YeI davlatlari Rossiyada inson huquqlari buzilishini fosh qilish niyatida

Jahon 09:04 / 16.09.2022 4036

Yevropa ittifoqining bir guruh davlatlari BMT Inson huquqlari kengashiga Rossiyadagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni kuzatish uchun mustaqil ekspert tayinlash iltimosi bilan murojaat qilishga kelishib oldi. Bu haqda 15 sentabr, payshanba kuni AFP, Reuters va AP axborot agentliklari manbalarga tayanib xabar berdi.

Ularga ko‘ra, bir necha hafta davom etgan qizg‘in muhokamalardan so‘ng, Vengriyadan tashqari Yevropa ittifoqiga a’zo 26 davlat payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yopiq majlisda Rossiya bo‘yicha yangi maxsus ma’ruzachining kengash tomonidan ma’qullanishini nazarda tutuvchi rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqishga qaror qildi. Lyuksemburg hujjatni ilgari surishda yetakchilik qilishga rozi bo‘ldi. 

Shu hafta boshida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada al-Nashif Rossiya hukumati Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi muxoliflarini ta’qib qilib, qo‘rqitayotgani hamda so‘z va yig‘ilishlar erkinligini cheklash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rayotganini aytdi. 

24 fevral kuni Ukrainaga qurolli bosqin boshlanganidan keyin Rossiya BMT Inson huquqlari kengashidan chiqarib yuborildi. Bir qator inson huquqlari tashkilotlari kengashni Rossiyada inson huquqlari buzilishi ehtimoliy holatlarini tekshirish uchun mustaqil organ tuzishni talab qiluvchi rezolyutsiya qabul qilishga chaqirdi. 

Rossiyada Ukrainaga bostirib kirish boshlanganidan beri urushga qarshi namoyishlarning 16 mingdan ortiq ishtirokchisi qo‘lga olindi, armiyani obro‘sizlantirish ma’muriy moddasi bo‘yicha uch mingdan ortiq bayonnoma tuzildi, Rossiya armiyasiga qarshi «feyklar» moddasi bo‘yicha yuzdan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 

O‘nlab odamlar, jumladan Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin kabi taniqli siyosatchilar hibsga olingan. Minglab saytlar bloklangan. 

Ko‘proq yangiliklar: