Fevraldan buyon ilk uchrashuv. Putin Sini Ukraina bo‘yicha pozitsiya uchun maqtadi

Jahon 22:12 / 15.09.2022 31420

Putin va Si Samarqandda 15-16 sentabr kunlari bo‘lib o‘tayotgan ShHT sammitida uchrashdi. Ikki yetakchi uchun ham bu so‘nggi vaqtlardagi kam sonli xorijiy safarlardan biri bo‘ldi. Putin Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon uch marta xorijga chiqqan, Si Jinpingda esa bu 2020 yilgi pandemiyadan buyon ilk rasmiy safar bo‘lmoqda.

Rossiya prezidenti Ukrainadagi urush masalasida «xitoylik do‘stlarning muvozanatli pozitsiyasi»ni yuksak qadrlashini aytdi, shuningdek Xitoyni qo‘llab-quvvatlagan holda «AQSh va uning satellitlarining Tayvan bo‘g‘ozidagi provokatsiyalari»ni qoraladi.

Xitoyliklar yetakchisi esa ancha silliqlashtirib gapirdi va Xitoy «Rossiya bilan birgalikda buyuk kuchlar rolini o‘z zimmasiga olishga hamda dunyoga barqarorlik va ijobiy energiya olib kelish uchun yetakchilik rolini o‘ynashga tayyorligi»ni aytdi.

Hindiston, Pokiston, Turkiya, Eron va mintaqaning boshqa mamlakatlari ham ShHT sammitida hozir bo‘lishgan, ammo Kremlda aynan Putin va Sining uchrashuviga alohida urg‘u qaratilmoqda.

«Hozirgi xalqaro vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mazkur uchrashuvning o‘zi alohida ahamiyatga ega. Xitoy Ukrainadagi vaziyatga bosiqlik bilan yondashmoqda, Rossiyani maxsus harbiy amaliyot boshlashga majbur qilgan sabablarni tushunishini aniq ifoda etmoqda va bu masala, albatta, batafsil muhokama etiladi», degandi avvalroq Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov va uchrashuvni «uzoq kutilgan o‘zaro kontakt» deb atagandi.

Ikki davlat rahbarlari bundan oldin fevralda, Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlari vaqtida uchrashishgandi, shundan keyin quyidagicha qo‘shma bayonot berishgan: «Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik chegara bilmaydi». Shundan bir necha hafta o‘tib Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgandi.

Moskva nimaga erishmoqchi va Pekin nimani ko‘zlagan?

ALEXANDR DEMYANCHUK/ Kremlin

Ukrainaga bostirib kirilganidan keyin Putin G‘arb tomonidan yakkalatib qo‘yildi va Si Jinping kabi dunyoning nufuzli yetakchilari bilan uchrashish Kreml uchun Putinning jahon maydonidagi obro‘sini saqlab qolishda qo‘l kelishi mumkin. Ammo Rossiya prezidenti oldida yanada dolzarbroq vazifalar turibdi.

Ukrainadagi urush misli ko‘rilmagan sanksiyalar to‘lqinini keltirib chiqargani hisobga olinsa, Rossiya hozirda Xitoy investitsiyalari, texnologiyalari va ikki tomonlama savdodan juda manfaatdor. G‘arb kompaniyalari yoppasiga Rossiya bozorini tark etgach, Putinga ularning o‘rnini Xitoy firmalari egallashi muhim hisoblanadi.

Ammo amalda bunday bo‘lishi ehtimoli kam. Rossiyadan Xitoyga eksport kundan kunga o‘smoqda, Xitoydan import sur’atlari esa, aksincha susaymoqda.

Bundan tashqari, G‘arb Rossiya nefti va gaziga bog‘liqligini keskin kamaytirishga harakat qilishi ortidan Moskva o‘z energiya eksportini Sharqqa, jumladan Xitoyga yo‘naltirishga urinmoqda.

Moskva Ukrainadagi urushni davom ettirish uchun qurol-yarog‘ yetkazib berilishiga ham katta ehtiyoj sezmoqda, ammo - bayonotlarda xayrixohlik qilayotganiga qaramay - Xitoy Rossiyaga harbiy yordam masalasida juda ehtiyotkor.

Si Jinping uchun ham O‘zbekistonga tashrif va Putin bilan uchrashuv muhimdir, chunki bir oydan keyin, 16 oktyabrda Xitoyda Kommunistik partiyaning XX-Butunxitoy qurultoyi bo‘lib o‘tadi va unda Si uchinchi muddatga saylanishi (bunaqasi avval kuzatilmagan) kutilmoqda.

Tayvan va Hongkongdagi OAV Sining ShHT sammitiga safarini uning partiyani ham, mamlakatni ham to‘liq nazorat qilishiga ishora sifatida qabul qilishmoqda. Bundan tashqari, Xitoy shu tariqa AQShga xalqaro maydondagi o‘rnini saqlab qolish niyatida ekanini ochiq-oydin ifoda etmoqchi bo‘lishi mumkin.

Harbiy muvaffaqiyatsizliklar fonida

Si va Putinning uchrashuvi ukrain qo‘shinlarining keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tishi fonida ro‘y berdi.

Pekin, Ukrainadagi urush masalasida «betaraf pozitsiya» saqlab qolishga urinib keladi. Bir tomondan Xitoy rasmiy shaxslari bir necha marta bu urush uchun AQSh va NATO ham javobgar ekanini aytishdi, boshqa tomondan Rossiyani bundan ortiq qo‘llab-quvvatlashmadi.

Tahlilchilar fikricha, Rossiya qo‘shinlarining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi Si Jinpingga Putin bilan muzokaralarda ustun mavqe taqdim etadi. Shu bilan birga, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning umumiy yo‘nalishlariga ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki ular umumiy strategik manfaatlarga ega - G‘arbga qarshi turish.

«Rossiya yengadimi yoki yo‘q, Xitoy Rossiya bilan aloqalarni yanada rivojlantirish istagini o‘zgartirmaydi. Agar Rossiya g‘alaba qozonsa, Xitoy katta ta’sirga ega ittifoqchiga ega bo‘ladi. Agar Rossiya yutqazsa, Xitoyning vassaliga aylanishi mumkin», deb hisoblaydi Wall Street Journal nashri bilan suhbatda Amerikadagi Stimson tahlil markazining Xitoy dasturi direktori Yun Sun.

Ko‘proq yangiliklar: