Avtomobil ishlab chiqarish ortgan, gaz kamaygan, benzin biroz oshgan – sanoat ishlab chiqarish statistikasi e’lon qilindi 

Iqtisodiyot 09:34 / 21.09.2022 45129

Davlat statistika qo‘mitasi yanvar-avgust oylaridagi sanoat ishlab chiqarish statistikasini e’lon qildi.

Avtomobil

Unga ko‘ra, o‘tgan yilga qaraganda 66 019 taga ko‘proq yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu 35,5 foiz o‘sish degani. Ishlab chiqarilgan avtomobillar tarkibi quyidagicha:

  • 60 660 dona “Cobalt” (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 65,4 % ga oshdi);
  • 15 680 dona “NexiaT-250” (7,3 % ga ko‘paydi);
  • 55 476 dona “Lacetti-Gentra” (2,1 martaga oshdi);
  • 8 657 dona “Spark” (33,5 % ga oshdi);
  • 12 168 dona maxsus yengil avtomobillar (37,4 % ga oshdi);
  • 46 622 dona “Damas” (24,2 % ga oshdi);
  • 92 dona “Trekker”.

Qizig‘i, eng ommabop avtomobillar – Spark, Cobalt va Nexia-3 ishlab chiqarish 2022 yilning 8 oyida oshganiga qaramay, hanuz ushbu avtomobillarni ishlab chiqarish hajmi 2020 yildagi darajaga yetmaganini ko‘rish mumkin.

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Benzin, dizel, sement

Statistika o‘tgan davrda  sanoatda 768,8 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilganini ko‘rsatmoqda - bu 2021 yilning yanvar-avgust oylariga nisbatan 3,8 foizga o‘sish degani.

Ammo dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi 16 foizga qisqargan bo‘lsa, o‘tgan yilgiga qaraganda 5,9 foizga kamroq sement ishlab chiqarilgan. 

O‘simlik yog‘i ishlab chiqarish hajmi keskin qisqargan - 12,3 foizga.

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi

Gaz, neft, ko‘mir

Sanoatda o‘tgan davrda gaz va gaz kondensati ishlab chiqarish qisqargani e’tiborga molik. 2022 yilning 8 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 452,5 mln kub kamroq gaz ishlab chiqarilgan bo‘lsa, gaz kondensati hajmi 24,5 ming tonnaga qisqargan.

Neft qazib olish o‘tgan yil darajasiga yetdi. Kichik 0,1 foiz o‘zgarish bilan   2021 yilda boshlangan qisqarish to‘xtadi (O‘tgan yil neft qazib chiqarish 5,4 foizga qisqargan).

Ko‘mir ishlab chiqarishda 7,4 foiz o‘sish qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: