Bugun juda ko‘pchilik turli tashkilotlarida korrupsiya urchigani, poraxo‘rlik va tamagirlik, fuqarolarning hamda davlat pullarini o‘zlashtirish avj olgani haqida gapiradi, yozadi. Ammo o‘rni kelganda bunday salbiy illatlarga qarshi kurashish har bir fuqaroning burchi ekanini aytsangiz ularning ensasi qotadi. Shuningdek, korrupsion holatlarga yoki tamagirlikka duch kelganda bu haqda huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilish lozim bo‘lganda fuqarolarning aksariyati o‘zini tortadi.
Yaqinda, Qashqadaryo viloyatida yashovchi o‘qituvchilardan biri murojaat qilib Chiroqchi va Ko‘kdala tumanida joylashgan ayrim maktablarda ishga kirish bilan bog‘liq korrupsion holatlar avjiga chiqqanini bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, har ikki tumanda pedagoglar yetishmaydi va aksariyat o‘qituvchilar boshqa joylardan kelib dars berishadi. Har yili kimdir bo‘shab ketadi, yana kimdir uning o‘rniga keladi. Ana shunday holatda ayrim direktorlar o‘zlaridan ish so‘rab kelgan o‘qituvchilarga ochiqchasiga «falon pul bersang ishga olaman» deb shart qo‘ymoqda ekan.
Murojaatchining bildirishicha, direktorlar o‘qituvchilarning fani, ularga ajratiladigan dars soatlariga qarab 200 dan 500 dollargacha pul so‘rashyapti.
Gap orasida murojaatchi «Shu muammoni maqola qilib chiqarsanglar bo‘lmaydimi?» deb qoldi. Unga O‘zbekistonda ayrim tashkilot rahbarlari tomonidan yangi xodimni ishga qabul qilishda pul tama qilish borligini, bu yangilik emasligi va buni barcha bilishini, bunday holatda eng to‘g‘ri yo‘l huquqni himoya qilish organlariga murojaat qilib, pora so‘rayotgan yoki pul talab qilayotganlarni ushlab berish ekanligini aytdim.
Bu gapimdan keyin murojaatchi ikkilanib qoldi. So‘ng o‘qituvchi sifatida bunday qila olmasligini, direktor tamagir bo‘lsa-da avvalo o‘qituvchi ekanini va u o‘z hamkasbini bunday tarzda «sotmasligini» ma’lum qildi.
«O‘qituvchi direktorni ushlab bersa, keyin bu maktabda qanday ishlaydi? Maktab jamoasi keyin unga ola qarab, uni umuman yoqtirmay qo‘yishadi. O‘zi ham ularning ko‘ziga qanday qaraydi?» dedi u. Shu joyda u bilan xayrlashdik.
Ochig‘i, o‘zi poraxo‘rlik va korrupsiyaga qarshi bo‘lgan o‘qituvchining pora yoki pul tama qilib jinoyatga yo‘l qo‘yayotgan hamkasbiga rahmi kelayotgani meni o‘ylantirib qo‘ydi.
Agar boshqalar ham shu tarzda rahmdillik qilaversa, unda bizda poraxo‘rlik va tamagirlikni, korrupsiyani na kamaytirib, na yo‘qotib bo‘ladi.
Ikkinchi tomondan, o‘z hamkasbini «sotishni xohlamayotgan» o‘qituvchini ham to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. O‘qituvchi ishga kirayotgan joyida o‘zidan pora so‘rayotgan direktorni ushlab bersa, keyin aniq uni o‘sha maktab jamoasi u yerga sig‘dirmaydi. Chunki «sotqinlar» kimga ham yoqadi deysiz. Buni murojaat davomida o‘qituvchining o‘zi ham tasdiqlab turibdi.
Aynan shu misolga istalgan sohani qo‘yib ko‘rish mumkin – bank xodimi bank xodimini, soliqchi soliqchini hech qachon sotmaydi. Ha shunday, barcha poraxo‘rlik va tamagirlik avj olganidan, ishga pora bermasdan kirib bo‘lmasligidan yozg‘irishga usta. Ammo shu illatlarga qarshi kurashishga kelganda o‘zini chetga tortadi.
Shu o‘rinda, bir necha yil avval elektron pochtamga kelgan maktubni esladim. Uni o‘zgartirishlarsiz e’tiboringizga havola qilaman.
«Siz o‘z ishiga mas’uliyatsiz, tamagir yoki poraxo‘r bo‘lgan kimsani ishdan olinishiga sabab bo‘lganmisiz? Yo‘q deysizmi? Unda shu ishni bir qilib ko‘ring, mahallangizda yoki yashayotgan muzofotingizda nomingiz qora bo‘ladi.
Eng avval «poraxo‘rlik va korrupsiya avj oldi, davlatning va fuqarolarning haqqini yeyish ko‘paydi» deb og‘iz yirtayotganlarning ayrimlari sizni qoralaydi. Hatto ko‘cha-ko‘yda betingizga so‘kib qolishi ham mumkin.
Qolaversa, siz tufayli ishdan bo‘shagan odam xalqning haqqini yeb yurgan paytida qanchalik osmonda bo‘lsa, ishidan ayrilgach, shunchalik xokisor bo‘lib oladiki, shunday paytlarda uni ishdan haydatganingizga ming afsuslar chekasiz.
Shuningdek, nopok xodim ishdan haydalgandan keyin uyida qarib qolgan ota-onasi, qaramog‘ida yosh bolalari borligi esiga tushadi va shularni pesh qilib barchaning rahmini keltiradi. Oqibatda, u emas, siz atrofdagilarning ko‘ziga olabo‘ji bo‘lib ko‘rina boshlaysiz.
Ana shunday paytda «Hoy noinsof, nafsingga erk bermasang va insof bilan ishlasang bo‘lmasmidi?!» deb yuborganingizni ham bilmay qolasiz.
Yaqinda mening o‘zim shunday holatga tushdim. Nafaqat ota-onamning, balki butun qishloqdagi aksariyat pensionerlar va nafaqaxo‘rning pullaridan o‘g‘irlab yurgan bank xodimining ishdan haydalishiga sabab bo‘lib, qishloqdoshlarimning nafratiga yo‘liqdim.
Bir necha kun oldin, ota-onamning pensiyasini to‘liq berishyaptimi deb tekshirib ko‘rsam Xalq banki xodimlari ota-onamning pensiya pulidan 18 ming so‘m kam berib ketibdi. (Maktub yo‘llanganiga qariyb 4 yil bo‘lgan, unda 18 ming so‘mga 20 ta buxanka berardi – muallif izohi) Kassir boshqa joydan, uni nazorat qiladigan xodim (nazoratchi) mahalladoshimiz.
Bir necha marta ko‘zim tushgandi, qishlog‘imizda pensiya va nafaqa pullarini tarqatish paytida qoidalarga zid ravishda kassir qolib mahalladoshimiz bo‘lgan nazoratchi pul sanardi. Demak pulni o‘sha kam bergan.
Nazoratchining o‘z mahalladoshini «talagani» menga yomon ta’sir qildi. Telefonimdan Xalq bankining saytiga kirib, bank boshqaruv raisiga xodimlar ota-onamning pensiya pulini kam berganini bildirib, shikoyat yozib yubordim.
Aynan shu joyda na kassirning, na nazoratchining ism-sharifini yozmadim. Pulni kim olib qolganini bilsam ham ulardan birini aniq aybdor sifatida ko‘rsatmadim.
Ertasi kuni ertalab mahalladoshim, nazoratchi uyimga qidirib keldi va salom yo‘q, alik yo‘q, «Nima qilib qo‘ydingiz, aka?» deydi. Keyin Xalq banki tuman bo‘limiga borib kelaylik deb iltimos qilishga o‘tdi. Boshlig‘i ustidan shikoyat tushganini, uni yopish uchun murojaatchini olib borishi kerakligini aytibdi.
Bankda boshlig‘iga bo‘lgan voqeani aytib berdim. O‘sha joyda mahalladoshim kassirni ayblab vaziyatdan chiqishga urindi, ammo kassir ham anoyi emas ekan, «buning qishlog‘iga borganimizda pulni o‘zi tarqatadi» deb qoldi. Buni eshitib nazoratchining boshi egildi.
Shundan so‘ng men mahalladoshimni ishdan haydatish uchun shikoyat qilmaganimni, unga intizomiy jazo berilsa yetarli bo‘lishini yozib berdim.
O‘sha kuni kechroq mahalladoshim qo‘ng‘iroq qilib, baribir ishdan haydab yuborishganini, «arzimagan pul» deb to‘g‘ri ish qilmaganimni aytdi. Uni ishdan haydatish maqsadim bo‘lmaganini yana takrorladim. Baribir xafa bo‘lib qoldi.
Oradan biroz o‘tib u meni yana bezovta qila boshladi. Xuddi mening gapim bilan uni qayta ishga olishadiganday yana borib boshlig‘iga uchrashimni iltimos qilardi...
Shunday paytlarda «Insof bilan ishlasang bo‘lmasmidi?» desam «Aka, xato qildim, kechiring» deyishdan boshqa gapni bilmaydi. Har gal qo‘ng‘iroq qilganida o‘zini biram bechorahol qiyofaga solib oladi, uning ishdan haydalishiga sababchi bo‘lganim uchun xijolat bo‘lib ketaman.
Ayniqsa, uning otasiga ko‘zim tushib qolganda xijolat bo‘lib, yashirinishga joy topolmay qolaman. «O‘g‘lingizga ko‘pni haqqini yeyish harom ekanligini o‘rgatmagan ekansiz-da. Jilla qursa kechki paytdan ishdan qaytishida ko‘tarib kelgan nonini qaysi pulga olganini so‘rab tursangiz bo‘lardi. Harom luqma tomog‘ingizdan qanday o‘tyapti?» degan gaplarni yuziga ayta olmayman, ichimda qolib ketadi.
Qolaversa, o‘shandan keyin hayotimdan halovat yo‘qoldi. Mahallada barcha meni qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadigan bo‘lib qoldi. Menga eng yomon ta’sir qilganini, shu ishni deb ota-onam ham ancha ozor topishdi va mendan qattiq xafa bo‘lishdi.
Qishlog‘imiz katta, beshta mahalla bor. Aksariyati bir-birini taniydi. «Bugun falonchinikiga ma’rakaga borgandim. Bir uy ayol meni tanib, tanimay seni qarg‘ab o‘tirdi. Bekor ishdan haydatibsan-da o‘shani», deb onam gapiradi.
«Falonchanikida, ma’rakada jo‘rttaga menga eshittirib, «Kassirimiz yaxshi edi, pensiyani uyga olib kelardi. Uni falonchining o‘g‘li ishdan haydatibdi. Endi boshqasi uyga olib kelmayapti, mahalla idorasidan chiqib olishga majbur bo‘lyapmiz», deb meni ham, seni ham qarg‘ashyapti, so‘kishyapti» deb otam gapirib qoladi. Ularni gap-so‘zga qoldirganim uchun ich-etimni yeyman.
Aniqlaganim shu bo‘ldiki, mahalladoshim insofini va vijdonini yeb bitirgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi nogironlar va keksa yoshli qariyalarni alohida ro‘yxat qilgan va ularning pensiya va nafaqasi uylarga yetkazilishi belgilangan. Qolganlar esa mahalla idorasidan chiqib olishlari kerak ekan.
Mahalladoshim esa tanishining mashinasiga o‘tirib olib, qishlog‘imizdagi barchaning pensiya va nafaqasini uyigacha olib borar, pullarni berayotganda har bir odamdan 8-10 ming so‘mdan o‘g‘irlarkan. Yana «uyingizgacha olib kelib beryapman» deb 5-10 ming so‘mni so‘rab olar ekan.
Shu tariqa pensiyani mahalla idorasiga chiqib olishi kerak bo‘lgan odamlar ham pullarni uyda olisharkan. Hisoblab ko‘rsam qishlog‘imizni o‘zida kamida 2-3 ming nafaqa va pensiya oladiganlar bor. Ularning har biridan o‘rtacha 5-10 ming so‘mdan o‘g‘irlasa yoki tama qilib so‘rab olsa ham juda katta mablag‘ bo‘lib ketadi-ku!
Mahalladoshim ishdan haydalgach boshqa kassir va nazoratchi pullarni mahalla idoralarida tarqata boshladi va bu pullarni uyida oladiganlarga malol kelgan. Shundan so‘ng avvalgi kassir shikoyatim sababli ishdan haydalganini bilgach meni qarg‘ab, so‘kishga o‘tishgan.
Bir kuni mahallamizda yashovchi otaxonlardan biri «Sen noto‘g‘ri ish qilding. Nazoratchi pensiyamdan 10 ming so‘m olib qolishini bilardim. Uyimga olib kelgani uchun yana 10 ming so‘m berardim. Davlat bergan tekin 1,5 million so‘m, 20 ming olsa menga kamayib qolmaydi» deb qoldi.
Uning gapidan qattiq jahlim chiqdi.
«Siz 1,5 million so‘m olasiz. Shu uchun sizga 20 ming so‘m pul emas. Ammo 250-300 ming so‘m pensiya oladiganlarga ming so‘m ham pul. Siz shunaqa qo‘li ochiq odam ekansiz, davlat sizga tekin pul berayotgan ekan, nega o‘sha muttaham nazoratchi pensiyangizni berayotganda «Bolam, mana senga 50 ming so‘m, kam pensiya oladigan beva-bechoraning beshtasidan «xizmat haqi» uchun pul olma demagansiz?» deb urishib berdim. Indamay nari ketdi.
O‘sha kunlarda bir tarafdan muttaham mahalladoshimni yomon ko‘rib ketyapman. Ikkinchi tarafdan odamlarning gap-so‘zi, ota-onamning mendan xafa bo‘lishi ruhiyatimga yomon ta’sir qilaverdi.
Ayniqsa, mahalladoshlarimning «O‘zi mahallamizdan 1-2 kishi tuzukroq ishda ishlaydi. Sen ularni qo‘llash o‘rniga birini ishdan haydatib o‘tiribsan, boshqalar pora olmayaptimi, odamlarning pulini o‘zlashtirmayaptimi? Hamma qilyapti shu ishni. Falon qishloqning odamlariga qara, davlat ishida ishlaydigan hamqishloqlarini zo‘r qo‘llashadi», deb ko‘zimni ochirishmadi. Oxiri bo‘lmadi.
Hodisadan 2 oy o‘tib bankka yana bordim va noinsof mahalladoshimning boshlig‘iga uchrab, «Bu tavbasiga tayandi, iltimos, uni qaytib ishga olinglar. Men tinch yashay», deyishga majbur bo‘ldim.
Aslida u emas, men tavbamga tayandim. Odamlarning ko‘pning haqqidan hazar qilmagan nazoratchi qolib, uning ishdan haydalishiga sabab bo‘lgan menga qilgan muomalasiga chidab bo‘lmadi.
Yana bir narsani tushunib yetdim, aksariyat odamlar birovning haqqini yeyishni odatiy ishga yo‘yadigan bo‘lib qolishibdi. Bunday holatda tamagirlik, poraxo‘rlik, davlat va odamlarning haqqini o‘zlashtirish kabi salbiy illatlarning tugashi uyoqda tursin, kamayishiga ham umid qilib bo‘lmaydi».
Maktubni oqqa ko‘chirayotib yana bir bor o‘qir ekanman, orada o‘tgan 4 yilda aytarli hech narsa o‘zgarmaganini ko‘rish mumkin. Bugun ham aksariyat odamlarning pora berishga va olishga, tamagirlikka moyilliklari ortganini, bunday yomon illatlarni oddiy hol deb qabul qilishayotganini va va xotirjam qarashayotganini ko‘rish mumkin.
Shu o‘rinda, sevimli yozuvchimiz O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» asarida keltirilgan bir epizod esimga tushdi.
Kechki payt ishdan qaytgan ota hovlida begona qoziqni ko‘rib qoladi. Keyin uxlab qolgan o‘g‘lini uyg‘otib, begona qoziqni qayerdan olganini so‘raganida u o‘tloqdan topib olganini aytadi. Shundan so‘ng ota qorong‘i tushganiga qaramasdan o‘g‘liga qoziqni topib olgan joyiga tashlab kelishni buyuradi.
Nazarimda, bugun o‘shanday birovdan pora so‘rash yoki pul tama qilish, odamlarning haqqini o‘zlashtirish uyoqda tursin, topib olingan narsadan ham hazar qiladigan otalar kamayib ketdi. Oqibatini esa ko‘rib turibmiz...
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.