Ben Uolles: «Ukraina bu urushda g‘alaba qozonmoqda»

Jahon 21:14 / 21.09.2022 16331

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uollesning hisoblashicha, Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganini Kreml Ukrainaga bosqin muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olishi sifatida baholash mumkin.

«Putin va uning mudofaa vaziri yomon qurollangan va yomon tayyorlangan o‘n minglab fuqarolarini o‘limga yo‘lladi. Hech qanday tahdid va targ‘ibot Ukraina bu urushda g‘alaba qozonayotgani, xalqaro hamjamiyat birlashgani va Rossiya global quvg‘indiga aylanayotganini yashira olmaydi», — deyiladi Uollesning Reuters agentligi keltirgan bayonotida.

Vladimir Putin Rossiyada 21 sentabr kuni «qisman safarbarlik» e’lon qildi. Hukumat zaxiradagilardan 300 ming kishini safarbar qilishni rejalashtirmoqda. Birinchi galda armiyada harbiy xizmatni o‘tab, zaxirada qolish uchun shartnoma tuzganlar, keyin — zaxiradagilar chaqirilishi taxmin qilinmoqda. Hozircha RF hukumati safarbarlikning aniq parametrlarini oshkor etmadi.

Buyuk Britaniya — urushda Ukrainani faol qo‘llayotgan davlatlardan biridir. Britaniya hukumati Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib bermoqda, moliyaviy va moddiy yordam ko‘rsatmoqda, shuningdek, Ukrainaga bosqinga javoban Rossiyaga qarshi bir qancha sanksiyalar paketini qabul qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: