2022 yil 17 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi bog‘chalardan birida 50 nafar bolada ovqatdan zaharlanish kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ana shu xabarga Maktabgacha ta’lim vazirligi va Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ikki xil, ta’biri joiz bo‘lsa bir-biriga mutlaqo teskari ma’lumot berildi.
Jumladan, 2022 yil 18 sentabr kuni Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar bo‘yicha RADDIYa e’lon qildi.
Raddiyada keltirilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i S.Radjabov 20b/536 sonli xatida joriy yil 17 sentabr kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining 7-bo‘limiga Qarshi shahar, “Qo‘rg‘oncha” MFYda yashovchi, Qarshi shahridagi 32-davlat bog‘chasi tarbiyalanuvchisi X.Sh. o‘tkir diareya tashxisi bilan yotqizilgan.
«Epidemiologik surishtirish davomida bemorda ich ketish, ko‘ngil aynish, holsizlik, isitma ko‘tarilishi kuzatilgan. Ayni paytda bemorning ahvoli yaxshi, davo muolajalari olib borilmoqda», deyiladi raddiyada.
Shuningdek, S.Radjabovning xatida SEO va JSX Qarshi shahar bo‘limiga 32-davlat bog‘chasida tarbiyalanayotgan bolalar o‘rtasida ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha tezkor xabarnoma kelib tushmagani bildirilgan.
Bugun, Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Qarshi shahridagi 32-davlat bog‘chasi tarbiyalanuvchilari zaharlangani yuzasidan MUNOSABAT bildirdi.
Unda yozilishicha, 2022 yil 16 sentabr kuni soat 17:30 larda Qarshidagi 32-sonli davlat bog‘chasi tarbiyalanuvchisi, 2019 yilda tug‘ilgan X.S.da qayt qilish, ich ketishi, harorat ko‘tarilishi kabi klinik belgilar kuzatilgan.
17 sentabr kuni bemor yaqinlari tomonidan xususiy klinikaga yotqizilgan. U yerda ahvoli yaxshilanmagach, 19 sentabr kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan. Bemorga “ovqat toksik infeksiyasiga gumon” tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda uning ahvoli qoniqarli, davo muolajalari davom ettirilayotgani ta’kidlangan.
Munosabatda ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Qarshidagi 32-sonli davlat bog‘chasida mutaxassislar tomonidan o‘rganishlar olib borilgan. Unda aniqlanishicha, bog‘chada 245 nafar tarbiyalanuvchi bor. O‘rganish o‘tkazilgan 20 sentabr kuni muassasaga kelgan 213 nafar tarbiyalanuvchi tibbiy kuzatuvga olingan. Ularda kasallanish holatlari qayd etilmagan.
«Qolgan 32 nafar bolaning ota-onasi bilan suhbat o‘tkazildi. Qayd etilishicha, 3 nafar bola shifoxonada davolanib chiqqan, hozirda uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan. 2 nafar tarbiyalanuvchi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Qolgan 27 nafar tarbiyalanuvchining salomatligi bo‘yicha shikoyatlari yo‘q. Muassasa va bemorlardan laboratoriya tahlillari uchun olingan biologik materiallar, sutkalik namunalar va oziq-ovqat mahsulotlari laborator tahlillari davom ettirilmoqda», deyiladi munosabatda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi 1 nafar tarbiyalanuvchi zaharlangani va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilganini aytib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga RADDIYa bergandi.
Ammo Qashqadaryo viloyat SSB tomonidan e’lon qilingan munosabatda 3 nafar bola davolanib chiqqan va hozirda uy sharoitida tibbiy kuzatuvga olingan, yana 2 nafar tarbiyalanuvchi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgani ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, 20 sentabr kuni bog‘chaga bormagan yana 27 nafar tarbiyalanuvchining ota-onasi bilan suhbat o‘tkazilgani haqida yozilgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi – nega ikkita tashkilotning ma’lumotlari ikki xil berilmoqda? Maktabgacha ta’lim vazirligi raddiya berib, nimani yashirmoqchi bo‘ldi? Nega vazirlik kamida 5 nafar tarbiyalanuvchi zaharlanganini (bu ma’lumot ham biroz shubhali) bilaturib o‘z raddiyasida ularning sonini 1 nafar deb ko‘rsatdi?
Odamlarning ommaviy zaharlanishi holatlarini kamaytirib ko‘rsatish avval ham bo‘lgandi. Joriy yil iyul oyida Urgut tumanidagi to‘yxonada odamlar ommaviy zaharlangan, tuman hokimligi axborot xizmati hamda Bosh prokuratura matbuot xizmati 2 kishi ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani, boshqa gumonlanganlar shifoxonaga olib kelingani va ahvoli qoniqarli bo‘lgani uchun uyiga javob berib yuborilganini ma’lum qilgandi.
Ammo oradan 1 kun o‘tib, Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi 2022 yil 19 iyul kuni jami 33 nafar fuqaro bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qorin sohasida og‘riq, ich ketish, tana harorati ko‘tarilishi kabi kasallik belgilari bilan Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgani haqida xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, 22 nafariga ambulator sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatilgan va uyiga javob berilgan, qolgan 11 nafar bemor bir necha kun statsionar sharoitda davolangan. Bundan tashqari, to‘yda ishtirok etganlar yashash manzili bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazilganda ulardan 23 nafari ovqatdan zaharlangani aniqlangan.