaifligini ko‘rsatadi. «Putin bosim ostida. U kuch ko‘rinishini saqlab qolish uchun nimadir e’lon qilishi kerak edi», - dedi u. 

Bugun, 21 sentabr kuni ertalab Putin mamlakat fuqarolariga murojaat bilan chiqib, «vatan va yaxlitlikni himoya qilish» uchun qisman safarbarlik e’lon qilgan edi. Shu bilan birga, u o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan hududlar, shuningdek, Xarkiv va Zaporijjya oblastlari okkupatsion hokimiyatining Rossiya tarkibiga qo‘shilish uchun referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga ishora qildi. Tegishli farmon allaqachon imzolangan, Federal majlis palatalari qaror haqida xabardor qilingan va bugun safarbarlik boshlanadi, dedi Putin. 

«Harbiy xizmatga faqat zaxiradagi va birinchi navbatda qurolli kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, ma’lum harbiy mutaxassislik va tegishli tajribaga ega bo‘lgan fuqarolargina chaqiriladi. Harbiy xizmatga chaqirilganlar qismlarga jo‘natilgunga qadar qo‘shimcha harbiy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

O‘z navbatida, mudofaa vaziri Sergey Shoygu safarbarlik doirasida 300 ming zaxiradagi askar chaqirilishini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: