“Tergovchilar kayfiyatiga qarab ish tutishi tez-tez kuzatiladi” - advokatlar Xabeas korpus va Miranda qoidalariga munosabat haqida

O‘zbekiston 14:05 / 18.08.2022 15384

— O‘zbekiston qonunchiligida Xabeas korpus va Miranda qoidalari o‘z aksini topgan. Shunga qaramay u konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bu qoidalardan gumonlanuvchilar, ayblanuvchilar va sudlanuvchilar bilan bir qatorlar ularning haq-huquqlarini himoya qiluvchi advokatlar ko‘p foydalanishadi. Respublikamizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan bu qoidalarga qanchalik amal qilinadi?

Ilyos Yusupov:

— Nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda Xabeas korpus va Miranda qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha bir qator normativ-hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, O‘zbekiston Jinoyat protsessual kodeksida ham shu qoidalarga rioya etilishi bo‘yicha normalar belgilab qo‘yilgan.

Ma’lumki, Xabeas korpus bu sudga olib kelish, ya’ni insonning harakatini cheklash bilan bog‘liq me’yorlarning aksariyatini sudlar tomonidan berilishini anglatadi. Miranda qoidalari esa insonning huquqini tushuntirish bilan bog‘liq harakatni amalga oshirish zaruratini belgilaydi. Ya’ni Miranda qoidasi bo‘yicha inson biron bir qilmishni sodir etishda gumonlanib ushlangan vaqtda unga huquqlarini tushuntirish demakdir.

Ilyos Yusupov, advokat / Foto: Kun.uz

Har bir shaxs biror bir huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etganlikda gumonlanib yoxud ayblanib ushlangan chog‘ida nima qilishi, harakatlarining huquqiy oqibatlari unga tushuntirilishi lozim. Eng avvalo, u nimada gumonlanib yoki ayblanib ushlanganini bilishi kerak. So‘ngra, unga advokat olish va u bilan suhbatlashmaguncha ko‘rsatma bermaslik huquqiga ega ekani, agarda ungacha ko‘rsatma bergan taqdirda ushbu ko‘rsatmalari sudda o‘ziga qarshi ishlatilishi mumkinligi tushuntirilishi shart.

Ushbu qoidalarni Konstitutsiyamizga kiritish rejalashtirilmoqda. Mamlakat bosh qonuniga bu qoidalarning kiritilishi, o‘ylaymanki, kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘z xizmat vazifalarini amalga oshirayotgan davrlarida mazkur konstitutsiyaviy normaga qat’iy rioya etilishini taqozo etadi.

— Bu norma hozir ham qonunchiligimizda aks etgan, lekin afsuski hamma ham unga amal qilavermaydi. Bu so‘zimni tasdiqlovchi mashhur keyslar bor, fuqaro qaysidir idora tomonidan ushlab ketilgach, bir necha kunlab yo‘qolib qolgani, yaqinlari uni turli idoralardan qidirgani, alal-oqibat u qaysidir idoraning hibsxonasida topilganiga doir dalillar bor. Tajribangizda shu kabi holatlarga duch kelganmisiz?

Zafar Usmonov, advokat:

— Xabeas korpus va Miranda qoidalari haqiqatan ham amaldagi qonunlarimizda mavjud. Hozirgi kunda ham vaqtinchalik ushlab turish, ehtiyot chorasini tanlash bo‘yicha normalar Jinoyat protsessual ko‘rsatilgani bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning ayrim xodimlari talablarga amal qilmagan holatlar ham uchrab turadi. Masalan, tergovchi JPKning 221-moddasiga asosan gumonlanuvchini vaqtincha ushlab turish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni so‘rab sudlarga iltimosnoma kiritadi. Sud qarori asosida gumonlanuvchi vaqtincha ushlab turiladi yoki ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinadi.

Amaliyotda vaqtincha ushlab turish chog‘ida gumonlanuvchining uydagilari murojaat qilganda, hattoki advokat so‘raganda ham ushbu shaxs qayerda saqlanayotgani sir tutiladi. Masalan, qo‘riqlash xizmati bor-ku, biz “konvoy” deymiz, gumonlanayotgan, ayblanayotgan yoki sudlanayotgan shaxs “konvoy”ga topshiriladi. Ulardan himoyamiz ostidagi shaxs qayerdaligini so‘rab bilish imkonsiz.

Yoki gumonlanuvchi “GUVD”ga olib ketildi deyiladi, falon tuman IIBga yubordik deyishadi. U yerga borsak, postda oddiy bir xizmatchi o‘tirgan bo‘ladi, ular buyruqni bajaruvchi xodim. Ularga boshliqlarning buyrug‘i – qonun. Boshliqlar nima deyishgan bo‘lsa, shunga so‘zsiz itoat qilishadi. Himoyamiz ostidagi shaxs shu yerda saqlanyaptimi deb so‘rab, og‘zaki tarzda ma’lumotlarini taqdim qilganimizda: “Aka, biz bilmaymiz, boshliq biladi”, deb javob qilishadi.

Zafar Usmonov, advokat / Foto: Kun.uz

Biz yozma tarzda murojaat qilib, qonuniy javob olgunimizga qadar 15 kun – vaqtincha saqlash muddati o‘tib ketadi. Advokat bo‘lganimiz uchun faoliyatga oid barcha ma’lumotlarni ochiqlay olmaymiz, ammo umumiy jihatlarini aytib o‘tishimiz mumkin. JPKning 221-moddasi talablari bo‘yicha ushlab turishning qonun-qoidalari bor, buning uchun tergovchi bir qator tergov harakatlarini amalga oshirishi kerak. Yaqinda shunday holat bo‘ldiki, himoyam ostidagi shaxsning yoniga yetib borishim bilan tergovchi dabdurustdan uni qamayman, deb o‘dag‘aylab qoldi. Tergovchilar kayfiyatiga qarab ish tutishi tez-tez kuzatiladigan holat.

Tergovchi JPKning 221-moddasini qo‘llab, sudga iltimosnoma kiritganidan himoyamiz ostidagi shaxslarga sud tomonidan qo‘llangan qamoqqa olish bilan bog‘liq ehtiyot chorasini bekor qilish bo‘yicha ko‘plab shikoyatlar qilib kelamiz. Shu o‘rinda ta’kidlashim kerakki, ayrim sudyalar, ayrim tergovchilar tomonidan bu ehtiyot chorasini qo‘llashda qonun me’yorlaridan chetga chiqish holatlari kuzatilyapti.

O‘zim bilan ro‘y bergan bitta holat: himoyam ostidagi shaxsga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llangan. Shundan so‘ng bir yarim sutkagacha u qayerda saqlanayotganini qidirib topolmadim. U yerga borsangiz, falon yerga ketdi deydi, tergovchidan so‘rasak, “konvoy” olib ketdi, deydi. “GUVD”ga borsak, kelmagan deydi. Biz yozma tarzda so‘rov beramiz, lekin to u ko‘rib chiqilguncha ko‘chadan ushlab kelingan, aybi hali aniq bo‘lmagan shaxs ruhiy “shok”ka tushib qoladi. Qarindoshlari ham.

— Aslida u ushlangan chog‘ida, amaldagi qonunchiligimizdagi normalarga ko‘ra, shu zahoti advokat bilan ta’minlanishi kerakmi?

Zafar Usmonov:

— Men aytayotgan holatlar qonunchilikda ko‘zda tutilmagan nuqtalar, ya’ni huquqiy bo‘shliqlar. Ehtiyot chorasi qo‘llanilganidan so‘ng uning qayerdaligi bekitilyapti.

Aslida Miranda qoidalari ham, Xabeas korpus institutiga doir tartib-taomillar ham JPKda mavjud. Konstitutsiyamizga o‘zgartirishlar kiritish jarayonida ushbu normalar bosh qonunimizda aks etsa, ularga rioya etilishi yaxshi tomonga o‘zgaradi deb o‘ylayman. Kelajakda qanday ishlashini vaqt ko‘rsatadi.

Advokatlar Zafar Usmonov va Ilyos Yusupov / Foto: Kun.uz

Ilyos Yusupov:

– Agar Miranda qoidalari to‘liq ishlaydigan bo‘lsa, vaqtincha ushlab turilgan shaxsda bir marotaba telefon qilish huquqi bor. O‘sha joydan u qarindoshlariga yoki advokatga qo‘ng‘iroq qilib, qayerdaligini aytishi kerak. Agarda shu tartib yaxshi ishlab ketsa, odamlarning, qo‘pol qilib aytganda, “yo‘qolib qolishlari” bilan bog‘liq qiyinchiliklarga chek qo‘yiladi.

Shu o‘rinda o‘zimning bir taklifim bor. Ushlangan shaxslarning elektron bazasi yaratilishi kerak va u yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha orderi bor advokatlar uchun ochiq bo‘lishi kerak. Shu orqali ushlangan yoki ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan shaxsning qayerdaligini bilish imkoniyatini taqdim etadigan shaffof tizim yaratilishi kerak. Ana o‘shanda, o‘ylaymanki, hozir uchrayotgan ayrim salbiy holatlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi.

Suhbatni to‘liq ushbu havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: