AQShda Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan oluvchi hujjat taqdim etildi

Jahon 08:44 / 16.09.2022 6939

AQSh Senatiga Rossiyani terrorizm homiysi bo‘lgan davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi taqdim etildi. Hujjatni 14 sentabr, chorshanba kuni demokrat Richard Blyumental va respublikachi Lindsi Grem taqdim etdi. Matbuot anjumanida ular Ukrainada tinch aholining o‘ldirilishi va boshqa jinoyatlarning ko‘plab dalillari tufayli o‘z takliflarini dolzarb deb atadi. Ovoz berish sanasi hozircha ma’lum emas. 

Iyul oyi oxirida AQSh Senati Rossiya hukumatini Chechenistondagi ikkinchi harbiy yurish paytida tinch aholiga qarshi terror va kuch ishlatish kampaniyasini amalga oshirganlikda, Suriyada zarbalar berganlikda hamda 2014 yildan beri Donbassda ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblab, majburiy kuchga ega bo‘lmagan rezolyutsiya qabul qildi.

AQSh Senati «Rossiya hukumatining Rossiya prezidenti Vladimir Putin ko‘rsatmasi bo‘yicha amalga oshirilgan harakatlarini terrorchilik harakatlariga homiylik qilish sifatida ko‘rmoqda». Shu bilan birga, hujjatda «ushbu rezolyutsiyadagi hech narsa harbiy kuch ishlatish yoki AQSh harbiy kuchlarining jangovar harakatlarga kirishishiga ruxsat beruvchi jihat sifatida talqin etilmasligi» belgilandi. Shundan so‘ng, Moskva AQSh Kongressi Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olsa, Vashington bilan munosabatlariga «juda salbiy» baho berishini bildirdi. 

Terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritish Oq uyga, xususan, ushbu davlat aktivlarini muzlatib qo‘yish, shuningdek, u bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab turgan uchinchi davlatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkonini beradi. AQSh bu maqomni to‘rtta davlatga bergan: Shimoliy Koreya, Kuba, Eron va Suriya. AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning ushbu ro‘yxatga kiritilishini qo‘llab-quvvatlamayapti. 

Ko‘proq yangiliklar: