Quyi Chirchiqdagi voqea ortidan mahalla raisi ishdan ketdi
Quyi Chirchiqda 24 yoshli ayolning eri tomonidan pichoqlanishi voqeasidan keyin kuyov yashagan mahalla raisi lavozimidan ozod etilgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi. Uchastkavoy masalasida hamon sukut saqlanmoqda.

Foto: Kun.uz
Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida er 24 avgust kuni rashk sabab xotinini xususiy uy bog‘chasidagi bolalar ko‘z o‘ngida bo‘g‘ib, urgani aks etgan videolavha internetda tarqalgandi. Keyingi kuni u otasinikida yashayotgan ayolini o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi.
Gumonlanuvchi qo‘lga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Marhumaning otasi Kun.uz'ga bergan intervyusida 24 avgust kungi voqeadan keyin IIBga murojaat qilgani, lekin profilaktika inspektori daladagi ishlarini bahona qilib, huquqbuzarga chora ko‘rmaganini aytgan va qizining o‘limida u ham aybdor deb hisoblashini ta’kidlagandi.
Shundan keyin viloyat IIBB voqeaga daxldor barcha xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berilishini va’da qilgandi. Oradan ikki hafta o‘tdi hamki, bu borada biror ma’lumot berilgani yo‘q.
Bu orada esa kuyov yashagan Madaniyat mahallasi raisi ishdan ketgan.
Kun.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida sobiq mahalla raisi bilan bog‘landi. U mahalla raisligidan o‘z arizasiga binoan bo‘shaganini aytmoqda.
“Mahalla raisi etib tayinlanganimga 3 oy bo‘lgan edi. Bo‘lgan voqeadan keyin juda afsuslandim va o‘z arizamga binoan ishdan ketdim. Bu yerda ishlashga vijdonim qiynaldi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, marhuma oilaviy tibbiyot muassasasida hamshira bo‘lib ishlagan, hamkasblari uni oqila ayol sifatida ta’riflagandi. Oldi olinmagan qotillik oqibatida 2 va 4 yoshli ikki bola yetim bo‘lib qoldi.
Mavzuga oid

09:56 / 22.01.2025
Kriminogen vaziyat og‘ir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmi joriy etiladi

14:28 / 14.01.2025
Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytiriladi

15:16 / 03.01.2025
1 fevralgacha mahallalar uchun bankirlar tayinlanadi

19:03 / 16.12.2024