Tanqidiy maqola ortidan Kun.uz muxbiriga trollar hujumi uyushtirildi

Jamiyat 12:40 / 20.09.2022 35507

Kun.uz’da Namangan shahrining Jaloliddin Manguberdi ko‘chasida aholi xonadonlariga juda yaqin hududda AGTKS qurilayotgani haqida surishtiruv e’lon qilingandi. Unda odamlar belgilangan me’yorlarga amal qilinmasdan qurilayotgan ushbu «zapravka» ortida viloyatdagi ko‘plab «metan-zapravka»lar egasi hisoblangan Qudratbek Abdullayev turganini ta’kidlashayotgani, bu shaxs viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qudasi ekani aytilgandi.

Hozircha Kun.uz e’lon qilgan maqolaga birorta davlat tashkiloti yoki rasmiy shaxs munosabat bildirmadi. Bu jimlik aslida ko‘p narsani «so‘zlayotgan»dek edi.

Ammo kutilganidek, norasmiy «javob» qaytarildi: ijtimoiy tarmoqlarda trollar fabrikasi ishga tushib, xonadonlar yonida AGTKS qurish odamlar hayotini ochiqchasiga xavf ostiga qo‘yish ekanidan ogohlantirgan jurnalist sha’niga mag‘zava to‘kishni boshlab yuborishdi. Ayniqsa, trollar Facebook ijtimoiy tarmog‘ida anchagina faollik ko‘rsatib, «shovqin» ko‘tarishga urinib ko‘rishdi.

Biroq ularning bu harakati faol blogerlar va jurnalistlarning keskin qarshi fikrlariga uchradi.

Jumladan, bloger Dima Qayum shunday yozadi:

«Elmurod Ermatov haqqoniy faktlar bilan ish qiladi. Xalqimizni qiynayotgan muammolarni qo‘rqmay yoritadi. Prezidentimizning jurnalistlarga qarata «Qo‘rqmanglar, ortingizda men borman», degan so‘zlaridan ilhom olib, tun-u kun tinmaydi. Janoblar, bilaman pullaring ko‘p, internetda o‘nlab trollar yollab, bu insonni obro‘sizlantirishga urinmoqdasizlar. Ammo bu «o‘yinlaring»ni yosh bola ham biladi. Trollaring esa g‘irt xashaki trollar. Undan ko‘ra faktlar bilan halol «o‘yin» qilinglar. Faktlaring yo‘qmi, unda jim. Yo‘qolsin korrupsiya».

Muxbir Daliyev trollar hujumiga qarshi jurnalist va blogerlardan albatta «otvet» bo‘lishini ma’lum qilgan:

«Elmurod Ermatovning Namangandagi metan gaz qiroli Qudratboy haqidagi maqolasidan so‘ng namanganlik trollar hujumga o‘tishni boshlabdi. Albatta, trollarga qayerdan topshiriq ketganligini yaxshi bilamiz. Va, albatta, bunga jurnalist va blogerlarning javobi bo‘ladi. Bizda qoida shunaqaki, bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun. Tong otsin, namanganlik trollar topshiriq bergan xojasini qanday qilib himoya qilishini ko‘ramiz».

Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi «Qo‘rqmaymiz» kanali esa rasmiy va norasmiy bo‘lgan matbuotga aloqador kishilarni ayni vaziyat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borishga chaqirdi:

«Surishtiruv e’lon qilinganidan keyin Namangandagi hokimlik manfaati uchun ishlaydigan ayrim jurnalist va blogerlar Elmurod akani yengil tanqid qilishdi. Keyinroq troll profillar ishga tushib, ochiqdan ochiq shaxsiyatga o‘tishdi.

Elmurod akani himoya qilmoqchi emasman. Na Elmurod aka, na Kun.uz himoyaga muhtoj. Elmurod akaning qandayligini shundoq ham butun vodiy biladi. Shunchaki qalbimni og‘ritgani — o‘zini OAV vakili deb bilgan namanganlik 3–4 nafar akalar qandaydir manfaat evaziga boshqa bir mustaqil, nisbatan xolis OAV vakilining go‘shtini yeyishidir. Bunday harakatlar bilan faqat orqaga ketamiz. Shunday ekan, avvalo Kun.uz tayyorlagan videoni ko‘proq ulashishni, undan keyin rasmiy va norasmiy bo‘lgan, «dux»i yetgan har qanday matbuotga aloqador kishilar ayni vaziyat yuzasidan jurnalistik surishtiruv olib borishlarini so‘rayman.

Bu ish shaxsiyat masalasi emas, vaziyat masalasi. Bugun puli bor, qudasi amaldor bo‘lgan qonunbuzar bir OAVning og‘zini yopmoqchi bo‘lsa, ertaga bizga ham navbat keladi».

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov trollar va tarafkashlar tomonidan Ermatovning materialidagi eng asosiy savolga esa javob topilmaganini ta’kidlab, boshqa savollarni qo‘yadi.

«Shu yerda — aholi turar joylari o‘rtasida me’yorlarda belgilangan 50 metr masofa o‘rniga 5 metr qoldirib «metan zapravka» qurish mumkinmi-yo‘qmi?

Qaysidir mutasaddi o‘sha me’yorga e’tibor bermasdan, qurilishga ruxsat bergan bo‘lsa Namangan viloyat prokuraturasi unga chora ko‘radimi? Xo‘p, «zapravka»ning viloyat hokimining qudasi Qudratboyga aloqasi yo‘q ekan (mayli, ko‘ndik), unda Namangan shahar hokimligi qurilish ishlarini qonunga muvofiq bo‘lmagani uchun AGTKSni buzdiradimi-yo‘qmi?

Me’yorga to‘g‘ri kelmasa ham qoladigan bo‘lsa, o‘sha yerdagi yashovchi odamlar tadbirkordan «biz qonun qoidalarga tupurganmiz, qo‘llaringdan nima keldi mana?» degan ta’nani eshitishdan boshqa yana nima manfaat topadi bu AGTKSdan?

Hech kim amal qilmas ekan, bunaqa me’yorlarni qabul qilishdan ma’ni bormi o‘zi?»

Qurilish vazirligidan ma’lum qilinishicha, ushbu qurilish qonuniyligi tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirokida shu yil 21 sentabr kuni joyida o‘rganiladi.

Kun.uz ixtiyoridagi hali namoyish etilmagan videolavhalarda ko‘rinishicha, qurilayotgan «metan zapravka»ning kompressor stansiyasi xonadondan 20–25 metr masofada joylashgan. Holbuki, o‘rnatilgan me’yorlarga ko‘ra bu oraliq masofa eng kamida 50 metr bo‘lishi talab etiladi. Portlash sodir bo‘lishi ehtimoli katta bo‘lgan obektni bu shaklda qurish insonlar hayotini ochiqchasiga xavf ostida qo‘yishdir.

Ko‘proq yangiliklar: