Unutilgan odamlar va suv qadri - “Manzil”

O‘zbekiston 18:55 / 23.08.2022 20728

Uydagi jo‘mrakni burashimiz bilan suv kelishiga ko‘pchiligimiz o‘rganib qolganmiz. Aslida ham bu oddiy va normal hol bo‘lishi kerak. Lekin minglab vatandoshlarimiz inson sivilizatsiyasining shu elementar qulayligidan ayro holda yashayapti.

Uyidagi jo‘mrakdan suv kelishini mo‘jiza sifatida ko‘rish uchun inson yashayotgan davlati yoki mintaqada suv resurslari cheklangan yoki o‘sha davlat iqtisodiy jihatdan qashshoq bo‘lishi kerak. Lekin moliyaviy manbalar to‘g‘ri yo‘naltirilmaganidan iqtisodiy barqaror davlatlarda ham ijtimoiy muammolar kun tartibida qolaveradi.

Namangan viloyatining Mingbuloq tumani, Damko‘l mahallasining Marjon ko‘chasi Farg‘ona cho‘llariga tutash hududda joylashgan. Bu ko‘cha aholisi asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Avvallari mahalla hududidagi aholi xonadonlarida jo‘mrakdan suv chiqqan. Eski suv quvurlari yaroqsiz holga kelishi oqibatida mana 20 yildan oshibdiki, suv faqat bittagina quduqdan olinadi.

Aholi iste’mol uchun ham, maishiy masalalarda ham, hatto hayvonlarni sug‘orish uchun ham shu suvdan foydalanadi. Bu atrofda yerosti suvlari yer sathiga juda yaqin joylashgani sabab zovurlardagi suvlar sho‘r va iste’molga, foydalanishga yaroqsiz. Aholining aytishicha, hatto mevali daraxtlar va tomorqada ekilgan o‘simliklarga suv quyilsa, o‘simliklar o‘lib, mevalar qurib qolish holatlari uchraydi.

Eng yomoni, quduqda ancha vaqtdan beri maxsus tozalovlar olib borilmagani sababli undan chiqadigan suvni ham ma’lum muddat tindirib ichishga to‘g‘ri kelyapti.

“Manzil” hudud ahlining suv masalasidagi holatini shu yerda yashovchi Dilorom opa Omonova misolida ko‘rsatishga harakat qildi. Videoni ko‘rib o‘zingiz xulosa chiqarasiz, degan umiddamiz.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Ko‘proq yangiliklar: