Islom birdamligi o‘yinlari. O‘zbekiston 158ta medal bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi

Sport 23:27 / 18.08.2022 21661

24ta sport turida 268ta sportchi bilan qatnashgan O‘zbekiston delegatsiyasi 51ta oltin, 42ta kumush va 65ta bronza  
— jami 158ta medal bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.

Kuchli o‘nlik quyidagicha ko‘rinish oldi:

  1. Turkiya 145-107-89
  2. O‘zbekiston 51-42-65
  3. Eron 39-44-50
  4. Ozarboyjon 29-36-34
  5. Qozog‘iston 27-23-39
  6. Marokash 15-13-34
  7. Indoneziya 13-14-29
  8. Bahrayn 9-7-7
  9. Qirg‘iziston 8-8-15
  10. Jazoir 7-12-23

O‘zbekiston hisobiga eng ko‘p oltin medalni og‘ir atletikachilar (15-3-6) keltirishdi. Shuningdek, dzyudo (6-2-5), kurash (4-4-10), yengil atletika (4-2-2), taekvondo (4-0-4), kikboks (2-7-12), badiiy gimnastika (2-6-1), suzish (2-5-5), sport gimnastikasi (2-4-2), qilichbozlik (2-3-9), para suzish (2-2-2), veloshosse (2-2-1), karate (2-0-1), velotrek (1-2-3), para yengil atletika (1-0-0), stol tennisi (0-0-1) hamda o‘q otishda (0-0-1) ham sportchilarimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin olishdi.

Og‘ir atletikada Ruslan Nuriddinov, Akbar Jo‘rayev, Sarvar Zafarjonov va Tursunoy Jabborova, velosportda Olga Zabelinskaya 3tadan oltin medalni qo‘lga kiritishdi. 

Para suzishda Azizbek Boynazarov 2ta oltin, 1ta kumush va 1ta bronzani; og‘ir atletikada Adhamjon Ergashev 2ta oltin va 1ta kumushni delegatsiya hisobiga yozdirib qo‘ydi. 

Bellashuvlarning so‘nggi kunida 47 yoshli afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin oldi.

Kuni kecha prezident mazkur musobaqada g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilar va ularning murabbiylarini pul mukofotlari bilan taqdirlash haqida qaror imzolagan edi.

Qarorga asosan, sportchilar:

  • oltin medal uchun – $5 000;
  • kumush medal uchun – $3 000;
  • bronza medal uchun – $2 000;

g‘olib va sovrindor sportchilarni tayyorlagan murabbiylar:

  • oltin medal uchun – $2 500;
  • kumush medal uchun – $1 500;
  • bronza medal uchun – $1 000 miqdorida har bir medal uchun bir martalik pul mukofotlari beriladi. 
Ko‘proq yangiliklar: