O‘zbekiston Afrikaga eksportni oshirish bo‘yicha Misr bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston 09:58 / 20.09.2022 3883

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning Misr va u orqali Afrika davlatlari bozoriga eksporti ko‘lamlarini kengaytirish va diversifikatsiyalash, o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama etish maqsadida Misrning Port Said viloyati hokimi, general Odil Ibrohim al-G‘adban bilan muzokaralar o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

Port Said viloyati hokimi hududlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatlar biznes missiyalarini tashkil etish ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini aytdi. U Namangan viloyati ma’muriy markazi bilan “Birodarlashgan shaharlar” bitimini imzolashga tayyor ekanini ham ma’lum qildi.

Shu kunning o‘zida Port Said Savdo palatasi qarorgohida uning raisi Muhammad Saada hamda tashkilotga a’zo bo‘lgan qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston strategik rivojlantirish dasturi, investitsion va turistik salohiyati hamda Namangan viloyati iqtisodiy imkoniyatlari taqdim etildi.

Muzokaralardan so‘ng Yaqin Sharq mintaqasida yirik va yetakchi kompaniya hisoblanadigan Lotus Garmens Co., Ul Hwa Tex Misr-Koreya to‘qimachilik kompaniyalari faoliyati bilan tanishildi. Ushbu kompaniyalar rahbarlari joriy yil 11-12 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan Tashkent Textile Summit ishida ishtirok etishga taklif qilindi. Mazkur kompaniyalarning O‘zbekistondagi yirik to‘qimachilik korxonalari bilan onlayn muzokaralarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Port Said viloyati o‘z hududidan o‘tadigan xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Suvaysh kanali bilan dunyoga mashhur. Misrda ishlab chiqariladigan to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 54 foizi ushbu hudud hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ko‘proq yangiliklar: