Qirg‘iziston Tojikistonni hududni egallab olishga urinishda aybladi

Jahon 15:43 / 16.09.2022 12435

Tojikiston Qirg‘iziston bilan chegaraga og‘ir harbiy texnikani olib kelyapti va bu davlat hududini o‘qqa tutish uchun «barcha mavjud arsenaldan foydalanib», uning bir qismini egallab olishga harakat qilmoqda. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) shunday bayonoti 16 sentabr, juma kuni Qirg‘izistonning vesti.kg internet nashrida e’lon qilindi.

Avvalroq Qirg‘izistonning economist.kg internet nashri Tojikiston Botkendagi aeroportni raketalar bilan o‘qqa tutgani va shahardagi «fuqarolik infratuzilmasi obektlari»ni vayron qilgani haqida xabar bergan edi. 
 
24.kg internet nashri Qirg‘izistonning Botken viloyati ma’muriyatiga tayanib yozishicha, chegaraning «butun perimetri bo‘ylab» - Qizilbel, Ko‘ktosh, Tamdiq, Do‘stuk qishloqlari, Tortkocho hududida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Qayd etilishicha, chegaraga yaqin qishloqlar aholisini evakuatsiya qilish boshlangan. 

16 sentabr kuni ertalab Qirg‘iziston chegara xizmati Tojikiston tomoni Ekitosh, Chirdobo, Qummozor va Ortobo‘z hududlaridagi chegara otryadlari va qirg‘iz tomoni pozitsiyalarini o‘qqa tuta boshlaganini ma’lum qildi. Botken chegara otryadiga qarashli «Ko‘ktosh» chegara postiga qarashli hududga minomyotlardan o‘q uzilgan.

Ayni paytda, Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini «og‘ir qurollardan» o‘qqa tutishda aybladi. 

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara barcha hududlarda belgilanmagan va shu sababli vaqti-vaqti bilan to‘qnashuv hududiga aylanib bormoqda. 

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegarada vaziyat oxirgi marta 14 sentabr kuni keskinlashdi, o‘shanda chegarachilar chegaraning uchta uchastkasida otishma uyushtirdi. Oqibatda tojik tomondan ikki kishi (har ikkisi harbiy xizmatchi) halok bo‘lgan va yana 11 kishi jarohatlangan, qirg‘iz tomondan kamida besh kishi, jumladan bir bola jarohatlangan. Hozirgacha mojaroda kamida uch kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi jarohatlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: