Kuni kecha aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi yana bir korxona “O‘zenergosozlash” MChJ ma’muriy binosi tom qismiga quyosh fotoelektr stansiyasini o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazildi.
30 kVt quvvatga ega ushbu qurilmaning ishga tushishi natijasida yiliga 90 000 kVt soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
- Har bir kilovatt elektr energiyasini imkon qadar tejash tarafdorimiz. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, bu yo‘nalishda islohotni avvalo o‘zimizdan boshlashimiz zarurligini ham yaxshi anglaymiz, - deydi “O‘zenergosozlash” MChJ direktori Umidjon Ibragimov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytgacha tizim korxonalarida 300 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr panellari, 32 ta chastota o‘zgartirgich qurilmalar, 138 ta quyosh suv isitgichlari, 286 ta quyosh panelli yoritish chiroqlari, 829 ta sensorli yoritish datchiklari kabi jami 1336 ta energiya tejovchi va muqobil energiya manbalari qurilmalari o‘rnatildi. Natijada 2022 yilning 8 oyida 1,2 mln kVt soatga teng elektr energiyasi va 62 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi, 140 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishildi.
Hozirda, “O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan “Farg‘ona IEM” AJda quvvati 1800-2000 kVt va “Sirdaryo IES” AJda quvvati 1200-1500 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
2022 yil yakuniga qadar tizimda jami quyosh fotoelektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvati 3300 kVtga yetkaziladi va natijada yiliga o‘rtacha 8 mln kVt qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda qariyb 1,2 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.
Shuningdek, 2023-2024-yillarda issiqlik elektr stansiyalarning ichki hamda yondosh hududlaridagi bo‘sh yer maydonlarida 30-40 MVt va undan yuqori quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda. Unga ko‘ra, “Sirdaryo IES” AJda 40 MVtli, “Muborak IEM” AJda 30 MVtli, “To‘raqo‘rg‘on IES” AJda 15 MVtli va “Tolimarjon IES” AJda 43 MVtli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi issiqlik elektr stansiyalarining o‘z ehtiyojlari va xo‘jalik ehtiyojlari uchun sarflanayotgan elektr energiyasini muqobil energiya manbalari hisobidan qoplash imkoniyatini yaratadi. Natijada yiliga o‘rtacha 200 mln. kVt.soat elektr energiyasi yoki 21,0 mln kub metr tabiiy gaz iqtisodiga erishiladi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati