Qayd etilishicha, 12 sentabr soat 22:00 larda Izboskan tumani, «To‘rtko‘l» MFY, Oltin vodiy ko‘chasida yashovchi S.U. Izboskan tumani IIB navbatchilik qismining «102» qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shnisining xonadonidan janjal ovozini eshitib, u yerga chiqqanligi, u yerda xonadon egasi R.M. va uning qizi Sh.R. qonga belangan holda yotganligi haqida xabar bergan.
Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, joriy yil 12 sentabr kuni fuqaro A.A. oilaviy kelishmovchiliklar tufayli onasining uyida yashab kelayotgan turmush o‘rtog‘i Sh.R. va 2021 yilda tug‘ilgan farzandi bilan ko‘rishish maqsadida borib, farzandini ko‘rishga qarshilik qilganligi uchun qaynonasi M.R. hamda turmush o‘rtog‘i Sh.R. bilan janjallashib qolgan.
So‘ngra u yerdan chiqib, o‘zi vaqtincha ishlayotgan, uncha uzoq bo‘lmagan hududda joylashgan somsaxonaga borib, u yerdan o‘zi bilan xo‘jalik pichog‘ini olib kelib, qaynonasi va turmush o‘rtog‘i bilan janjalni davom ettirgan. Qaynonasi M.R. turmush o‘rtog‘i Sh.R. va keyinchalik janjalga aralashgan qayniukasi X.R. larga xo‘jalik pichog‘i bilan jarohat yetkazib, voqea joyidan yashiringan. A.A. tomonidan yetkazilgan tan jarohatlari sababli M.R. va Sh.R. hodisa joyining o‘zida vafot etgan.
Chaqiruv bo‘yicha yetib kelgan tez tibbiy yordam shifokorlari tomonidan voyaga yetmagan X.R. tuman markaziy kasalxonasiga olib borilgan va shifokorlar tomonidan barcha tibbiy muolajalar amalga oshirilgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan A.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi. Jinoyat ishining tergov harakatlari viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.