Namangan o‘zi «bedarvoza»mi yoki shunchaki qonun-qoidalar qudrat oldida ojiz?

Jamiyat 21:40 / 17.09.2022 55565

Kun.uz muxbirining surishtiruvlariga ko‘ra, fuqarolarning prokuratura, shahar hokimligi va ekologiya idoralariga qilgan murojaatlari hech qanday samara bermagan.

«Metan-zapravka» egalari «shahar bedarvoza» ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchidek, qurilish obekti oldidagi ko‘p yillik manzarali daraxtlarni hech bir ruxsatsiz kesib tashlashgan.

Sanitariya qoidalari va me’yorlariga zid ravishda, aholi yashash uyidan bor-yo‘g‘i 5 metr masofada AGTKSni kim qurayotganini bilish uchun ham ancha vaqtimiz ketdi.

Aholi xavfli “qo‘shni” paydo bo‘layotganidan xavotirda

Dastlab shu ko‘chada yashovchi fuqarolarning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik. «Xavfli qo‘shni»li bo‘layotgan 20-uyda yashovchi Muxtorjon Mo‘minov shunday deydi:

«25 yildan beri mana shu manzilda yashaymiz. Xonadonimizda ikki oila bor. Yaqinda kichik o‘g‘limni uylantirish taraddudidaman. Shuning uchun hovlimning etagiga uy soldik. Bundan uch yil oldin qo‘shni yerning egasi Olimjon degan yigit kelib: «Aka, metan-zapravka qurmoqchiman. Hujjatga siz imzo chekib bermasangiz, “pojar” ruxsat bermas ekan», deganida: «Men bu yerda bola-chaqam bilan yashayman. Xavf ostida istiqomat qilish mumkin emas», deb rozi bo‘lmagan edim.

Keyin yerning yangi egalari kelib birovdan ruxsat so‘ramay, aholi ruxsatisiz qurilishni boshlashdi. Hayronman, qonun yo‘q. Nahotki har kim xohlaganini qilib ketaversa. Men shaxsan xonadonimning biqinida «metan-zapravka» qurilishiga qarshiman! »

Qo‘shnilardan Habibullo Yusupov va Mirzohid Hoshimjonov noqonuniy qurilish hamda ko‘p yillik manzarali daraxtlarning kesib tashlanishi bo‘yicha tegishli idoralarga yozgan murojaatlari besamar ketganini aytishdi.

Shikoyat tushgan hududga borganimizda «metan-zapravka» qurilishi avjida ekaniga guvoh bo‘ldik. Quruvchi va ish yurituvchilar bu obekt kim tomonidan qurilayotganiga doir savollarimizga javob bermay, mikrofondan qochishdi. O‘zini Husanboy deya tanishtirgan ish yurituvchi hujjatlar ofisda ekanini aytib, hech qanday hujjat taqdim qilmadi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, o‘zini «metan-zapravka» matbuot xizmatidan deya tanishtirgan Ibrohimjon Mamatqulov kelib bizga qurilish va ekologiyadan barcha me’yoriy hujjatlar mavjudligini va ikki kun ichida taqdim etishini bildirdi.

Mamatqulov shoxobcha «Mustahkam Oil Metan» MChJ tomonidan qurilayotganini aytdi (keyinchalik bu ma’lumot noto‘g‘ri ekani aniq bo‘ldi). U «zapravka»ga qo‘shni xonadonlar bilan muammo yo‘qligini da’vo qilib, hatto ularning uylari fasadi ta’mirlab berilganini ta’kidladi.

Qo‘shni xonadonlardan birining sohibi Mirzohid Hoshimjonov esa ulardan devorini shuvoq qilib berishlarini so‘ramaganini, buni o‘zlarining “zapravka”si chiroyli ko‘rinishi uchun qilganliklarini aytmoqda.

Viloyatdagilar hayron... Va shu bilan birga jim

Biz holatga oydinlik kiritish maqsadida Namangan viloyat hokimligida bo‘ldik. Viloyat hokimligi navbatchilari viloyat ekologiya boshqarmasi va qurilish mutasaddilari bilan uchrashtirishdi.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Qobiljon Mirahmedov «metan-zapravka» qurilayotgan hududdagi manzarali daraxtlarning kesilishiga boshqarma tomonidan ruxsat berilmagani, bu bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, natijalarini ikki kun davomida taqdim etishga va’da berdi. Lekin oradan qariyb bir oy vaqt o‘tsa-da, hech qanday ma’lumot taqdim qilingani yo‘q.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akromjon Oxunov Jaloliddin Manguberdi ko‘chasidagi «metan-zapravka» qurilishidan bexabarligini bildirdi.

Qurilish mutasaddisining Ibrohimjon Mamatqulov tilga olgan nom – «Mustahkam Oil Metan» MChJ bilan bog‘liq obektlarni qidirishga urinishlari natija bermadi. Akromjon Oxunov ham barcha ma’lumotlarni ikki kuni ichida taqdim qilishini ma’lum qildi.

Oradan ikki kun o‘tib, mutasaddi hujjatlar to‘plamini yubordi. Qarangki, qurilishni boshlashiga ruxsat beruvchi 2022 yil 23 iyul kungi 49844-sonli shaharsozlik kengashi xulosasida «bu qurilishdan xabarim yo‘q», degan mansabdorning imzosi turardi.

Hujjatlarda qurilish «SD SERVIS CENTER» MChJ tomonidan olib borilayotgani aks etgan. To‘plamda talab qilinadigan me’yoriy hujjatlarning yig‘indisi to‘la emas va e’tirozli detallar ko‘p.

Qurilish boshqarmasi o‘rinbosarining o‘zi taqdim etgan hujjatlar ichida Qurilish vazirligiga qarashli «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi»ning 2022 yil 20 iyuldagi 51193-yig‘ma xulosasi bo‘lib, unda ekologik ekspertiza xulosasi yo‘qligi va boshqa bir nechta hujjatlar taqdim qilinmagani sabab qurilishga tavsiya etilmagani keltirilgan.

Biroq ayni paytda shaharsozlik kengashi va Davlat arxitektura-qurilish nazorati (GASN) inspeksiyasi tomonidan berilgan hujjatga binoan, qurilish ishlari davom etmoqda.

Mahalla raisi ham «sherik»

Jaloliddin Manguberdi ko‘chasida joylashgan «Go‘zal» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhiddinov qurilish obekti atrofida aholi turar joyi yo‘qligi haqida ma’lumot bergan. Aholi vakillari bizga mahalla raisi bilan suhbatda Muhiddinov xatosini tan olgan videolavhani taqdim etdi.

Qurilayotgan «zapravka» kimga tegishli?

Mahalliy aholi bu «metan-zapravka» Namangan viloyatidagi ko‘plab AGTKSlarga egalik qiluvchi, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning qudasi ekani aytilayotgan Qudratboy ismli shaxsga tegishliligini ta’kidlamoqda.

Jaloliddin Manguberdi ko‘chasidagi qurilish bo‘yicha o‘zini «matbuot xizmati rahbari» sifatida tanishtirib, izoh bergan Ibrohimjon Mamatqulovning bu ishga aralashgani ham mahalla ahlining fikrlarini tasdiqlayotgandek go‘yo. Boisi Kun.uz'ning avvalroq Namangandagi metan gazi narxlariga oid surishtiruvlarida aynan shu shaxs – Ibrohim Mamatqulov tahririyat bilan bog‘langan, namanganlik Qudratbek Abdullayevning yordamchisi ekanini aytib, viloyatda uning egaligidagi 20 dan ortiq AGTKSlar borligini tasdiqlagandi.

Qudrat Abdullayev, O‘zbekiston 24 telekanalidan

Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Farhod Mamadaliyev Kun.uz so‘roviga javoban viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov va Qudrat Abdullayevlarning o‘zaro quda ekanini tasdiqladi. Mamadaliyevning aytishicha, qudachilik rishtalari o‘rnatilganiga endi 1 yil bo‘lgan, Qudrat Abdullayev esa azaldan tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan, uning ishbilarmonlik faoliyatida viloyat hokimining o‘rni mavjud emas.

Darhaqiqat, taqdim etilgan hujjatlarda nomi keltirilgan MChJda Qudrat Abdullayev shaxsi haqida ma’lumot uchramaydi. Ammo manbalarning tasdiqlashicha, bu shaxs o‘zi boshqaradigan (aksariyat) kompaniyalarga rasman egalik qilmaydi, hujjatlarda nomi ko‘rinmaydi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Farhod Mamadaliyev ham Jaloliddin Manguberdi ko‘chasidagi bu qurilish bo‘yicha izoh berishni lozim topmadi.

Taxmin

Guvohi bo‘lganingizdek, portlash sodir bo‘lishi ehtimoli katta bo‘lgan, alohida ahamiyatga ega xavfli obekt aholi zich yashaydigan ko‘chaning qoq o‘rtasiga, kamiga xonadonlarga taqab qurilmoqda.

Normativ hujjatga ko‘ra, siqilgan gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi bilan turar joy majmualari o‘rtasidagi himoya zonasi 50 metrdan kam bo‘lmasligi shart.

Ammo mas’ul idoralar barchasiga ko‘z yumib, qonunsizliklarga jim qarab turibdi. Bunga sabab esa taxminan ma’lum – viloyatdagi qudratli shaxslar.

Qonunlar ustuvor ekani aytiladigan mamlakatda inson qadri yuqori turarmikin yoki nepotizm, quda-andachilik va uning ortidan kuch oladigan qudratmi?

Vaziyatni kuzatishda davom etamiz.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: