Hamid Karzay AQShning Afg‘onistondan chiqib ketishini «sharmandalik» deb atadi

Jahon 13:48 / 15.08.2022 21387

Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay AQShni bir yil avval o‘z mamlakatini tark etib, «Tolibon» harakatiga topshirgani uchun keskin tanqid qildi. «Bu juda achinarli. Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondan qanday yo‘l bilan chiqib ketgani sharmandalik bo‘ldi. Bu biz uchun haqoratli va Amerika xalqi uchun og‘riqli», dedi u 14 avgust, yakshanba kuni e’lon qilingan DW mediakompaniyasiga bergan intervyusida.

Karzay toliblar hokimiyatga qaytishi fonida afg‘onlarni birlashishga va o‘z huquqlari, jumladan, qizlar va ayollarning ta’lim olish huquqi uchun kurashishga chaqirdi. U muhojirlik ehtimolini inkor etib, qiyin paytlarda vatanini tark etmasligini ta’kidladi. «Bu bizning mamlakatimiz. Bu bizning uyimiz. Qiyin bo‘lganda uyni tark etishmaydi. Uyda qolib, uni tartibga keltirish kerak. Qisqa va aniq», - dedi sobiq prezident. 

Hamid Karzay «Al-Qoida» yetakchisi Ayman al-Zavohiriyning amerikaliklar tomonidan yo‘q qilinishi Afg‘onistonni yana xalqaro terrorizm homiysiga aylantirishi mumkin degan fikrga qo‘shilmadi. «Afg‘oniston hech qachon global terrorning homiysi bo‘lmagan. Afg‘oniston global terror qurboni bo‘lgan. Afg‘oniston xalqi terrorizmning eng katta qurboniga aylandi. Afg‘onistonliklar butun dunyo bo‘ylab terror qurbonlariga hamdardlik bildiradi, chunki bizning o‘zimiz bundan ko‘proq jabrlanganmiz. Afg‘onlar 11 sentabr fojiasi qurbonlarini yodda tutadi, sababi birinchi bo‘lib biz aziyat chekdik», dedi u. 

«Afg‘onlar - terrorizm qurboni, shuning uchun afsuski, ular ham terrorizmga qarshi kurash qurboniga aylanishdi. Shuning uchun biz terrorga hech qanday aloqamiz bo‘lishini istamaymiz. Al-Zavohiriy bilan bo‘lgan voqeaga kelsak, amerikaliklar u o‘ldirilganini xabar qilishdi. «Tolibon» az-Zavohiriyning Kobulda ekanidan xabari yo‘qligini va surishtiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi. Surishtiruv yakunlarini kutamiz», deya ta’kidladi Karzay.

Aholining deyarli yarmi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotgan Afg‘onistondagi og‘ir iqtisodiy vaziyat fonida Karzay afg‘onlarni hamjihatlikka chaqirdi. «Mamlakatni boshqarishda butun afg‘on xalqi ishtirok etishi kerak. Birodarlar sifatida men toliblarni barcha afg‘onlarni, hatto ularga qarshi bo‘lgan va qarshilik haqida o‘ylayotganlarni ham birodar va opa-singil deb bilishga chaqiraman. Ular bilan bog‘lanib, siyosiy jarayon, milliy muloqotga qaytarish kerak, toki birlik muhitida va so‘z yordamida yaxshiroq kelajak sari yo‘lni belgilab olish lozim. Aynan shu chaqiriq bilan men «Tolibon»ga bir necha bor murojaat qilganman», deb eslaydi Karzay. 

Afg‘oniston sobiq prezidenti Afg‘oniston yo‘qotib bo‘lingan davlat degan fikrni rad etdi. «Biz yo‘qolgan davlat emasmiz. Biz dunyoning bu qismidagi eng qadimiy davlatlar va sivilizatsiyalar qatoridamiz. Bu ming yillik tariximizda bir lahza. U o‘tib ketadi va biz yana oyoqqa turamiz hamda kuchli bo‘lamiz. Afg‘oniston ayollar uchun ham yo‘qolmagan. Agar shunday bo‘lganida, Afg‘oniston o‘zligini yo‘qotgan bo‘lardi. Bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Ayollar ta’lim oladi. Ular muhandis, doktor va jurnalist, parlament a’zolari bo‘lishadi, hammasi yaxshi bo‘ladi. Vaqti kelganda buni ko‘rasiz», - deya xulosa qildi Afg‘oniston sobiq prezidenti. 

Ko‘proq yangiliklar: