“Ayblanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashga majbur emas” - advokatlar

Jamiyat 17:21 / 14.09.2022 13848

– Aybdorlikka oid barcha shubhalar, ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan taqdirda, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunni qo‘llash jarayonida kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi zarur. Bu normalarning Konstitutsiyaga kiritilishini muhim takliflardan deb bilaman. Bu norma bilan bog‘liq amaliyotda qanday muammolar bor edi?

Ilyos Yusupov:

– Bu hozir ham muammo bo‘lib turibdi. Sababi bu – aybsizlik prezumpsiyasi. Bu – advokatlar tomonidan ko‘p ishlatiladigan modda. Shaxsning biror bir ijtimoiy qilmish sodir etganini isbotlash uchun dalillar majmuasi bo‘lishi kerak. Birgina dalil yetishmay qolgan taqdirda ham bu gumonga aylanadi. Gumonga aylangan holat ayblanuvchining foydasiga hal etilishi kerak.

Ishtirok etgan ishlarimizning aksariyati aybsizlik prezumpsiyasiga e’tibor qaratamiz. Ayrim holatlarda biror shaxs o‘zining tanishi yoki do‘stining manfaatlari yo‘lida ayblanuvchiga qarshi ko‘rsatma berishi mumkin. O‘sha paytda boshqa dalillar yetarli bo‘lmaydi. Bunday holatda arzirli dalillar bo‘lmasa, ayblanuvchini ayblab bo‘lmaydi. Bu Jinoyat kodeksida ham belgilab qo‘yilgan.

 Ilyos Yusupov, advokat

Lekin ushbu moddani ishlatish ma’lum bir ma’noda qiyinroq. Agar bu ham konstitutsion o‘zgartirishlarga kiritiladigan bo‘lsa, bu holatga ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar ko‘proq e’tibor qaratishar edi. Dalillar yetarli bo‘lmasa, uni ayblamaslik kerak. Sababi, ma’lum bir vaqt o‘tib, yolg‘on ko‘rsatma bergan shaxs fikridan qaytib qolishi, soxtalashtirilgan ma’lumot tasdiqlanmasligi yoki ma’lumot manbasining bo‘lmay qolishi kuzatilishi mumkin.

Zafar Usmonov:

– Bu holat Jinoyat kodeksining 53-moddasida belgilab qo‘yilgan. Shubhali, aniq bo‘lmagan yoki kimningdir ko‘rsatmasi o‘z isbotini topmagan taqdirda, gumonlanuvchi foydasiga hal etilishi kerak.

Bundan tashqari, ushbu holat sud tergovida ham bo‘lishi mumkin. Bu Jinoyat kodeksining 26-moddasida belgilab qo‘yilgan. Ushbu holatda ham dalillar yetarli bo‘lmasa, ish ayblanuvchi foydasiga hal etilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Zafar Usmonov, advokat

– Misol keltirsak, agar men qotillikda ayblanayotgan bo‘lsam, lekin jinoyat qurolida barmoq izlarim yoki ushbu jinoyatni men qilganimni tasdiqlovchi dalillar yetarli bo‘lmasa, ish mening foydamga hal etilishi kerak, shundaymi?

– Xuddi shunday. Ish sizning foydangizga ishlashi kerak. Lekin bizda quruq ko‘rsatmalarga ham ishonib qolishadi ba’zida.

Masalan, mashinada pul yoki qimmatbaho narsa o‘g‘irlangan. Bu o‘g‘irlikda mashinada o‘tirgan o‘rtog‘idan shubha qilinyapti. Lekin uni ko‘rgan guvoh yo‘q, o‘g‘irlangan ashyo topilgani yo‘q yoki kameralarda qayd etilmagan. Faqat o‘sha yerdagi 2-3 guvoh gumonlanuvchi mashinada o‘tirganini ko‘rgan, lekin olgan-olmaganini ko‘rmagan, degan ko‘rsatmalar bo‘ladi. Ana shunday aniqlanmagan holatlarda ish faoliyati ayblanuvchi foydasiga hal qilinishi belgilab qo‘yilgan.

– Mamlakat bosh qonunida ayblanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashga majbur emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlashi mumkinligi belgilanyapti. Bunga qanday zarurat bor edi?

Ilyos Yusupov:

– Bu norma JPKning 23-moddasida belgilab qo‘yilgan, ya’ni shaxs o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va o‘ziga qarshi ko‘rsatma berishi yoki umuman ko‘rsatma bermaslikka ham haqqi bor. Qonunda ham belgilanganki, bu holatda shaxsni jinoyatchilikda ayblash uchun dalillar yig‘ish huquqni muhofaza qilish organlari zimmasiga yuklangan.

– Shunday bir holat bo‘lgan, fuqaro firibgarlik jinoyatida ayblanmoqda. Ayblov jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalariga asosan e’lon qilingan. Lekin gumon qilinuvchi buni tan olmayapti. Uning bizga aytishicha, izolyatorda saqlanayotgan payti videoqo‘ng‘iroq orqali bolalarining maktabdan chiqayotgani, xorijiy davlatda o‘qiyotgan ukasi universitet hovlisida yurganini ko‘rsatishib, agar ayblov xulosasiga qo‘l qo‘yib bermasa, farzandlari va ukasining hayotiga xavf ostida qolishini aytib tahdid qilishgan. Ya’ni unga aybiga iqror bo‘lishi uchun bosim o‘tkazilgan. Shunday holatda fuqaro jinoyatni men sodir etganman, deb qo‘l qo‘yib bersa-yu, ish sudga oshirilsa, bunday iqrornoma inobatga olinadimi?

– JPKning 23-moddasida ko‘zda tutilgan shubhali ko‘rsatmalar haqidagi norma siz keltirgan misolga to‘la mos keladi. Ya’ni boshqa obektiv dalillar bo‘lmagan holatda birgina jabrlanuvchilarning ko‘rsatmasi bilan ayblanishi noto‘g‘ri deb o‘ylayman.

Hattoki jinoyat huquqiga oid normativ-huquqiy hujjatlarda shunday narsa borki, hattoki shaxs sodir etgan jinoyatini bo‘yniga olib, ariza bilan murojaat qilsa ham, uning arizasi boshqa obektiv dalillar bilan isbotlanmasa, uni ayblash mumkin emas.

Ilyos Yusupov, Zafar Usmonov

Siz aytgan masalaga keladigan bo‘lsak, bunday bosim ostida ayblovga qo‘l qo‘ydirib olinsa, bu albatta dalillarni soxtalashtirishga zamin yaratadi. Agar JPKning 23-moddasi yaxshi ishlasa, bu kabi isbotini topmagan dalillar nomaqbul, ya’ni insonni ayblash uchun yetarli emas, deb topishga kafolat bo‘ladi. Shuning uchun ham so‘roq va tergov jarayonlarida inson omilini yo‘qotish, jarayon videofiksatsiya qilib boriladigan bo‘lsa, siz aytayotgan holatlar bo‘lmaydi.

– JPKning 23-moddasi qanday ishlashi ko‘p jihatdan sudyalarga bog‘liq bo‘lib qolyapti. Mana shunday holatda sudya ham bu dalillarni nomaqbul deb topadimi?

– Yana bir narsa borki, oqlov hukmlarini bir olib ko‘ring. Ularning hammasida ushbu modda ishlab turibdi. Aksariyatida hukmlar JPKning 23-moddasiga asoslanib chiqarilgan.

Zafar Usmonov:

– Ciz aytayotgan holatlarning hozirgi kunda bo‘lishi qiyin. Ammo ommaviy axborot vositalari, telefonga olish holatlari bor. Bugungi kunda mana shu qonunlar yaxshi ishlagani sababli siz keltirgan misollar kamayib bormoqda.

– Konstitutsiyaning 26-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlardan biri – shaxs o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilanmoqda. Ayni paytda shaxs yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishi mumkinmi?

Ilyos Yusupov:

– Mumkin, ammo buni o‘zi xohlashi kerak. JPKda shunday tartib belgilanganki, sud ushbu shaxsni so‘roq qilishdan avval undan so‘raydi: siz ko‘rsatma berishni istaysizmi? Agar u ko‘rsatma berishni xohlamasa, sud undan ko‘rsatma olishga haqqi yo‘q.

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish hamisha qiyin bo‘lib kelgan. Chunki ular panjara ortida. Hamma ham u yoqqa kira olmaydi. Advokatlarning kirishi borasida ham qator muammolar uchrab turadi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlardan biri shunga aloqador. Sizningcha, bu sohadagi muammolarga chek qo‘ya oladimi?

– 15 avgust kuni hukumat qarori chiqdi. Jazoni ijro etish muassasalaridagi barcha xodimlarni bodikameralar bilan ta’minlash haqida. Ya’ni ishga kelganidan tortib, ketguniga qadar bodikamerasi doimo yoqiq bo‘lishi kerak. Faqatgina shaxsiy ehtiyojlarini qondirish vaqtida o‘chirilishi mumkin. Lekin qolgan barcha holatda u yoqiq bo‘lishi shart deb belgilangan.

Bu nima beradi? Bu albatta o‘sha jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan mahbuslarga nisbatan biror bir noinsoniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga yordam beradi. O‘ylaymanki, bunday noxush harakatlar jazoni ijro etish muassasasida bo‘lmaydi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: