Xotin-qizlarga tekin magistratura: kvotadan tashqari qabul qilinganlarga ham kontrakt to‘lab beriladimi?

O‘zbekiston 13:01 / 18.08.2022 18325

15 avgustdagi hukumat qaroriga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan va o‘qiyotgan xotin-qizlarga bazaviy to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) summalari to‘liq to‘lab beriladi.

Buning uchun talabgorlar 15 sentabrga qadar OTM rektori (yoki filial direktori) nomiga ariza yozishi kerak, bu muddatdan kech berilgan arizalar qabul qilinmaydi va kontrakt pullari to‘lab berilmaydi.

Hozirda magistratura bosqichida o‘qiyotgan, tabaqalashtirilgan kontrakt asosida qabul qilingan xotin-qizlar ularga ham kontrakt to‘lovlari to‘lab beriladimi, degan savol bilan murojaat qilmoqda.

Kun.uz bu borada Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati mutaxassisi Zafar Amirqulovdan izoh oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tartib faqat bazaviy kontrakt bo‘yicha qabul qilinganlarga nisbatan amal qiladi.

“Masalan, kvotada jami 10 ta, shundan 2 ta grant 8 ta kontrakt ajratilgan bo‘lsa, natijasiga ko‘ra birinchi 8 talikda talabalikka tavsiya etilgan magistrlarning bu yilgi kontrakt summalari qoplab beriladi. 8 tadan tashqari qo‘shimcha qabul qilinganlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bu faqat birinchi kursga qabul qilinadigan talabalar uchun. Agar magistratura bosqichida o‘qiyotgan xotin-qizlar birinchi kursga kvotadan tashqari, tabaqalashtirilgan kontrakt asosida qabul qilingan bo‘lsa, ularga ham ikkinchi kursdan kontrakt summasi qoplab beriladi”, – dedi u.

Demak, ikki holatda magistraturadagi xotin-qizlarga kontrakt summalari qoplab berilmaydi: agar talabgor 15 sentabrdan kechikib ariza bersa yoki kvotadan tashqari qabul qilingan bo‘lsa. Talaba ikkinchi kursdan bazaviy kontraktga o‘tganda, kontrakt qoplab beriladi.

Demak, ikki holatda magistraturadagi xotin-qizlarga kontrakt summalari qoplab berilmaydi: agar talabgor 15 sentabrdan kechikib ariza bersa yoki kvotadan tashqari qabul qilingan bo‘lsa.

Eslatib o‘tamiz, bu tartib davlat oliygohlari bilan birga Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va Bank-moliya akademiyasiga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Nodavlat va xorijiy OTMlarning O‘zbekistondagi filiallarida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talaba xotin-qizlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: