Yadro urushidan omon qolish imkoniyati yuqori bo‘lgan mamlakatlar ma’lum qilindi

Jahon 11:58 / 18.08.2022 19202

AQShning Ratger universiteti olimlari yadro urushi oqibatlarini yengishda qaysi mamlakatlarning imkoniyatlari yuqori ekanligi haqidagi tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hattoki Hindiston va Pokiston o‘rtasida yadroviy urush kelib chiqqan taqdirda ham, besh yil ichida o‘rtacha global kaloriya iste’moli 7 foizga kamayadi. Eng ayanchli ssenariy – Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘rtasidagi to‘liq miqyosdagi yadroviy qarama-qarshilik yuz bergan taqdirda, global kaloriya iste’moli keyingi uch-to‘rt yil ichida taxminan 90 foizga pasayib ketadi. Yer aholisi esa besh milliard kishiga qisqarishi mumkin, sayyorada uzoq muddatli  yadro qishi boshlanadi.

Tadqiqotchilar taxminiy yadroviy mojaroning bir nechta ssenariylarini simulyatsiya qilishdi va uning har bir mamlakatdagi asosiy ekinlar (makkajo‘xori, sholi, bahorgi bug‘doy va soya), shuningdek, chorvachilik va baliqchilikka ta’sirini ko‘rib chiqishgan.

Hosildorlikning pasayishi o‘rta va yuqori kenglikdagi mamlakatlar, xususan, Rossiya va AQSh kabi asosiy eksportchi mamlakatlarda jiddiy tarzda kechadi, bu esa eksport cheklovlariga olib kelishi va Afrika va Yaqin Sharqdagi importga qaram bo‘lgan davlatlarda jiddiy uzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Avstraliya va Yangi Zelandiya eng kam zarar ko‘radi, ammo ular Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlardan keladigan qochqinlar oqimiga duch keladi.

“AQSh, uning ittifoqdoshlari va Rossiya o‘rtasida faraziy urush yuz bergan taqdirda, atmosferaning yuqori qatlamida 150 teragrammdan ortiq (165 mln tonna) qurum hosil bo‘lishi mumkin”, deydi olimlar.

Prognozlarga ko‘ra, Avstraliya va Argentina atmosferaga eng ko‘p miqdorda zaharli qurum tarqalgan taqdirda ham, aholi jon boshiga iste’mol qilinadigan kilokaloriya miqdorini saqlab qola oladi. 

Ma’lumot uchun, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari – AQSh, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Xitoy, shuningdek, Hindiston, Isroil, KXDR va Pokiston kabi mamlakatlar yadro quroliga ega ekanligi aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: