Estoniya Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tasdiqladi

Jahon 07:50 / 19.08.2022 4750

Estoniya Ukrainaga Rossiya agressiyasiga qarshi turish uchun qo‘shimcha qurollar, jumladan, minomyotlar va tanklarga qarshi vositalar beradi. Bunday qaror hukumatning Tallindagi 18 avgust, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi.

«Ukrainadagi janglar qizg‘inligicha qolmoqda va Ukraina tobora ko‘proq g‘arb qurollarini olayotgan bo‘lsa-da, biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga ma’naviy jihatdan majburmiz. Ukrainaliklar umumiy qadriyatlarimiz uchun kurashmoqda va agar bizda ularga beradigan qurollarimiz bo‘lsa, buni qilishimiz kerak», - dedi Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkur. U Ukraina harbiylari qaysi qurol modellarini va qancha miqdorda olishiga aniqlik kiritmadi.

Estoniya qurollardan tashqari, Buyuk Britaniya tashabbusi bilan Ukraina qurolli kuchlarini tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda va Germaniya bilan hamkorlikda Ukrainaga yana bir dala gospitalini topshirmoqchi.

Fevral oyi oxirida Rossiya Ukrainaga harbiy bostirib kirganidan beri Estoniya Kiyevga deyarli 250 mln yevrolik harbiy yordam ko‘rsatgan, deyiladi hukumat ma’lumotida. Allaqachon yetkazib berilgan qurollar orasida Amerikada ishlab chiqarilgan Javelin tankka qarshi raketa tizimlari ham bor. Ukraina, shuningdek, Tallindan Germaniyaning eski zaxiralaridan bir nechta gaubitsalarni oldi, ularni topshirish Germaniya hukumati tomonidan ma’qullandi. Bundan tashqari, Estoniya va Germaniya Ukrainaga qo‘shma tashabbus bilan yaratilgan dala kasalxonasini yetkazib berishdi.

Ko‘proq yangiliklar: