Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Axmet Misbah Demirjan 15 sentabr kuni XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida bo‘lib o‘tgan Turk kinosi kunlari tadbirida yuzaga kelgan vaziyat uchun rasman uzr so‘radi.
Bu haqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati vakili Shoxira Hamro o‘z Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Shoxira Hamroga ko‘ra, Demirjan agentlik rahbari bilan suhbatda avvalo festivalni yuqori darajada o‘tkazish uchun tashkilotchilar tomonidan barcha choralar ko‘rilganini qayd etgan. Unga ko‘ra, o‘zbek tomoshabinlarining ikki davlat madaniyati, kinosiga bo‘lgan hurmat, e’tiborini hisobga olgan holda Hind va Turk kino kunlarini o‘tkazishga alohida tayyorgarlik ko‘rilgani ikki mamlakat vakillari va kinoijodkorlarini quvontirgan.
“Tadbir ssenariysi bo‘yicha marosimga taklif etilgan barcha 11 nafar turk kinoyulduzlari birgalikda sahnaga chiqishlari, muxlislar qarshisida birgalikda o‘tirishlari kerak edi. Buni sahnada 3ta stulning bo‘sh qolishidan ham bilish mumkin.
Har bir kinoyulduzning o‘ziga yarasha xarakteri bor, hamkasblar o‘rtasidagi munosabat ularning o‘z ichki ishi, sahnaga chiqish yoki chiqmaslik, kim bilan o‘tirish yo o‘tirmaslik masalasi har kimning o‘z tanlovidir.
Shu o‘rinda Turkiya madaniyat va turizm vazirligi yuqori darajadagi tashkilotchilik uchun O‘zbekiston Kinematografiya agentligiga o‘zining chuqur minnatdorchiligini bildiradi. Yuzaga kelgan holat uchun tashkilotchilarni ayblamaslikni so‘raydi”, deya holatni izohlagan Axmet Misbah Demirjan.
O‘z o‘rnida Kinematografiya agentligi ham o‘zbek kino muxlislaridan ushbu voqeani izohlashda Toshkent xalqaro kinofestivaliga tashrif buyurgan har bir kinoijodkor vatanimizda aziz mehmon ekanligini unutmasliklarini so‘ragan.
“Biz har qanday holatda ham ularning ichki ishlariga aralashmasdan, o‘zbekona mehmonnavozlik tamoyillariga amal qilishimiz lozimligini so‘rab qolgan bo‘lar edik”, – deyiladi xabarda.