O‘zbekiston | 17:33 / 24.08.2022
18832
7 daqiqa o‘qiladi

“Bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, avval Senatdan so‘rab keyin qonun qabul qilaylik?” - Doniyor G‘aniyev rad etilgan qonun haqida

Himoya orderi talabini buzganlarga nisbatan jarimani oshirish haqidagi qonunni Senat rad etgan edi. Qonunchilik palatasining shu qonunni yozib, uni qo‘llab-quvvatlashga deputatlarni ko‘ndirgan qo‘mitasi Senatning rad javobidan keyin masalani qayta ko‘rmaslikka chaqirdi. Bunga esa deputat Doniyor G‘aniyev jiddiy e’tiroz bildirdi. Uning e’tiroziga spiker va uning o‘rinbosari munosabat bildirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi himoya orderi talablarini buzish uchun javobgarlikni kuchaytarishga oid qonunni qayta ko‘rib chiqdi.

Bu qonun bilan, himoya orderi talabini buzgan zo‘ravonlarga nisbatan jarimani amaldagi 300 ming – 900 ming so‘mdan 1,5 mln – 3 mln so‘mgacha oshirish taklif etilgan edi. Lekin deputatlar qabul qilgan qonunni Senat rad etgandi.

Senatorlarning fikricha, jarimaning yuqoriligi oxir-oqibatda order bilan himoyalangan shaxsning o‘ziga yuk bo‘lib tushadi.

Qonunni hukumat bilan birga Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tayyorlagan. Qo‘mita a’zosi, deputat Gulruh A’zamova Senatdan qaytgan bu hujjatni quyi palatada qayta ko‘rib chiqishdan olib tashlash va hukumatga qaytarishni taklif qildi.

Deputat Doniyor G‘aniyev bunga qarshi chiqdi. Uning fikricha, Senatning rad javobi asoslantirilmagan.

“Senat komissiya tuzmasdan qonunni rad etgani uchun, qo‘mita qonunni ko‘rib chiqishdan olib tashlash haqida xulosa beryapti ekan. Vaholanki, ikki oy oldin aynan qo‘mita umuman boshqa pozitsiyada edi. Qo‘mita bu o‘zgarish ayollar huquqini himoya qilish uchun qilinayotgani, berilayotgan himoya orderlari va ularni buzayotganlarning soni ko‘payib borayotgani, agar jazoni kuchaytirmasak, qonunga bepisandlik juda avj olib ketishi mumkinligini aytib, qonunga kiritilayotgan o‘zgarishni qattiq himoya qilgandi. Ichki ishlar organlari bilan o‘rganishlar o‘tkazdik degandilaring.

Endi esa Senatning bitta xati bilan qo‘mitaning fikri o‘zgaryapti. 120–130 ta deputatni ishontirgansizlar, biz ma’qullab ovoz berganmiz. Hozir bitta xat bilan fikrimiz 180 gradusga o‘zgaryapti. Buning asosi bormi?

Senatning qonunni rad etish haqidagi xulosasida tayinli bir asos yo‘q. Jarima miqdorining oshirilishi jabrlanuvchi zimmasiga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushishi aytilyapti.

Qani, buning tahlili bor ekanmi? Nima asosida bunday xulosaga kelishibdi? O‘rganish olib borishibdimi? Ijtimoiy so‘rov o‘tkazishibdimi? Nimaga asoslanib bu xulosani berishyapti? Hech narsa yo‘q, bu nima degan gap?! Ikki oy oldin boshqa gapni aytyapmiz, Senatning to‘rt qator gapdan iborat bitta xati bilan 130 nafar deputatning fikrini o‘zgartirmoqchi bo‘lyapmiz.

Agar bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, oldin Senatdan so‘rab keyin qonunni qabul qilaylik. Baribir bitta xatdan keyin fikrimizni o‘zgartiraveradigan bo‘lsak, birinchi ulardan so‘raylik, qabul qilishadimi-yo‘qmi, keyin ularga kiritaylik”, dedi G‘aniyev.

Uning fikrlariga qo‘mita vakili emas, palata spikeri Nurdinjon Ismoilov munosabat bildirdi.

“Doniyor Avazovich, 4 qator xat degan gapingizga umuman qo‘shilib bo‘lmaydi. Buni senatorlar ko‘rdi. Qonun loyihasini biz ko‘rganimizda ham har xil fikr bo‘lgan. Hamma yakdillik bilan fikr bildirmagan. Bu – birinchidan.

Har oyda yoki har kuni vaziyat ham o‘zgaryapti. O‘rganadigan yangi-yangi jihatlar chiqyapti. Shuning uchun bu narsani qo‘mita oxirigacha ko‘rdi va shu qarorga keldi. Kelishuv komissiyasi tuzamizmi deyildi, yo‘q deyishdi. Nima uchun biz jazoni kuchaytiradigan narsa uchun kurashishimiz kerak?” – deya deputatning so‘zlariga e’tiroz bildirdi Nurdinjon Ismoilov.

Shundan keyin deputat Alisher Qodirov so‘z olib, G‘aniyevning “hammani ishontirgandilaring” deganiga e’tiroz bildirdi: uning aytishicha, “Milliy tiklanish” partiyasi qonunni qo‘llab-quvvatlamagan.

“Biz bu qonunni fraksiyada ko‘rib chiqqan paytimizda munosabatimizni bildirganmiz. Fraksiyamiz a’zolarida ko‘p e’tirozlar bo‘lgani uchun bu qonunni qo‘llab-quvvatlamaganmiz. Men Senatda qadriyatlarning himoyachilari ko‘proq ekanidan xursandman. Biz yarashuvning bunaqa usulini, o‘zaro kelishuv uchun bunaqa jazolash orqali [er-xotinni] bir-biriga yaqinlashtirish samarasiz ekanini o‘shanda ham aytganmiz.

Men qo‘mitaning fikrini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Qo‘mita fikrini o‘zgartirgani uchun minnatdorman. Haqiqatni topish uchun ayrim holatlarda fikrni o‘zgartirib turishga ham zarurat bo‘ladi. Fikrini o‘zgartirmaydigan, bitta fikrda prinsipial qolib, oxirigacha noto‘g‘ri narsaniyam qo‘llab ketaveradigan deputatlar bo‘lmasligimizni tilab qolgan bo‘lardim”, dedi Alisher Qodirov.

Uning so‘zlariga Doniyor G‘aniyev javob qaytardi.

“Bitta narsani Alisher Keldiyevichdan iltimos qilardim, agar qaysidir masalaga fraksiyada qarshi chiqadigan bo‘lsalaringiz, iltimos, yalpi majlisdayam pozitsiyalaringizda turib, qizil tugmani bosishingiz mumkin. Bu juda oddiy: yashil va qizil tugmalar bor, qizilni bossa, bu qarshimiz degani bo‘ladi”, – deya kinoya qildi u.

Nurdinjon Ismoilovning aytishicha, fraksiya o‘sha paytda yalpi majlisda ham qarshi ovoz bergan bo‘lishi mumkin, buni bilish esa imkonsiz: parlamentdagi ovoz berish texnologiyasi kim qanday ovoz bergani haqida ma’lumot bermaydi.

Yakunda qonunni hukumatga qaytarish masalasi ovozga qo‘yildi va 99 deputatning ma’qullovi bilan qaror qabul qilindi. Faqat ikki kishi qarshi ovoz berdi, 9 kishi betaraf qoldi.

Eslatib o‘tamiz, Senat 4 avgustdagi yalpi majlisida biryo‘la 4 ta qonunni rad etib yuborgandi. Kun.uz bunaqa holat O‘zbekiston uchun anomaliya ekani haqida yozgandi.

Ayni paytda himoya orderiga qaramay, xotin-qizlarga nisbatan takroran tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik holatlari ortib borayotgani muammosini qonunchilar qanday hal etmoqchi ekani bo‘yicha ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid