«Bu yerdan tirik olib chiqaman. Lekin tirik qaytarishga kafolat bermayman» - Prigojin mahbuslarni Ukraina urushiga qanday jalb qilmoqda?

Jahon 11:31 / 16.09.2022 35029

Internetda Rossiyadagi jazoni ijro etish koloniyalaridan birida biznesmen Yevgeniy Prigojin mahbuslarni Ukrainadagi urush uchun «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollayotgani aks etgan video tarqaldi. Video qaysi koloniyada suratga olingani aniq emas, taxminlarga ko‘ra, bu Mariy El markazi Yoshkar-Oladagi 6-IK.

«Putinning oshpazi» laqabi bilan mashhur bo‘lgan biznesmen Yevgeniy Prigojinning mahbuslar oldidagi chiqishining to‘liq matnini Meduza nashri keltirmoqda.

«Men xususiy harbiy kompaniya vakiliman. Ehtimol eshitgandirsiz — ChVK «Vagner» deb ataladi. Urush juda og‘ir kechmoqda. U yerda chechenlar va ularga o‘xshaganlar urushmoqda. Mening kompaniyamda o‘q-dorilarning sarfi Stalingraddagidan ikki yarim barobar ko‘proq.

Birinchi gunoh ish — dezertirlik. Hech kim ortga tisarilmasligi kerak. Hech kim chekinmaydi. Hech kim asirga tushmaydi. Mashg‘ulotlarni o‘tay boshlaganlaringda sizlarga doim yonlaringda bo‘lishi kerak bo‘lgan ikkita granata haqida so‘zlab berishadi. Ikkinchi gunoh — alkogol va narkotiklar. Bu biz bilan yarim yillaringda bo‘ladigan harbiy harakatlar zonasi uchun taalluqli. Uchinchi gunoh — marodyorlik. Mahalliy ayollar, flora, fauna, erkaklar va boshqalar bilan ishqiy munosabatlarga kirishish ham kiradi bunga.

Biz oladigan minimal yosh — 22 yosh. Agar bundan yosh bo‘lsa — qarindoshlarining rozilik xati kerak. Maksimal yosh shartli ravishda 50 yosh qilib belgilangan. Agar bu yoshdan katta va baquvvat bo‘lsa, shu yerning o‘zida elementar sinovlardan o‘tkazib, nechog‘lik sog‘lom ekanini tekshirib ko‘ramiz. Jismoniy holat nihoyatda muhim. Odam nechog‘lik sog‘lom va baquvvat ekanini ko‘ramiz, shunga ko‘ra qaror chiqarib olamiz.

Men bilan birga urushgan ilk mahbuslar 1 iyun kuni Uglegorsk IESni shturm qilishgan. Piterdan 40 kishi olib kelgandik, retsidivistlar. 40 kishi dushmanning okopiga yo‘l olib, pichoq bilan so‘yib chiqishgan. Uch kishi o‘ldi, yetti kishi yaralandi. O‘lganlardan biri 52 yoshda edi, o‘ttiz yil o‘tirgan. Qahramonlarcha halok bo‘ldi.

228-modda (Narkotik va psixotrop moddalarni noqonuniy ishlab chiqarish, o‘tkazish va jo‘natish) bo‘yicha o‘tirganlarga, narkotik moddalarga bog‘lanib qolishi bor-yo‘qligiga alohida e’tibor beramiz. Agar savollar paydo bo‘lsa, qaror chiqarish huquqini o‘zimizda qoldiramiz. Hozircha sizlarni olib ketish, irodalaring naqadar mustahkamligini poligrafda savollar berib sinash uchun tayyorlanmoqdamiz.

Biz jinsiy tajovuz moddalari bo‘yicha o‘tirganlarga juda ehtiyot bo‘lib munosabatda bo‘lamiz. Lekin xatolar bo‘lib turishini ham inobatga olamiz.

Bizga kimlar kerak? Bizga faqat shturmchilar kerak. Yigitlarimizning 60 foizi shturmchilar va sizlar ham ulardan biri bo‘lasizlar. Bizdan hech narsa bilan farq qilmaysizlar. Qo‘limda uzoq yillar jang qilib, o‘nlab urushlarni ko‘rganlarga ko‘rsatilayotgan muomala qilinadi, ba’zan undan ham yaxshiroq.

O‘t ochib qo‘llab turuvchi vzvodlar va hujumni ta’minlovchi boshqa bo‘linmalarda jang qilasizlar. Menga tegishli ChVKda bir necha xil samolyotlar bor, birvarakayiga o‘t ochish raketa tizimi bor, tanklar bor, xullas samarali hujum qilish uchun hamma narsa bor.

Oldinga harakat qiladigan ildamlarda tirik qolish uchun imkoniyat ko‘proq bo‘ladi. Kimki ortga tisarilsa, nima qilishni bilmay turib qolsa — tushunarliki, albatta loyga qorishadi.

Sizlarga so‘zlab berganimdan so‘ng suhbat jarayoni bo‘lib o‘tadi. Unda qisqa vaqt o‘zim bo‘laman, shundan so‘ng bir necha kishi ikki-uch soat davomida har birlaring bilan ko‘zlaringga qarab savol-javob qiladi.

O‘lganlar masalasi. Jasadlar vasiyatnomalaringda ko‘rsatilgan manzilga yetkaziladi. Qarindoshlaringga topshiriladi yoki ko‘rsatgan joylaringga dafn etamiz. Hammani o‘z shahridagi qahramonlar xiyobonida dafn etamiz. Kim qayerga dafn etilishini bilmasa Goryachiy Klyuchdagi «Vagner» ChVK ibodatxonasi yoniga ko‘miladi.

Tirik qolganlar yarim yildan so‘ng afv etilib uyiga ketadi. Biz bilan keyinchalik ham qolishni istaganlar qolaveradi. Shu sababli, zonaga qaytib kelish varianti yo‘q. Birinchi kuni keliboq «Men o‘zim istamagan joyga tushib qolibman-ku», deydiganlar «dezertir» deb qayd qilinadi va otib tashlanadi.

Savollar bormi? Savollardan so‘ng hamma suhbatdan o‘tish uchun jonli navbatga turadi. Qaror qabul qilish uchun besh daqiqa vaqt beraman. Biz ketganimizdan so‘ng vaqt tugaydi. U yog‘ini peshonadan ko‘rasizlar.

Kafolat va ishonch masalalari quyidagicha: o‘n yillab qamoq jazosi olgan kimnidir shu yerdan chiqara oladigan tanishi bormi? Yoki xudo yoki yog‘och yashik chiqara olishi mumkin. Men esa sizlarni tirik olib chiqaman. Tirik qaytarishga esa kafolat bermayman. Xo‘sh, yigitlar, savollar bormi? Hammasini oddiygina qilib tushuntirib qo‘ydim… O‘ylash uchun ketishimizdan avval besh daqiqa beraman. Shu yerdaligimizda — tanlanglar. Kim xohlasa — biz bilan ketadi».

Ushbu video internetda tarqalgach, odamxo‘r, qotil va zo‘ravonlar ozodlikka chiqishiga e’tirozlar bildirildi, ko‘p o‘tmay «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi egasi Yevgeniy Prigojin bu bo‘yicha izoh berdi.

«Xususiy harbiy kompaniyada zeklar urushishini istamaganlar, o‘z farzandlaringni frontga jo‘natinglar. Yo ChVK va zeklar, yo bolalaringiz — o‘zlaring tanlanglar», — degan Prigojin.

Ukrainaga qarshi urushda «Vagner» ChVKga yollanib ishtirok etishni istagan mahbuslarga to‘liq amunitsiya va qurol-yarog‘lardan tashqari, 6 oy davomida oyiga 100 ming rubl maosh va’da qilingan.

The Insider nashri huquq faoli Ivan Astashinga asoslanib xabar berishicha, Yoshkar-Oladagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasida Prigojinning tashrifidan keyin 150 nafarga yaqin kishi ko‘ngilli sifatida Ukrainadagi urushga yollangan.

Ko‘proq yangiliklar: