Ukraina bug‘doyi bo‘lgan birinchi kema Istanbulga yetib keldi

Jahon 07:59 / 15.08.2022 7203

Ukraina bug‘doyi yuklangan birinchi yuk kemasi 14 avgust, yakshanba kuni Ukraina Rossiya va Turkiya bilan kelishgan «don yo‘lagi» bo‘ylab Istanbulga yetib keldi. Bu haqda Turkiyaning TRT World telekanali Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi (QMM)ga tayanib xabar berdi. Uning kelgani haqida hozircha rasmiy xabar yo‘q. 

Beliz bayrog‘i ostidagi Sormovsky yuk kemasi 12 avgust kuni Ukrainaning Chornomorsk portidan jo‘nab ketdi. U uch ming tonnadan ortiq bug‘doy olib bordi. Reuters agentligining xabar berishicha, kema Istanbul portida tekshiruvdan o‘tishni kutmoqda. 

6 avgust kuni Istanbulga Ukraina makkajo‘xori yuklangan birinchi yuk kemasi yetib keldi – Panama bayrog‘i ostidagi Navi Star kemasi 33 ming tonna makkajo‘xori bilan Irlandiyaga yo‘l oldi. Umuman olganda, bugungi kunga kelib, QMM ma’lumotlariga ko‘ra, «don yo‘lagi» doirasida Ukraina portlaridan 18 ta yuk kemasi 438 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib chiqib ketgan. 

Don eksporti uchun Ukraina portlarining blokadasini tugatish to‘g‘risidagi kelishuv 22 iyul kuni Istanbulda BMT va Turkiya vositachiligida RF hamda Ukraina o‘rtasida imzolangan edi. Kelishuv Qora dengizda Ukraina qirg‘oqlaridan Bosfor bo‘g‘ozigacha bo‘lgan xavfsiz yo‘laklar yaratishni nazarda tutadi. Ular orqali Ukrainada Rossiya tajovuzi tufayli to‘sib qo‘yilgan 20-25 million tonna g‘allani olib chiqish rejalashtirilgan. 

Eksport Ukrainaning uchta portidan - Odessa, Chornomorsk va Yujniydan amalga oshiriladi. Yuk kemalarining o‘tish xavfsizligini BMT boshchiligida Rossiya, Ukraina va Turkiya vakillari ishlayotgan Istanbuldagi QMM nazorat qiladi. 

«Don yo‘lagi» to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandan bir kun o‘tib RF QK Odessa portiga raketa hujumi uyushtirdi. Biroq, Ukraina bu don eksportiga tayyorgarlikni to‘xtatmasligini bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: