«Arsenal» va «Siti» 4 tadan gol urdi, «MYu» 4 ta o‘tkazdi. Derbida janjal. APLda tur yakunlari

Sport 13:15 / 15.08.2022 19582

Jyezus to‘rt golda qatnashdi, «Arsenal» yo‘qotishsiz davom etdi

O‘tgan mavsumda «Arsenal»ga yaqqol to‘purar futbolchi yetishmagandi, ammo Gabriel Jyezusning kelishi Mikel Arteta jamoasini yangi darajaga olib chiqdi. Mavsumoldi yig‘inidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham gollarni qalashtirgan braziliyalik futbolchi «Emireyts»dagi ilk rasmiy o‘yinidayoq «kanonirlar» jamoasi muxlislarining yangi kumiriga aylandi. Hisobni ochuvchi golni urishda u to‘pni darvozaning uzoq «to‘qqizligi»ga joylab qo‘ydi. Keyin bu shedevrga odatiy gol qo‘shildi — uzoq ustun oldida to‘p uchun kurashda bosh bilan aniq harakat qildi. U tanaffusga qadar het-trik rasmiylashtirishi ham mumkin edi, Jyezus o‘z ta’qibchisini ortda qoldirib, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi. Ammo Uord aql bovar qilmas harakat bilan to‘pni to‘xtatdi va intrigani saqlab qoldi, bundan oldinroq Saliba ahmoqona avtogoli bilan hisob qisqarishiga sababchi bo‘lgandi.

Ammo yakunda uelslik darvozabon «Lester»ning o‘yinni qutqarish imkonini yo‘qqa chiqardi, u oson vaziyatda to‘pni qo‘lida tutib qololmadi va Chakaga gol sovg‘a qildi. Uordga Ramsdeyl munosib dalda berdi va Meddisonning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasini oyoqlari orasidan o‘tkazib yubordi, ammo ko‘p o‘tmay Gabriel Martinelli jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi. Chaka bilan bo‘lgan vaziyatdagi kabi unga ham fenomenal o‘yin ko‘rsatayotgan Jyezus assistentlik qildi.

Holand to‘pga sakkiz bor tegindi, «Siti» birinchi o‘rinda

O‘tgan turda Holand dubl rasmiylashtirgandi. Endi esa assist muallifi bo‘ldi. Ko‘rinishidan arzimasdek, ammo u buni mahorat bilan ijro etdi! Norvegiyalik Gundo‘g‘anning uzatmasini uch himoyachi orasida turib qabul qilib oldi va kuchli bosim ostidaligiga qaramay yiqilayotgan holda to‘pni darvozabon bilan birga-bir chiqib borayotgan sherigiga qaytarib berdi.

Bu epizod —  Holand jamoadoshlari va Xosep Gvardiolaning prinsiplarini naqadar yaxshi tushunayotgani ifodasi bo‘ldi. Lekin hozircha uning o‘yinga qo‘shilib ketish darajasi u qadar yuqori emas. 74 daqiqada to‘pga sakkiz bor teginish va ikki uzatma berish — juda kam. Ammo «Siti»da natijani ta’minlashi mumkin bo‘lgan futbolchilar yetarlicha. Masalan, de Bryuyne «shvedka» zarbasi bilan hisobni oshirdi, ko‘p o‘tmay Fodenga golli uzatma berdi. Belgiyalik futbolchi so‘nggi o‘n besh uy uchrashuvidan faqat bittasini golli harakatsiz yakunlagan, «shaharliklar» esa chempionlik grafigi bo‘yicha ketmoqda.

«MYu» «qatl etildi»

Krishtianu Ronaldu boshlang‘ich tarkibda — bu o‘yin boshlanishidagi asosiy e’tiborli holat edi. Ammo shu kuni diqqat markazida de Xea bo‘ldi, ammo ispaniyalik posbon bu safar qutqarmadi, aksincha «MYu» darvozasiga ikki gol «olib keldi». Avvaliga Dasilvaning u qadar kuchli bo‘lmagan va o‘z qo‘liga kelgan zarbasini o‘tkazib yubordi, keyin esa to‘pni darvozadan uzoqlashtirishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Yyensen esa faoliyatidagi eng oddiy gollaridan birini urdi.

«Brentford» shu kuni istaganini qildi va 35-daqiqaga kelib tabloda 4:0 hisobi porlay boshladi. Lekin shu kuni chap yonboshi bilan uyg‘ongan birgina de Xea emasdi. Standart vaziyatdan uchinchi gol urilganida Lisandro Martines qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, keyin esa Mbeumo muallifligidagi to‘rtinchi gol darvozadan joy oldi — mezbonlar qarshi hujumga chiqqanida «qizil iblislar» himoyachilari ulgurmadi.

Kristian Eriksen «Brentford»ga safari bunday bo‘lishini kutmagani aniq, birinchidan, mezbon jamoa muxlislari «MYu»ni tanlagani uchun to‘p unga kelishi bilanoq qattiq hushtakbozlik qilaverishdi, faqat to‘rtinchi goldan keyin bas qilishdi, balki achinishganidan. Aynan daniyalik futbolchi javob goli urishga yaqin keldi, ammo bu gol bo‘lganida ham hech narsa o‘zgarmasdi. Xuddi Ronalduning zarbasi darvoza to‘sini ustidan emas, ostidan o‘zgarganida ham natijaga jiddiy ta’sir qilishi dargumon bo‘lganidek. Erik ten Hagda muammolar: «MYu» 30 yil ichida ilk bor turni turnir jadvalining so‘nggi o‘rinida yakunladi, bir haftadan keyin jamoani «Liverpul»ga qarshi o‘yin kutmoqda.

Darvoqe, bu tur o‘yinini endi o‘tkazadigan «Liverpul» «Kristal Pelas»ni o‘ta yirik hisobda mag‘lubiyatga uchrata olsa, «MYu»ni so‘nggi o‘rindan yuqoriga olib chiqishi mumkin. 

Ingliz matbuotiga ko‘ra, bu sharmandali natijadan keyin Erik ten Hag futbolchilarni jazolashga qaror qilgan. BBC jurnalisti Saymon Stounga ko‘ra, «Manchester Yunayted» ustozi dastlab rejalashtirilgan dam olish kunini bekor qildi.

Sky Spors insayderi Kave Soleholga ko‘ra, ten Hag futbolchilarga 13,8 km kross yugurish vazifasini bermoqchi bo‘ldi. Bu masofa ramziy ma’noga ega edi. «Brentford» va «Manchester Yunayted» futbolchilarining o‘yin davomida yugurib o‘tgan masofasi orasidagi farq shunday edi: 109,4 km - 95,6 km. Qayd etish joiz: ten Hag haqiqatan ham bu ishni qilganmi yoki yo‘qmi noma’lum. Yoki, masalan, shunchaki tahdid sifatida aytgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki, o‘yindan keyingi kun, ayniqsa, 90 daqiqa o‘ynagan futbolchilar bunday masofaga chopishga majbur etilsa, ma’lum vaqtga safdan chiqib qolishi ham mumkin.

Lekin ten Hag bu natijadan qattiq darg‘azab bo‘lgani aniq. «Sizlar klubning barcha xodimlarini xafa qildingiz. «Yunayted»da o‘ynagan futbolchi g‘isht devorni yorib o‘tishi kerak, bu hatto muhokama qilinmaydi. Aftidan juda ko‘p futbolchilar bu klubda o‘ynashdan qo‘rqayotganga o‘xshaydi», degan murabbiy o‘yindan keyin kiyim almashtirish xonasida.

Tuxel va Konte mushtlashib ketayozdi, ularga qizil ko‘rsatildi

Yakshanba kuni Yevropa futbolidagi asosiy o‘yin ishonchlarni oqladi. Bu mavsumga jiddiy tayyorlangan Antonio Konte jamoasi muhim sinovdan o‘tdi. «Tottenhem» o‘yinni juda tetik boshladi, ammo «Chelsi» ko‘p o‘tmay tashabbusni qo‘liga oldi. Lloris Havers hisobni ochishiga yo‘l qo‘ymadi, ammo Kukurelya burchakdan to‘pni uzatib berganida Kulibali to‘pni to‘xtatmasdan aniq va kuchli zarba bilan darvoza to‘riga joyladi.

Ko‘klar himoyada ham ko‘p ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. Birinchi bo‘limda Mendi Sessenon bilan yakkama-yakka vaziyatda o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Keyinroq Keyn o‘ziga uzatilgan pasga aniq zarba bera olmasdan mehmonlarni kechirdi. Bu gapni Sterling ishtirokidagi epizod bo‘yicha ham aytish mumkin. U jarima maydoni ichida himoyachilarni dog‘da qoldirdi, ammo to‘pni darvoza to‘sini ustidan yuqorilatib tepdi.

Shundan keyin o‘yinda vaziyatlardan foydalana olmaslik borasida burilish ro‘y berdi va Heybergning uzoq masofadan yo‘llagan kuchli zarbasi «Tottenhem»ga muvozanatni tiklash imkonini berdi. Bu golga jarima maydoni ichida dribling qilishga uringan Jorjinoning to‘p yo‘qotishi sabab bo‘ldi - bu vaziyatda to‘p uchun kurashda Havers qo‘pollik ishlatgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo VAR buning uchun «Tottenhem»ning golini bekor qilmasdi, chunki hodisa Mendi qo‘riqlayotgan darvozadan olisroqda va golgacha 44 soniya oldin ro‘y berdi (va «Chelsi» undan keyin ma’lum vaqt to‘pga egalik ham qildi).

Lekin mezbonlarda to‘p tepilgan vaqtda uning yo‘lida turgan Risharlison ofsaydda qolgani savollar tug‘dirdi - u darvozabonga to‘pni ko‘rishda xalal bergan bo‘lishi mumkin. 

Ammo gol hisobga olindi, Konte esa uni jazavaga tushib nishonladi va hakamga e’tiroz bildirish uchun kelayotgan Tomas Tuxel bilan to‘qnashib ketdi, bu esa murabbiylar mojarosini keltirib chiqardi.

Jyeyms «Chelsi»ga hisobdagi ustunlikni qaytargan chog‘da germaniyalik murabbiy revansh olishga qaror qildi va golni «shporlar» zaxira o‘rindig‘i atrofiga yugurib borib nishonladi. Bu gol ko‘klar jamoasiga xos tarzda urildi — Kante to‘pni egallab oldi va o‘ng qanot himoyachisi Sterlingning pasiga ochildi. Ko‘klarning o‘ng qanoti raqibni holi joniga qo‘ymadi, Jyeymsning golidan oldinroq ham uning uzatmasidan keyin Havers juda qulay vaziyatni yo‘qqa chiqargandi.

Ammo ko‘klarning g‘alabasi naqddek ko‘ringanida Keyn burchakdan to‘p uzatilgan vaziyatda «Tottenhem»ni qutqardi. O‘yinga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada u APLda bir jamoa uchun 184-golini urib, Serxio Agueroning rekordini takrorladi. Yana bir aniq zarbadan keyin ushbu forvard London derbilarining eng yaxshi to‘purari Terri Anrini quvib yetadi (43 gol). Bu goldan keyin ham «Chelsi» futbolchilari e’tiroz bildirib, hakam Romeroning Kukurelyaga nisbatan foliga e’tibor qaratmaganini aytishdi - burchakdan to‘p uzatilayotgan vaziyatda «Tottenhem» himoyachisi raqibning sochidan tortib, uni gazonga yiqitgandi.

Shunday ekan, final hushtagi chalinishi bilan hech narsa tugab qolmadi. An’anaviy qo‘l tashlash jarayonida Tuxel Kontening qo‘lini mahkam ushlab turaverdi va o‘zining ko‘ziga qarashni talab qildi. Natijada — murabbiylarning navbatdagi ziddiyati va unga futbolchilar ham aralashdi. Murabbiylarning munosabati derbini yanada qaynoq qildi.

«Men buni ikki futbolchi o‘rtasidagi kelishmovchilikka qiyoslayman, ular biroz janjallashgan, lekin hech narsa bo‘lmagan va hech kim jabrlanmagan. Bu — Premer-liga, ikkala murabbiy ham o‘z jamoalari uchun kurashdi. Hammasi shu, katta gap emas. Ziddiyat bu o‘yinning bir qismi edi», dedi o‘yindan keyin Tuxel.

Ko‘proq yangiliklar: