Bishkek va Dushanbe chegarada tinchlik bo‘yicha hujjat imzoladi

Jahon 08:45 / 20.09.2022 2039

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida ikki davlat chegarasida vaziyatni barqarorlashtirish, tinchlikni saqlash va mustahkamlash bo‘yicha amaliy bayonnoma imzolandi. Bu haqda 19 sentabr, dushanba kuni jurnalistlarga Qirg‘iziston tomonidan ushbu hujjatni imzolagan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi. 

Bayonnomani Tojikiston nomidan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Saymo‘min Yatimov imzolagan. 

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentabr kuni Botken tumanidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashgan. 

Qirg‘iziston hukumati Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani olib kelganlik va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda «barcha mavjud arsenaldan» foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken tumanida favqulodda holat rejimi joriy qilingani haqida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini «og‘ir qurollardan» o‘qqa tutishda aybladi. 

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli obektlarda belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar kelib chiqyapti. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan. 

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 19 sentabrni milliy motam kuni deb e’lon qildi. Qirg‘iziston ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston bilan chegaradagi mojaro keskinlashishi natijasida mamlakatning 59 nafar fuqarosi halok bo‘lgan, jarohatlanganlar soni 183 kishini tashkil qilgan. 

O‘z navbatida, Tojikiston 18 sentabr kuni kechqurun mamlakat TIV saytida Qirg‘iziston bilan chegaradagi mojaroning sabablari va rivojlanishi haqida o‘z nuqtayi nazarini bildirdi. Ushbu hujjatga ko‘ra, 14-18 sentabr kunlari Qirg‘iziston harbiylari harakati oqibatida kamida 33 nafar Tojikiston fuqarosi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. 23 dan ortiq kishi jarohatlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: