Kichik GESlar qurishdagi zaruriy gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida ishlab chiqariladi

O‘zbekiston 10:57 / 16.08.2022 1927

Dastavval, Jamiyat Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov Hindiston Respublikasi mamlakat mustaqilligining 75 yilligi bayram tantanasi bilan uchrashuv a’zolarini samimiy muborakbod etdi. So‘ngra, mamlakatimizda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Hindistonning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalariga yuqori baho berdi. Shu bilan birga, ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida gidroenergetika sohasidagi hamkorlikning davomli bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-44-son Qaroriga muvofiq, xususiy sektor vakillariga ya’ni tadbirkorlar tomonidan joylarda mikro va kichik GESlarni qurish, ekologik jihatdan toza elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun keng imkoniyatlar hamda zaruriy sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, Jamiyat mutaxassislari tomonidan yangi loyiha maydonlari aniqlanmoqda, tadbirkorlarga loyihaning biznes-rejasini ishlab chiqishda, optimal texnik yechimlarni tanlashda, loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda va tavsiyalar berilmoqda.

Mazkur import hajmlarini qisqartirish, tadbirkorlarga qulayliklar yaratish va kelajakda o‘zbek brendi ostida gidroagregatlar ishlab chiqarib eksportni yo‘lga qo‘yish maqsadida Yevropa, Xitoy va boshqa chet el mamlakatlari kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Bugungi kungacha mikro va kichik GES loyihalari uchun gidroagregatlar chet el mamlakatlaridan import qilinib olib kelinardi. Endilikda kichik va mikro GESlar uchun gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida mamlakatimizda ishlab chiqariladi.

Xususiy sektor vakillari ishtirokini kengaytirish, innovatsion loyihalar asosida lokalizatsiya va mahalliylashtirish dasturi doirasida import o‘rnini bosuvchi kichik GESlar uchun sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha “O‘zbekgidroenergo” AJ hamda Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Mazkur Memorandum Hindiston Respublikasi mamlakat mustaqilligining 75 yilligi bayram tantanasida ikki yirik kompaniyalar o‘rtasida gidroenergetika sohasida amalga oshirilgan yirik loyiha bo‘ldi.

Mazkur gidroagregatlar “O‘zbekgidroenergo” AJning tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” zavodi hamda Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyalari hamkorligida ishlab chiqariladi.

Aytish lozimki, gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisi turmush farovonligining oshishiga, ishlab chiqarish sub’yektlarining elektr quvvatlari bilan ta’minlanishiga, tom ma’noda, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim zamin yaratadi.

O‘zbekgidroenergo Axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: