Semizlik. Undan qutulish osonmi?

Jamiyat 15:08 / 28.08.2022 34124

Transport paydo bo‘lib, ko‘p yurishga hojat qolmagani, odamlar kichik kvartiralarda yashab, kam harakat qilayotgani, apil-tapil noto‘g‘ri ovqatlanishlar dunyoda semizlar sonini keskin oshirib yubordi.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilda Yer yuzining 45 foiz aholisi semirib ketishi mumkin. Eng yomoni aynan semizlar koronavirusni juda og‘ir boshdan o‘tkazdi.

Ideal vazn qancha?

Diyetolog Mavjuda Zohidovaning aytishicha, yoshi katta erkaklarda bel aylanasi 90-94 santimetrdan yuqori bo‘lsa, bu ortiqcha vazn hisoblanadi. Ayollarda esa bu ko‘rsatkich 80 santimetrdan yuqori raqamlarga to‘g‘ri keladi.

Me’yoriy vaznni bilish uchun bo‘ydan 100 santimetrni, ideal vaznni bilish uchun bo‘ydan 110 santimetrni ayirib hisoblash kerak.

Mavjuda Zohidova, diyetolog

“Bundan tashqari, – deydi diyetolog, – tana ortiqcha vaznni sezishni boshlaydi. Masalan, zinadan ko‘tarilganingizda harsillash boshlanadi. Yotgingiz kelaveradi, dangasalik holatiga tushib, og‘ir bo‘lib qolasiz”.

Parhez yoki sog‘lom ovqatlanish

Semizlikning asosiy sababi noto‘g‘ri ovqatlanish ekani haqida ko‘p gapiriladi. Noto‘g‘ri ovqatlanish deganda aynan nimani tushunish kerak?

Mavjuda Zohidovaga ko‘ra, ratsionda uglevod, trans yog‘larni ko‘proq kirgizish – noto‘g‘ri ovqatlanish belgilaridan. Dunyoni qamrab olgan qaramliklardan biri uglevodga, birinchi o‘rinda shakarga bo‘lgan qaramlik, oliy navli undan tayyorlangan xamir mahsulotlari, tarkibida xamirturush ko‘p bo‘lgan bulochka, pirojniklar – hammasi nosog‘lom ovqatlanishdir. Mol va charvi yog‘lari 36,6 darajada tanadan chiqib ketmasligi hisobiga, tanada yig‘ilib qolaveradi.

Semirishning psixologik sabablari

Noto‘g‘ri ovqatlanish va kamharakat turmush tarzidan tashqari, ortiqcha vaznga psixologik holat ham sabab bo‘ladi. Psixolog Shahnoza Xalilovaning tushuntirishicha, og‘izga nimanidir solib turishga ehtiyoj ham vazn ortishiga olib keladi.

“Odamlarda og‘izga nimanidir tiqib turish xohishi bo‘ladi. Bu xohish og‘riqni va agressiyani bosib turish uchun paydo bo‘ladi. Agressiya aynan tishlarga berilib, nimanidir tishlab yeb tashlash xohishi tug‘iladi”, – deydi psixolog.

Oshqozonni kichraytirish: Faqat kasallik olib keladigan semizlikdagina tavsiya etiladi

Oxirgi yillarda oshqozon qisqartirish amaliyoti ommalashib boryapti. Bu operatsiya 16-60 yosh oralig‘idagi kishilarda o‘tkaziladi. Operatsiya samarasi va xavf darajasi haqida bariatrik-metabolik jarroh Jumayev Nozim gapirib berdi.

Nozim Jumayev, bariatrik-metabolik jarroh

“Bu amaliyotni bemorda marbid semizlik, ya’ni kasallik olib keluvchi semizlik aniqlangandagina o‘tkazishga ko‘rsatma beriladi. Oshqozon kichraytirish operatsiyasidan keyin necha kilo ozish bu individual ravishda bo‘ladi. Masalan, kimdadir 30 kilogramm ortiqcha vazn bor, kimdadir 80-100 kilogramm ortiqcha vazn bor. Har bir odamning ideal tana vazni hisoblanadi. Masalan, 120 kiloli bemorning ideal tana vazni 85 kilogramm bo‘lishi mumkin. Operatsiyadan keyin bemor 1–1,5 yil davomida ana shu 35 kilolik farqdan forig‘ bo‘lishi kerak.

Amaliyotdan oldin bemorning qandli diabetga moyilligi, boshqa yondosh kasalliklari, gipertoniya, bo‘g‘imlar artrozi, polikistoz kabi semizlikka bog‘liq kasalliklari o‘rganiladi. Surunkali yurak kasalligi, buyrak yetishmovchiligi yoki jigar, o‘sma kasalliklari bo‘lsa, operatsiya qilish mumkin emas”, – deydi jarroh.

Yog‘larni so‘rdirib tashlash: Operatsiyadan keyin bemor yana semirib ketishi mumkin

Ortiqcha vazndan qutulishning zamonaviy usullaridan yana biri – yog‘larni tanadan olib tashlash. Plastik jarroh Mirshod Atullayevning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyotdan keyin bemor qayta semirmasligi kafolatlanmagan. Semirmaslik operatsiyadan keyingi ovqatlanish jarayoniga bog‘liq bo‘ladi.

Mirshod Ataullayev, plastik jarroh

“Yog‘ olish jarayoni – liposaksiya, kichik teshikcha orqali kanyulya deb nomlangan moslama orqali tanaga kirib, yog‘lar so‘rib tashlash jarayoni hisoblanadi. Teri ostida yog‘ qavati, pastida muskul bo‘ladi va belgilangan nuqtalardan yog‘ olinadi. Yog‘ qavati har kimda har xil bo‘ladi. Ayrimlarda qalinroq, boshqalarda yupqaroq. Shu yog‘ qavati olib tashlangandan keyin yog‘ qavati borib, muskulga yopishishi kerak. Buning uchun o‘zining maxsus korsetini 1 oygacha taqib yurish kerak. Bir kishidan 12 litrgacha yog‘ olish mumkin.

Bu amaliyot asosan 35-50 yoshdagi bemorlarda o‘tkaziladi. Chunki ularda yog‘ yig‘ilishi, tug‘uruqdan keyingi osilish jarayonlari ko‘proq kuzatiladi. 12 litr yog‘ olgandan keyin ham yog‘ qolsa, yana 6 oydan keyin 2-bosqich operatsiyani amalga oshirish mumkin. Chunki 12 litr yog‘ olish 5-6 soat vaqtni oladi. Operatsiya muddati qancha cho‘zilsa, organizm uchun xavf ham oshadi.

Operatsiya bu semirmaslikni anglatmaydi, undan keyin tanada yog‘ yig‘ilishi mumkin, lekin oldingi darajada emas. Shuning uchun bemor diyetolog nazoratida bo‘lishi shart”, – deydi Mirshod Ataullayev.

“Kesilgan joyda organizmning bir butunligi yo‘qoladi”

Shahnoza Xalilova, psixolog

Shahnoza Xalilova ozdiruvchi jarrohlik amaliyotlarini bajarish istagi toqatsizlikdan kelib chiqishini aytadi. Ular ozish uchun qilgan harakatlarini befoyda deyishadi, lekin har doim ham unday emas: ko‘pincha ozish harakatidagi odam sekinlik bilan erishayotgan natijalaridan qoniqmaydi va tezda natijaga erishishni istab, jarrohga boradi.

“Ozdiruvchi jarrohlik amaliyotining zararsiz degan reklamalari ham bunga sabab bo‘ladi. Buning eng yomon zarari – jismoniy. Ruhiy zarari keyin bo‘ladi. Jismoniy jarohat ruhiyatga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladi. Kesilgan joyda organizm nerv tolalarini yo‘qotadi, ya’ni organizm bir butunligini yo‘qotadi, o‘sha joyning o‘zida energiya almashinuvi ham yo‘qoladi.

Jarrohlik amaliyotlari o‘sha odamning hayoti jiddiy xavf ostida qolgandagina qilinishi kerak”, – deydi ruhshunos.

“Kovidda o‘lim ko‘rsatkichlarining 30-40 foizi og‘ir vazndagi bemorlarga to‘g‘ri kelgan”

Shu paytgacha o‘nlab tadqiqotlar semiz bemorlarning virus bilan kurashishi normal vaznlilarga qaraganda qiyinroq kechganini isbotladi. Genentech biotexnologiya markazi tadqiqotiga ko‘ra, kovid bilan kasallangan Amerikadagi ixtiyoriy 17 ming bemorning 77 foizi semizlik va ortiqcha vazndan aziyat chekkani aniqlangan.

O‘zbekistonda-chi, virus yuqtirgan semiz bemorlarning ahvoli qanday kechdi?

Hilola Alimova, Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Hilola Alimova O‘zbekistonda pandemiyaning boshidan beri kovid bemorlari bilan ishlaydi. Uning aytishicha, eng og‘ir kategoriya kasallar ortiqcha vazni borlar bo‘lgan. Semizlik 3-darajada bo‘lgan bemorlarning reanimatsiyaga tushish xavfi yuqori. O‘lim ko‘rsatkichlarining 30-40 foizi og‘ir vazndagi bemorlarga to‘g‘ri kelgan.

“Masalan, bemor kelganda katalkadan koykaga o‘tkazishda 3-4 kishining yordami kerak bo‘ladi. Shuning o‘zida xavf tug‘iladi. Og‘ir vazni bor, qorni katta bemorlarning hattoki qorinda yotib nafas olishi ham qiyin bo‘ladi. Ularda qorin ichki a’zolari va o‘pkaning o‘rtasidagi a’zo – diafragma ko‘tarilgan holatda bo‘ladi. Bu – ularning sog‘ paytida ham o‘pkasi yaxshi harakatlanishini chegaralaydi. Kovid bilan kasallanganda esa ko‘proq bilinadi.

Yana bir jihati og‘ir vaznlilarning 80-90 foizida qandli diabet bo‘ladi. Kovidga qarshi qo‘llanadigan ayrim preparatlar esa qandli diabetni rivojlantirishi mumkin”, – deydi shifokor.

Yashirin shakar

Yog‘li, shakari bor mahsulotlar ortiqcha vaznga olib kelishini ko‘pchilik biladi. Shuning uchun mahsulot xarid qilayotganda uning qadog‘ini obdan o‘rganamiz. Ammo ba’zan qadoqlar ham aldaydi. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar mahsulotlariga qo‘shiladigan ingrediyentlar miqdorini kamaytirib ko‘rsatishga harakat qiladi. Ilmiy tilda shakarning 56 xil nomlanishi bor, ishlab chiqaruvchilar xaridorni chalg‘itish, shakar miqdori kamdek ko‘rinishi uchun shakarning turli nomlaridan foydalanadi. Natijada mahsulot nisbatan sog‘lomdek taassurot qoldiradi.

Masalan, mahsulotda Agave syrup, Arabinose, Barbados sugar, Barley malt syrup, Beyet sugar, Brovn sugar, Fruit juice kabi nomlar yozilgan bo‘lsa, buni har xil ingrediyent deb o‘ylamang. Bu siz va biz bilgan shakarning aynan o‘zi. Shunchaki, ishlab chiqaruvchi mahsulotda ko‘p miqdorda shakar borligini yashirish uchun shakarning turli nomlaridan foydalangan.

Semirishning oldini olish uchun layfhak

Diyetolog Mavjuda Zohidova semirishning oldini olish uchun tajribadan o‘tgan, bir nechta usulni tavsiya qildi.

— Supermarket va bozorlarga ro‘yxat bilan, to‘q qorinda borish kerak. Chunki och qoringa keraksiz mahsulotlarni xarid qilish mumkin.

— 5 mahal kam-kamdan ovqat yeyilsa, bu qondagi qand miqdorini me’yorda ushlab turishga yordam beradi. Shu orqali ochlik hissini ham nazoratda ushlab turish mumkin.

— Ortiqcha vaznli insonlarga taomlanayotganda kichkina qoshiqda ovqat iste’mol qilishlari tavsiya etiladi.

— Ovqatni iste’mol qilib bo‘lgach ham ochlik hissi sezilsa, dasturxon boshidan turib ketish kerak. 15-20 daqiqadan keyin to‘qlik hissi keladi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Boshlovchi – Bekmirza Rashidov
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov
Montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov

Ko‘proq yangiliklar: