AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi

Jahon 09:12 / 16.09.2022 7607

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 600 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini topshirishni buyurdi, deb xabar berdi 15 sentabr, payshanba kuni Oq uy matbuot xizmati. 

Prezidentning tarqatilgan memorandumida aytilishicha, u Ukrainaga «600 million dollargacha» yordam ajratish bo‘yicha «davlat kotibiga vakolat bergan». Ushbu mablag‘lar Qo‘shma Shtatlarning «Mudofaa vazirligi xarajatlari moddalarini qisqartirish» hisobidan ajratiladi hamda «harbiy ta’lim va kadrlarni o‘qitish» uchun ham ishlatiladi. 

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, yangi harbiy yordam paketiga, xususan, HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun «qo‘shimcha» o‘q-dorilar, 36 000 ta 105 millimetrli artilleriya snaryadlari va 1000 ta aniq boshqariladigan 155 millimetrli artilleriya snaryadlari kiritilgan. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga to‘rtta artilleriyaga qarshi radar, og‘ir texnikani tashish uchun yuk mashinalari va tirkamalar, UUAga qarshi tizimlar, minalardan tozalash uskunalari, Claymore piyodalarga qarshi o‘q-dorilari, portlovchi moddalar, o‘qotar qurollar va ular uchun patronlar, tungi ko‘rish moslamalari, sovuq harorat uchun kiyim-boshlar va boshqa dala jihozlarini yetkazib beradi, deyiladi xabarda. 

«Ukrainaning jang maydonidagi o‘zgaruvchan ehtiyojlarini qondirish uchun Qo‘shma Shtatlar ittifoqdoshlari va hamkorlari bilan Ukrainaga asosiy imkoniyatlarni taqdim etish bo‘yicha ishlashda davom etadi», — deya ta’kidladi Pentagon. 

Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi boshlanganidan beri Vashington Kiyevga xavfsizlik uchun yordam sifatida taxminan 15,1 milliard dollar yo‘naltirdi. 

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken yangi yordam paketining ajratilishiga izoh berar ekan, «prezident Bayden Ukraina xalqini kerak bo‘lgan vaqtgacha qo‘llab-quvvatlashimizni ochiq aytdi», dedi. Davlat kotibi so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga «jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirish va vaqti kelganda muzokaralar stolidagi o‘rnini mustahkamlash» imkonini taqdim etyapti. 

Ko‘proq yangiliklar: