Nunes «kalla qo‘yishi» «Liverpul»ning chempionlik umidini tahdid ostida qoldirdi

Sport 16:14 / 16.08.2022 14569

Darvin Nunes «Enfild»dagi debyuti bunday kechishini tasavvur ham qilmagan bo‘lsa kerak, Yurgen Klopp va «Liverpul» haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Urugvaylik futbolchi o‘z muxlislari oldida 57 daqiqa o‘ynadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil karta olib, maydonni tark etdi.

Matbuotda Nunesning mersisaydliklar o‘yiniga katta ta’sir o‘tkazishi haqida yozilganida, uning «Kristal Pelas» himoyachisi Yoahim Andersenning iyagiga boshi bilan ahmoqona zarba berishi ko‘zda tutilmagan edi albatta.

Nunesning intizomsizligi «Liverpul»ga qimmatga tushdi, chunki ular zo‘rg‘a 1:1 hisobidagi durang natijani qo‘lga kiritishdi. Bu esa so‘nggi o‘n yil ichida birinchi marta Premer-Ligadagi dastlabki ikkita o‘yinda g‘alaba qozona olmaganini anglatardi.

Bundan ham badtarroq bo‘lishi mumkin edi: o‘yin oxirida Uilfrid Zaa zarbani noaniq yo‘llamaganida, «qizillar» so‘nggi 17 oy ichida ilk marta o‘z uyida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lardi.

Keyinchalik Klopp o‘z jamoasining 10 futbolchi bo‘lib yaxshi o‘ynaganidan «g‘ururlanayotgani»ni aytdi va 64 million funt evaziga kelgan urugvaylik shogirdi bilan yaxshilab gaplashib olishini ma’lum qildi.

Himoyachi Andersen tomonidan provokatsiya qanday bo‘lganidan qat’i nazar (aslida unchalik jiddiy emasdi), Nunesning bunday reaksiyasini oqlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, bosh hakam Pol Tirni ko‘z o‘ngida va VAR ishlayotgan sharoitda.

Endi Nunesning beparvoligi o‘ziga va «Liverpul»ga qimmatga tushishi mumkin – u diskvalifikatsiya tufayli uchta o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

«Liverpul» kelasi dushanba kuni «Manchester Yunayted» mehmoni bo‘ladi. Klopp jamoasining resurslari esa xavotirli tarzda ancha kamaydi, bu unga bosh og‘rig‘ini keltirishi aniq.

«Chunki bizda boshqa hujumchi yo‘q», dedi Klopp nima uchun «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda Nunesni tanlagani haqidagi savolga javob berib. Bu gaplarida jon bor va uning jilmayishi ma’yus edi.

Diogu Jota va Roberto Firmino o‘yin qaydnomasiga kiritilmagani bois Nunes maydonga tushirildi. O‘tgan mavsumda ba’zan markaziy hujumchi sifatida o‘ynagan Aleks Oksleyd-Chemberlen ham jarohat olgan.

Mavsum startidayoq «Liverpul» muammolarga duch kelmoqda. Hozirda asosiy jamoaning 10 nafar futbolchisi jarohatlangan.

Jo Gomes va Jordan Henderson sog‘lig‘idagi kichik muammolar tufayli «Pelas»ga qarshi o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida boshlashga majbur bo‘lishdi. Firmino va Joel Matip mashg‘ulot paytida safdan chiqdi. Kloppning aytishicha, Matip ikki hafta davomida maydonga tushmaydi. Firminoning jarohati qanday ekani hozircha noma’lum.

«Men hech qachon bunday haftaga duch kelmaganman», dedi Klopp matbuot anjumanida. - Rostini aytsam, qarorgohimizda xuddi jodugar bordek tuyuldi. Har kuni kimdir aql bovar qilmas sabab bilan jarohat olar edi».

Shu tufayli, Nunesning bema’ni qilig‘i uning boshiga tushgan yagona ko‘rgilik emasdi. Yaxshiyamki, Klopp «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yingacha 1 hafta muddatga ega, buning uchun taqvimdan minnatdor bo‘lishi kerak.

U hech bo‘lmaganda Firmino tiklanib olishidan umidvor. Ammo Matip safdan aniq chiqdi. Jota bir necha haftada qaytadi. Oksleyd-Chemberlen, Tiago Alkantara, Ibrohim Konate va Kyortis Jons hamon davolanmoqda. Hatto 2-raqamli darvozabon Kelleher, yozda olingan Kalvin Remzi va o‘smir yulduz Kayde Gordon ham jarohatlangan.

Ushbu muammoni hal qilish uchun «Liverpul» transfer bozoriga chiqishi kerak degan chaqiriqlar yangramoqda.

Ammo «qizillar» Lissabonning «Sporting» klubi yarimhimoyachisi Mateus Nunes xizmatiga qiziqish bildirayotgan bir paytda, «Vulverhempton» u bilan kelishib olgani haqidagi «sovuq» xabar muxlislar orasida tarqalib bo‘ldi.

Klopp «Liverpul» vahima ostida futbolchi sotib olmasligini ta’kidlagandi, bu so‘zlar muxlislarni tinchlantiradi. Ammo mavsum boshidanoq klub «Manchester Siti»dan ortda qolayotgani qo‘shimcha bosimni keltirib chiqarmoqda. Kelasi haftada esa «Old Trafford» kutib turibdi. Agar u yerda inqirozdagi klubga yutqazilsa, savalash uchun qamchilar tayyor turishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Afsuski, bu – katta muvaffaqiyatning narxi. «Liverpul» so‘nggi yillarda shunday standartni o‘rnatdiki, bir necha salbiy natijalar darhol turli qayg‘uli mish-mishlarga yo‘l ochadi.

Endi klubning vazifasi – g‘alabalar va ishonchli o‘yinlar orqali muxlislarni tinchlantirish. Hozircha bunga Nunessiz erishishga to‘g‘ri keladi.

Urugvaylik futbolchi o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqaradi va shubhasiz, yaqin oylar va yillarda «Liverpul» uchun katta futbolchiga aylanadi. Ammo uning ahmoqona qilig‘i jamoasi va bosh murabbiyni bir necha hafta davomida qiynab qo‘yadi.

Ko‘proq yangiliklar: