O‘zbekiston | 16:52 / 07.09.2022
9835
2 daqiqa o‘qiladi

Gayane Umerova hukumat tarkibiga o‘tkazilgan Madaniyat jamg‘armasi ijrochi direktori etib tayinlandi

Vazirlar Mahkamasida yangi tayinlov amalga oshirildi.

Foto: uzbektourism.uz

Hukumat tegishli qarori bilan Gayane Umerova Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori etib tayinlandi.

Prezidentning “Madaniyat va san’atni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi amaldagi moliyalashtirish tartibi va shtatlar soni saqlangan holda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi etib qayta tashkil qilindi.

Jamg‘arma Vazirlar Mahkamasining Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati tarkibiga kiritildi.

Gayane Umerova 2008 yilda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti, 2012 yilda esa Sotheby’s San’at instituti va Manchester universitetini tugallagan. Sotheby’s Auksion uyida, Victoria&Albert muzeyi (Buyuk Britaniya)da hamda Jorj Pompidu markazi (Fransiya)da malaka oshirgan.  

U 2008 yildan 2017 yilga qadar O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi Ko‘rgazmalar va jamg‘armalar bo‘limida yetakchi mutaxassis, 2017-2020 yillarda esa Madaniyat vazirligi huzuridagi San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi moliya boshqaruvi bo‘limi boshlig‘i, ijrochi direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

2020 yildan Madaniyat vazirligi huzuridagi San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimida ishlab kelayotgandi.

Mavzuga oid