YeK rahbari: «Ukraina qurolli kuchlarining jasorati hayratlanarli»

Jahon 08:39 / 16.09.2022 8394

Ukrainaning Yevropa ittifoqiga qo‘shilishiga olib kelishi kerak bo‘lgan jarayon «qizg‘in pallada». Bu haqda 15 sentabr, payshanba kuni Yevrokomissiya (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen Kiyevda Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Tezlik, qat’iyat va aniqlik bilan oldinga intilayotganingiz hayratlanarli», dedi u. «Biz Ukrainada biznes tuzilmalari ko‘proq bo‘lishi, ko‘proq daromad olishi va shu tariqa, Ukrainaning yagona Yevropa bozoriga to‘siqsiz kirishini ta’minlash uchun imkon qadar faol ishlashimiz kerakligiga kelishib oldik», dedi fon der Lyayyen. U Kiyev uchun tarifsiz savdo to‘siqlari va Ukrainani Yevropa ittifoqining erkin rouming zonasiga kiritish rejalashtirilganini misol sifatida keltirdi. 

«Biz uchun Ukrainaning Yevroittifoq yagona bozoriga kirishi masalasi dolzarb, biz Yevropa ittifoqiga a’zolik maqomi yo‘lida turibmiz. Ishonchim komilki, bu amalga oshadi va mamlakatimizning eng muhim g‘alabalaridan biri bo‘ladi», - dedi Volodimir Zelenskiy o‘z navbatida. 

Ukrainadagi janglar haqida gapirar ekan, YeK rahbari Kiyevning yaqinda amalga oshirgan qarshi hujumini yuqori baholadi. «Shuningdek, sizni harbiy muvaffaqiyatlaringiz bilan tabriklamoqchiman», dedi fon der Lyayyen. Uning so‘zlariga ko‘ra, u jarayonni hali mustahkamlash kerakligini biladi. «Ammo Ukraina qurolli kuchlarining jasorati hayratlanarli», dedi u. 

Zelenskiy, o‘z navbatida, havo hujumidan mudofaa tizimlari (HHM) Ukrainani Rossiya zarbalaridan himoya qilishning ustuvor tomoni ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev ushbu mudofaa tizimlarini yetkazib berish ehtimoli bo‘yicha Isroildan haligacha ijobiy javob olmagan. Volodimir Zelenskiy, shuningdek, avvalroq Germaniya va AQSh Kiyevga va’da qilgan havo hujumidan mudofaa tizimlari ham haligacha Ukrainaga yetib kelmaganini aytdi. 

Ursula fon der Lyayyen Ukraina rahbarini Bryussel Kiyevni qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. «Ukrainaliklar tomonidan qurbonlar ko‘lami bo‘yicha biz hech qachon siz bilan tenglasha olmaymiz, ammo shuni aytishimiz mumkinki, sizning yevropalik do‘stlaringiz qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha siz bilan birga bo‘lishadi», - deb va’da berdi YeK raisi.

Fon der Lyayyen Ukrainaga qurol yetkazib berish haqida gapirar ekan, Yevropa ittifoqining barcha davlatlari bir xil yondashuvga amal qilishini aytdi. Kiyevni harbiy texnika bilan qo‘llab-quvvatlash juda muhim va zarur, bu uning uchun o‘zini himoya qilishda kerak bo‘ladi, dedi u. Ukraina yaxshi jihozlangan bo‘lsa, o‘zini o‘zi himoya qilishga qodir ekanini isbotladi, deb ta’kidladi YeK rahbari. 

Bu - fon der Lyayyenning urush boshlanganidan beri Ukrainaga uchinchi tashrifi. YeK rahbari Zelenskiy bilan muzokaralar olib bordi va Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal bilan gaplashdi. 

Avvalroq, 14 sentabr kuni Strasburgda fon der Lyayyen Rossiya yaqin kelajakda Yevropa ittifoqi tomonidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bekor qilinishiga umid qilmasligi kerakligini aytgan edi. «Men sanksiyalar uzoq davom etishiga hech qanday shubha qoldirmoqchi emasman», dedi fon der Lyayyen, Yevroparlament deputatlari oldida Yevropa ittifoqidagi vaziyat haqida nutq bilan chiqish qilib.

Ko‘proq yangiliklar: