«Roma» yangi darajaga ko‘tarilmoqda. Mourino Rimning yangi qiroli bo‘ladimi?

Sport 14:24 / 15.08.2022 12328

Rimni zabt etish hech qachon oson bo‘lmagan. Bir paytlar «Roma»ning sobiq bosh murabbiyi Rudi Garsiya shaharda faqat uchta qirol bo‘lganini aytgan edi: Rim papasi, mafiya va Franchesko Totti. Joze Mourino esa to‘rtinchi bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarga ega.

Bir yil davomida u shaharning qizil yarmini aqldan ozdirdi, deb yozmoqda Goal nashri. Uning A Seriyadagi ilk mavsumi hakamlar va raqiblarga bir qator jirkanch hujumlar uyushtirgani, «Roma»ning maydondagi taraqqiyoti, Yevropadagi ilk kubogi bilan yodda qoldi.

Balki bu endigina tashkil etilgan Konferensiyalar Ligasi deyish mumkin. Lekin bu Mourino uchun juda ko‘p narsani anglatardi – u yarimfinalda «Lester» ustidan g‘alaba qozongach, ko‘zyoshlarini tiyib turolmadi. Finaldagi g‘alabani esa yangi tatuirovka bilan nishonladi.

«Feyyenoord» ustidan qozonilgan 1:0 hisobidagi g‘alaba muxlislar uchun yanada muhimroq edi. Ular 2001 yilgi skudettodan keyin A Seriyadagi va xalqaro maydondagi ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar ortidan ko‘p aziyat chekishdi. Shuning uchun ham Mourino o‘tgan yili yozda Rimga kelganida yuzlab muxlislar tomonidan xuddi «qutqaruvchi» sifatida kutib olingandi.

Uning bosh murabbiy bo‘lishi, Paulo Fonseka o‘rnini egallashini hech kim kutmagandi. «Roma»ning sobiq direktori Valter Sabatini «O‘zgacha»ning bosh murabbiy etib tayinlanishini Italiya poytaxtida yuz bergan «hissiyotlar zilzilasi» deb atadi.

Portugaliya milliy jamoasining sobiq yarimhimoyachisi Adriyen Silva vatandoshining «Roma»ga tayinlanishi to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidladi: «U kelishidan oldin «Roma» og‘ir ahvolda, Italiyadagi asosiy raqiblari bilan bir xil darajada emas edi. Ammo endi ularga tobora yaqinlashib bormoqda. Chunki bu Joze Mourino! U faoliyati davomida ko‘plab klublarda dunyoning eng yaxshi murabbiylaridan biri ekanini ko‘rsatdi. Ba’zan ishlar yurishib ketishi uchun jamoaga mos murabbiy kerak bo‘ladi. Bu aynan shunday holat edi».

Mourino va «Roma» ittifoqi idealga o‘xshayapti. O‘tgan mavsumni yettinchi o‘rinda yakunlagan klubning kuchi inobatga olingan holda, 2021/22 yilgi mavsumga umidlar past va bunga yetarli asoslar bor edi.

Mourino muxlislar hafsalasini pir qila boshlagan qora kunlar ko‘p bo‘ldi. U o‘zining murabbiy sifatida ham, erkak sifatida ham ulg‘ayganini ta’kidladi. Biroq, birinchi matbuot anjumanidayoq eski odatlarini boshladi, raqiblarga, hakamlarga tashlandi va butun mavsum davomida bundan voz kechmadi.

Mourino mukammallikka erishish uchun o‘zi sinab ko‘rgan qamal usulidan foydalandi. Mavsum boshida o‘ziga kerak bo‘lmagan futbolchilardan shafqatsizlarcha voz kechdi. Mavsum davomida esa kerakli tarkibni shakllantirdi.

Muxlislar uni boshidanoq qo‘llab-quvvatlashgandi – Rimga kelganidan bir necha kun o‘tgach, Testachcho kvartalida Vespa haydab borayotgan devoriy surati paydo bo‘ldi.

Yakunda o‘rtamiyona klubni Konferensiyalar Ligasidagi g‘alabaga olib kelgan «oila tuyg‘usi» shakllandi. Endi Mourino Rimda o‘sha g‘ayrioddiy kuch tuyg‘usiga tayangan holda ishlay oladimi?

2000/01 yillar mavsumida «Roma»ni chempion qilgan Fabio Kapello bu mavsumda klub hech bo‘lmaganda kuchli to‘rtlik uchun kurash olib borishini aytdi. Biroq, afsonaviy murabbiy ta’kidlaganidek, «Kuchli eyforiya Rim uchun har doim xavfli bo‘lib kelgan».

Biroq, bu kema allaqachon suzishga kirishdi. Konferensiyalar Ligasidagi muvaffaqiyat va ijobiy transfer bozori muxlislarni juda xursand qildi.

Paulo Dibalaning taqdimot marosimidan olingan lavhalar internetda yashin tezligida tarqaldi, «Yuventus»ning sobiq hujumchisi esa muxlislar tomonidan o‘zini iliq kutib olinganidan hayratga tushdi.

O‘tgan haftada u yana lol qoldi. «Shaxtyor»ga qarshi mavsumoldi o‘rtoqlik o‘yinida «Roma»ning 65 ming fanati klub madhiyasini hayajon bilan kuylaganida, taajjub alomati sifatida boshini qimirlata oldi, xolos.

Keyingi voqealar muxlislarning nega bunchalik junbishga kelganini ko‘rsatib berdi. Dibala, Temmi Abraham, Lorenso Pellegrini va Nikolo Dzaniolo – «Fantastik to‘rtlik» 5:0 hisobidagi g‘alabani ta’minladi. Bu esa Mourino endi A Seriyada jiddiy kurasha oladigan jamoaga ega ekanini ko‘rsatardi.

«Joze – g‘oliblik ruhiyatiga ega murabbiy, dedi Kapello. – Bu hislatini «Roma»da ham ko‘rsatmoqda. Endi uning rejalariga mos keladigan tarkib to‘plandi. U yaxshi jamoani zo‘r boshqarmoqda».

Albatta, Nemanya Matich va Jorjino Veynaldum yarimhimoyaga kerakli tajriba va barqarorlikni olib keladi. Italiya milliy jamoasi himoyachisi Leonardo Spinatssolaning to‘liq formaga qaytishi esa quvvat bag‘ishlaydi.

Biroq, bu jamoa chindan ham chempionlik uchun kurashga qodirmi yoki yo‘qmi degan shubhalar saqlanib qolmoqda.

Albatta, A Seriyaning oltinchi klubi tarkibi kuchaytirildi. Ammo zaxira o‘rindig‘i «tor ekani», ayniqsa markaziy himoyachilar va Dibalaning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tashvishlanish uchun yetarli sababdir. «Manchester Yunayted»dan kelgan Matich va «PSJ» klubidan olingan Veynaldumda yana qancha kuch-quvvat qolganini ham hisobga olish kerak.

Bundan tashqari, butun yoz davomida nomi «Yuventus» yoki «Tottenhem» bilan bog‘lanayotgan Nikolo Dzaniolo atrofidagi mish-mishlar transfer oynasi yopilgunga qadar muxlislarga tinchlik bermasa kerak.

Biroq, shubhasiz, imkoniyat «Roma» eshigini taqillatmoqda.

Hozir Italiya futboli uchun qiyin davrlar davom etmoqda. Yozgi transfer oynasi A Seriya klublarining eng yaxshi futbolchilar uchun Premer-Liga klublari bilan raqobatlasha olmasligini yana bir bor tasdiqladi.

Ehtiyotkorlik juda muhim, ammo kerakli tarkibni shakllantirib olish uchun zararli emas. «Roma» Amerikaning Friedkin Group kompaniyasidagi xo‘jayinlari xatti-harakatlari orqali juda katta mablag‘ sarflamasdan ham kuchayish mumkinligini isbotladi.

Darhaqiqat, «Jallorossi» ushbu transfer oynasida faqat Zeki Chelik uchun pul to‘ladi – 7 million yevro. Dibala, Veynaldum, Matich va Mile Svilar bepul qo‘lga kiritildi.

Taqqoslaydigan bo‘lsak, «Roma»ning asosiy raqiblari hisoblanmish «Milan», «Inter» va «Yuventus»ning transfer kampaniyasi bu darajada shov-shuvli bo‘lmayapti.

Hali do‘ppini osmonga otadigan vaqt kelmadimi? Bo‘lishi mumkin. «Roma» o‘zining aqlli xaridlari bilan «katta uchlik» orasidagi bo‘shliqni yo‘qqa chiqaryapti, ammo bu ularni ehtimoliy chempionlar deb hisoblash uchun yetarli emas.

Kapello A Seriyaning yirik, ammo beqaror klublaridan biri uchun haddan tashqari eyforiya har doim muammo bo‘lib kelganini aytganida haqli edi. Poytaxtda vaziyat tezda izdan chiqishi mumkin.

Ammo, hozir «Olimpiko»da olib borilayotgan ishlar energiyasi hayratda qoldiryapti va klubni kuchli to‘rtlikka olib chiqishi, Mourinoni esa Rimning to‘rtinchi qiroli bo‘lishga bir qadam yaqinlashtirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: