Namanganda noyob Qur’oni Karim mushafi o‘g‘irlab ketildi

O‘zbekiston 17:06 / 15.08.2022 21029

Tahririyatga Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohida saqlanayotgan Qur’oni Karim mushafi o‘g‘irlangani haqida ma’lumot kelib tushdi. Kun.uz muxbiri holatga oydinlik kiritish maqsadida Namangan viloyati Madaniy me’ros boshqarmasi rahbari Muhammadjon Qodirov bilan bog‘landi.

Muhammadjon Qodirov kitob rostdan ham yo‘qolganini tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, obekt madaniy meros agentligi ixtiyorida bo‘lsa-da, u yerni tasarruf etish alohida direksiya zimmasiga yuklatilgan va Qur’oni Karim mushafi ham o‘sha direksiya tomonidan saqlanadi. Ziyoratgohni tasarruf etayotgan direksiya bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Chortoq tumani hokimligi axborot xizmati masofa uzoqligini, u yerdagi holat bo‘yicha batafsil ma’lumot bera olmasligini bildirdi.

O‘g‘irlangani aytilayotgan Qur’oni Karim mushafi to‘liq ipak matodan tayyorlangan bo‘lib, u 1874 yilda yozib tugatilgan. Kitobning bo‘yi 74 santimetr, eni 51 santimetr va qalinligi 12 santimetr bo‘lgan. 426 betdan iborat kitobning har bir betiga 13 qatordan oyatlar yozilgan.

Qo‘lyozma Mavlono Xoja Lutfulloh Chustiy xonaqohi va mozoriga daxldor hisoblanadi. U 1995 yilgacha Qirg‘izistonning O‘zgan shahrida, Toshkentda imomlik qilgan va yashagan Eshonxon Oqilov xonadonida saqlangan. 1995 yilda kitobni namanganlik Kamolxon Muhiddinov o‘z yurtiga olib kelgan. 2017-2019 yillarda, Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohi ta’mirlangandan so‘ng qo‘lyozma o‘sha yerga olib chiqib qo‘yilgan edi.

Manbaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha holat viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ma’lum. Ammo xozircha mas’ullar vaziyatni o‘rganishga shoshilishmayapti.

Kun.uz ikki yil oldin ushbu Qur’oni Karim – Mushafi haqida video lavha tayyorlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: