Prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi.
Bu haqda pensiya jamg‘armasi xabar bermoqda.
Unga muvofiq, 2023 yilning 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshiriladi.
Pensiya jamg‘armasining tushuntirishicha, yangi tartib nafaqat 2023 yil 1 yanvardan keyin pensiyaga chiqadigan fuqarolar uchun, balki 2023 yil 1 yanvardan oldin tayinlangan pensiyalar uchun ham tatbiq etiladi.
Ya’ni o‘rtacha ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobari (bugungi kunda 3 240 000 so‘m)dan yuqori bo‘lgan pensionerlarning pensiyasi 2023 yil 1 yanvardan qayta hisoblanadi.
Shunda o‘rtacha ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdori 3 888 000 so‘m bo‘ladi.
Natijada, 352 mingdan ortiq fuqaroning pensiyasi qaytadan hisob-kitob qilinadi va kelgusi yilda Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratiladi.
Avvalroq Pensiya jamg‘armasi mas’uli Kun.uz bilan suhbatda 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab 3 toifa nafaqalarini tayinlash proaktiv tizimga o‘tayotgani borasida gapirib bergandi.