Sergey Bezrukov rus madaniyatini g‘arb ta’siridan tozalashga chaqirdi

Jahon 13:20 / 16.08.2022 8729

Dunyo «liberal qadriyatlardan to‘ygan», Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti va g‘arb sanksiyalari Rossiyaga konservativ qadriyatlar, vatanparvarlik bilan madaniyatning asl yo‘liga qaytarishga yordam berishi kerak, deya ma’lum qildi taniqli rossiyalik aktyor va rejissyor Sergey Bezrukov AFP nashriga bergan intervyusida. U 16 avgust, seshanba kuni e’lon qilindi. 

«Biz o‘z an’analarimiz bilan bog‘lanish uchun Rossiyaning izolyatsiyasidan foydalanishimiz kerak. Rossiya Hollivudga qarashning o‘rniga, g‘arb ta’siridan tozalangan o‘z madaniyatini qurishi kerak. So‘nggi 30 yil davomida biz Marvel olamida yashayapmiz. O‘zimizning olamimizni yaratish vaqti keldi», - deya ma’lum qildi Moskva Gubernskiy teatrining 48 yoshli badiiy rahbari. 

Bezrukovning ta’kidlashicha, SSSR davriga qaytish, albatta, mumkin emas, lekin Rossiya, uning so‘zlariga ko‘ra, o‘z kuchlariga ishonchni tiklashga harakat qilishi mumkin. Yevroittifoq yaqinda Sergey Bezrukovga qarshi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar kiritdi. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tmishda o‘zini din, erkak va ayol o‘rtasidagi nikoh kabi an’anaviy qadriyatlarga amal qiluvchi shaxs sifatida ko‘rsatib, g‘arb liberal qadriyatlari eskirganini ta’kidlagandi. Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya rasmiylari bu masalada san’at katta rol o‘ynashi kerakligini ta’kidlab, g‘arb qadriyatlaridan voz kechish harakatlarini kuchaytirdi. 

«Rossiya konservativ inqilob yoqasida», deya ma’lum qildi MXAT badiiy rahbari, Ukrainada Rossiyaning, uning so‘zlariga ko‘ra, «muqaddas urushi» tarafdori Eduard Boyakov. 

Ko‘proq yangiliklar: