Jahon | 13:19 / 27.08.2022
6893
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Adliya vazirligi Trampning uyida tintuv o‘tkazish asoslarini e’lon qildi

FQB agentining maxfiy ko‘rsatmasidan ma’lum bo‘lishicha, maxsus xizmatlar sobiq prezidentni maxfiy hujjatlarni yashirganlikda gumon qilgan.

Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohi / Foto: Getty Images

AQSh Adliya vazirligi 26 avgust, juma kuni sobiq prezident Donald Tramp qarorgohida oy boshida o‘tkazilgan tintuv uchun sud asoslarini e’lon qildi. Federal qidiruv byurosi (FQB) anonim agentining qasamyod ostida e’lon qilingan ko‘rsatmasidan ma’lum bo‘lishicha, yanvar oyida maxsus xizmatlar Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida 184 ta maxfiy hujjat saqlanganligini aniqlagan, shundan so‘ng u yerda boshqa maxfiy fayllar ham bor degan taxmin yuzaga kelgan.

Adliya vazirligi tomonidan chop etilgan 38 betli affidevitning (qasamyod ostida berilgan ko‘rsatma) deyarli yarmi xavfsizlik nuqtayi nazaridan maxfiylashtirilgan. Davom etayotgan tergov bilan bog‘liq bo‘lgan bunday hujjatlarning nashr etilishi noodatiy qadamdir, deb ta’kidlaydi The Washington Post (WP). Bu ommaviy axborot vositalari va 2024 yilgi prezidentlik saylovlari munosabati bilan jamoatchilikning yuqori qiziqishini bildirgan turli manfaatdor tomonlarning ko‘plab talablari tufayli amalga oshirildi, deya qayd etadi WP. 

Guvohlikka ko‘ra, 2022 yil yanvar oyida AQSh Milliy arxivlar va yozuvlar boshqarmasi talabi bilan Tramp qarorgohidan 15 quti hujjatlar olib kelingan, ular orasida «maxfiy» deb belgilangan va «milliy xavfsizlik sohasiga oid ma’lumotlar» bo‘lgan fayllar ham bo‘lgan. Jami 184 ta, jumladan, 67 ta «yashirin», 92 ta «maxfiy» va 25 ta «o‘ta maxfiy» hujjat topilgan. Ayrimlarida Trampning yozuvlari borligi aniqlangan, dedi FQB rasmiysi. 

Bu FQBni maxfiy hujjatlar nima uchun olib chiqilgani va noto‘g‘ri joyda saqlanganini tekshirishga undadi, deyiladi bayonotda. Tekshiruvdan so‘ng razvedka agentligi Tramp qarorgohida boshqa maxfiy fayllar saqlanganiga «ehtimoliy asoslar bor» degan xulosaga keldi. Shundan so‘ng, maxfiy xizmat 5 avgust kuni sudya tomonidan ma’qullangan tintuv so‘rovini yubordi, deyiladi ko‘rsatmada. 

8 avgust kuni qarorgohda tintuv o‘tkazildi, natijada FQB xodimlari inventarizatsiyaga ko‘ra yotoqxona, ofis va omborxonadan yana 20 quti narsalarni olib ketishdi. Yakunda yana 11 ta maxfiy hujjatlar to‘plami aniqlangan, ular so‘rov bo‘yicha qaytarilmagan.

Tergovga yaqin ikki manba The Washington Post gazetasiga ma’lum qilishicha, topilgan materiallarning ba’zilari juda maxfiy va AQShning razvedka ma’lumotlarini yig‘ish amaliyoti haqida ma’lumot berishi mumkin. Bu ma’lumot «biz saqlaydigan eng maxfiylaridan biri», deya qo‘shimcha qildi ulardan biri. Avvalroq nashr FQB yadro quroliga oid maxfiy hujjatlarni qidirgani haqida xabar bergandi.

Donald Tramp tintuvdan so‘ng order va olib qo‘yilgan hujjatlar ro‘yxatini chop etishga xalaqit bermasligini aytdi. «Men bu hujjatlarning e’lon qilinishiga e’tiroz bildirmayman. Bu hujjatlarni zudlik bilan e’lon qilishga chaqiraman», deb yozdi u o‘zining Truth Social sahifasida. 

Sobiq prezidentning himoyasi 26 avgust kuni sudga «qo‘shimcha» ariza bilan murojaat qilib, hukumatdan Mar-a-Lagoda olib qo‘yilgan hujjatlarni tashqi kuzatuvchi tayinlanmaguncha tekshirishni taqiqlashni talab qildi, deb xabar bermoqda Reuters. 

Trampning advokatlari ularning iltimosnomasi qanoatlantirilishi kerakligini aytishdi, chunki e’lon qilingan affidevit «ortiqcha tahrirlangan» va «Trampga reyd nima uchun sodir bo‘lganini yoki uyidan nima o‘g‘irlanganini tushunishga imkon beradigan ozgina ma’lumotni o‘z ichiga oladi». 

Mavzuga oid