Rossiyadan gaz yetkazish to‘liq to‘xtatilgan taqdirda Germaniya omborlaridagi gaz 2,5 oyga yetishi ma’lum qilindi

Jahon 18:31 / 17.08.2022 5608

Agar Germaniya noyabrgacha gaz omborlarini 95 foizga to‘ldira olsa, Rossiyadan gaz yetkazilishi to‘liq to‘xtatilgan taqdirda omborlardagi gaz isitish va sanoat iste’moli uchun ikki yarim oyga yetadi. Bu haqda tarmoqlar bo‘yicha federal agentlik rahbari Klaus Myuller ma’lum qildi.

Uning aniqlik kiritishicha, hozirda omborlar 77 foizga to‘lgan.

"Biz omborlarni avvalgiga qaraganda tezroq to‘ldiryapmiz, ammo bu bo‘shashishimizni bildirmaydi. Aksincha, buni turtki deb tushunish kerak", - dedi Myuller.

Myullerning ogohlantirishicha, kuz salqin kelishi va gaz yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishi ehtimoli hisobga olinsa, omborlarni oktyabrgacha 85 foizga to‘ldirish rejasini amalga oshirish qiyin bo‘lishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, omborlarni noyabrga borib 95 foizga to‘ldirish ham "amrimahol", chunki ayrim omborlarni to‘ldirish uchun ko‘proq vaqt talab qilinadi.

Hozirda Rossiyadan Germaniyaga "Shimoliy oqim" gaz quvuri orqali gaz yetkazib berish to‘liq quvvatning 20 foizini tashkil etmoqda. 

Rasmiy Berlin gaz yetkazishning qisqartirilishini Moskvaning shantaji deb atamoqda. 

Oktyabrdan boshlab Germaniyadagi barcha iste’molchilar har bir kvt/s gaz uchun 2,419 sent miqdorida ustama to‘laydi. 

Ko‘proq yangiliklar: